Xalqaro teatr kuni
Mart oyida yana bir muhim sana bayram sifatida keng nishonlanadi. Bu – “27-mart – Xalqaro teatr kuni”.
Teatr madaniyatini dastavval Yevropa zaminida eng qadimiy yunonlar va rimliklar yaratgan. Yunon teatri eramizdan avvalgi V asrda gullab-yashnagan bo‘lsa, Rim teatrining yuksalish davri eramizdan avvalgi III asrning ikkinchi yarmi va II asrga to‘g‘ri keladi. Uning paydo bo‘lishi yunonlarning mistik ruhdagi marosim o‘yinlari bilan bog‘liq. Bu marosimlarni ma’bud Dionisga bag‘ishlangan tomoshalardan iborat rasm-rusmlar tashkil etgan. Dionis – tabiatning bunyodkorlik kuchlari Xudosi hisoblangan.
O‘lkamizda ham bunday tomoshalar qadimdan xalq og‘zaki ijodi, turli dorbozlik va qo‘g‘irchoq o‘ynatish orqali keng tarqalgan. Biroq professional teatr madaniyati o‘tgan XX asrning boshlarida shakllangan. 1914-yili teatr pardasi ilk bor Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” nomli sahna asari bilan ochilgan.
27-mart – Xalqaro teatr kuni 1961-yilda YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta’sis etilgan. Bu sana aynan tok novdalari endigina barg chiqara boshlagan pallaga to‘g‘ri keladi. Teatr san’ati timsoliga aylangan ikki – biri xomush, ikkinchisi kulib turgan niqoblar tasviri ham yuziga bo‘yoq chaplagan qadimgi masxarabozlar tomoshasidan olingan. Hozirgi kunda jahonning 100 dan ziyod mamlakatida 27-mart – teatr san’ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. O‘zbekistonda ham har yili Xalqaro teatr kuni bayramona ruhda turli festivallar bilan o‘tadi. Teatr xodimlarining ushbu an’anaviy bayrami respublikamizdagi 37 ta professional davlat teatri faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ma’naviy hayotimizning boyishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bekmurod ABDURAIMOV