Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

She’riyat bayrami

1999-yil YUNESKO bosh konferensiyasining XXX kongressida “21-mart – Butunjahon she’riyat kuni bayrami”, deb e’lon qilindi. Qarorda “She’riyat insonning eng muhim, dolzarb ma’naviy savollariga javob beruvchi vosita hisoblanadi. Ammo, buning uchun imkon darajasida she’riyatga jamoat diqqatini jalb etish kerak. “Butunjahon she’riyat kuni” zamonaviy shoirlar ijodini targ‘ib qiluvchi nashriyotlar, adabiy klublarga o‘zi haqida imkon qadar kengroq ma’lumot berishi kerak”, deb takidlanadi. Ilk bora she’riyat kuni, YUNESKO shtab binosi joylashgan shahar – Parijda o‘tkazildi.

Jurnalimiz tahririyatiga ham siz, aziz o‘quvchilardan ko‘plab maktublar keladi. Bularning aksariyati, she’r yozishga havasmand yoshlar. She’riyat – murakkab va g‘oyatda boy san’at. U inson qalbining nozik his-tuyg‘ularini, fikr va hissiyotlar harakatini, ehtiroslar kurashi va rivojini estetik aks ettiradi. Uning tasvir imkoni nihoyatda keng. Orangizda she’r yozadiganlar bo‘lsa, ularda rang-barang mavzu topa oladigan, keng va maroqli tasavvurga hamda jozibali ohanglarga boy qobiliyat bo‘lishi kerak. Chunki uning ohang, vazn, qofiyadan tashqari bo‘g‘in, turoq, band, intonatsiya, pauza, urg‘u kabi yana bir qancha yaxlitlikdan iborat mezon va talablari mavjud. Har qanday san’at asarining asosi g‘oya bo‘lganidek, she’r ham g‘oya bilan bunyod bo‘ladi. She’rning bir qatori misra, ikki misrasi bayt, deb ataladi.

She’riyat, uning sehrli olami haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo siz uning mo‘jizaviy sirlarini kelajakda ko‘p o‘qish, izlanish, orqali batafsil o‘rganib, tajriba orttirasiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.