Tovuqlar nega tosh yutadi?
Koʻpchilik yurtdoshlarimiz hovlisida xoʻroz, tovuq, kurka va boshqa donxoʻr parrandalarni boqadi. Ayniqsa, keyingi yillarda parrandachilik bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Hech kuzatganmisiz, ana shu donxoʻrlar don choʻqilayotganida kichik toshlarni ham butun-butun yutib yuborishadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, kun davomida bu parrandalar 60 gramm, agar katagida toshlar boʻlmasa, 80 gramm don yeyishi kerak boʻladi. Savol tugʻilishi tabiiy, nahotki oddiy mayda toshlar ozuqaning oʻrnini bosa olsa?! Gap shundaki, parrandaning jigʻildoniga tushgan mayda toshlar ular kun davomida yegan barcha ozuqani maydalashga yordam beradi. Ularning oshqozoni yupqa devorli baquvvat mushaklardan iborat. Ular hatto, shisha siniqlari, kichik temir boʻlakchalarini ham ezib hazm qilib yuboradi. Demak, parrandalarning oshqozonidagi toshlar ozuqani maydalovchi tegirmon vazifasini bajaradi.