Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uch ko‘zli nazoratchilar

Qizil yonsa, qimirlamang...

Sariq yonsa, sabr qiling...

Yashil yonsa, yaxshi boring...

Topdingiz, bu svetoforning buyrug‘i. Agar bir zumgina svetofor o‘chib qolsa bormi, yo‘llar tirband, mashinalar harakati to‘xtagan, odamlar ishga, o‘qishga kech qolgan... Ko‘rdingizmi yo‘llar chetida, chorrahalarda qishin-yozin yo‘l harakatini boshqarib turadigan bu “yo‘l nazoratchilari”ning o‘rni beqiyos. Qiziq, ular qachondan beri bizga xizmat qiladi, qachon yaratildi ekan?

Insoniyatning yirik kashfiyotlaridan biri bo‘lmish svetofor turlari uning tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlar to‘plashga harakat qildik. Bu borada bizga kitoblar yaqindan yordam berdi.

Ko‘plab ixtirolar beshigi bo‘lgan London shahri svetoforning vatani hisoblanadi. 1868-yilda ingliz ixtirochisi Jon Pik Nayt Britaniya parlamenti yaqiniga eng birinchi svetoforni o‘rnatadi. U nafaqat svetoforni, balki temiryo‘l transport vositalari uchun aynan svetofor vazifasini bajaruvchi “semofor” moslamasining ham ixtirochisi hisoblanadi. Londonda nur sochgan 1-svetofor hozirgi avlodlaridan ancha farq qilgan. U 2 ta ko‘rsatkichdan iborat bo‘lgan va qo‘l bilan boshqarilgan. Ulardan birining gorizantal ko‘rinishda turishi to‘xtash ma’nosini, 45 gradusdagi holati esa, ogohlik bilan harakatlanishni bildirgan. Kechqurun esa gazfonar yordamida qizil va yashil ranglar yondirilgan, qizil rang harakatni to‘xtatishga buyursa, yashil rang harakatni davom ettirishni anglatgan. Ushbu svetoforning asosiy maqsadi piyodalar yo‘lni bexavotir kesib o‘tishlarini ta’minlashdan iborat bo‘lgan.

Dastlabki elektr yordamida harakatlanuvchi svetoforni AQSH fuqarosi Lester Beyir 1920-yilda ixtiro qiladi. 1914-yili Klevende shtatida boshqa bir AQSH muhandisi Jeymes Xog tomonidan ishlab chiqarilgan 4 ta elektr yordamida ishlovchi svetofor o‘rnatildi. Ushbu svetoforlar xuddi Londondagi kabi yashil va qizil ranglardan iborat bo‘lgan, eng qizig‘i ushbu svetoforlar harakat ishtirokchilariga ovoz yordamida xabar bergan. Oradan 6 yil o‘tib Jon Xarris va Wilyam Pottslarning loyihasi bilan New York va Detroit shtatlarida 3 xil rangdagi svetoforlar ish boshlaydi. Elektr bilan harakatlanuvchi svetofor Yevropada ilk bor Parij shahrida ishga tushirilgan.

 

Qiziqarli faktlar

1) “Svetofordaraxt” – Svetoforning ilk vatani London shahrida 1998-yili fransiyalik haykaltarosh Pierre Vivant tomonidan ishlab chiqilgan. Ajoyib ko‘rinishdagi svetofor tartibni saqlash bilan birga havoni ham tozalaydi.

2) Tailandning Krabi shahrida joylashgan ko‘rsatkichli svetoforni “tosh odam” haykali ko‘tarib turadi.

3) Praga shahridagi nafaqat Chexiyaning balki Yevropaning eng tor yo‘lkasida joylashgan svetofor kishi e’tiborini o‘ziga tortishi tabiiy. Chunki yo‘lkadan bir vaqtning o‘zida faqat 1 ta odamgina o‘ta oladi. Qarama-qarshi tarafdan kelayotgan kishining esa sig‘masligi tayin.

4) Yana bir o‘ziga xos svetoforni Daniyada ko‘rish mumkin. Piyodalar uchun o‘rnatilgan svetoforga tushirilgan jangchi tasviri nafaqat 1849-yildagi Frederitsiya jangini eslatadi, balki harakatni ham tartibga soladi.

5) New Yorkdagi noodatiy svetoforda piyodalar uchun ranglar o‘rnini so‘zlar egallagan. Chunonchi, svetoforda yozilgan “walk” ya’ni “yur” yoki “don’t walk” ya’ni “to‘xta” degani. Svetoforda qizil va oq ranglar ishlatilgan.

 

Barno LUTFULLAYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.