Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaandreyev

Bariga sababchi – mening familiyam. Alifbo tartibi bo‘yicha men jurnalda eng birinchi bo‘lib turaman. Nima bo‘lsa, darrov meni chaqirishadi. Nazarimda, shuning uchun ham hammadan yomon o‘qiyman. Mana Vovka Yakulov – a’lochi. Chunki uning familiyasi jurnalda eng oxiri turadi. Uni doskaga chaqirishguncha eh-hey! Bemalol topshiriqni kitobdan o‘qib, yodlab olish ham mumkin. Men esa hech kimdan yordam so‘rashga ulgurmayman.

Nima qilish kerakligini juda ko‘p o‘yladim. Ovqat paytida ham, uyqudan oldin ham. Hatto bir kuni hech kim xalaqit bermasin, deb kiyim javoniga kirib oldim. Shu yerda o‘tirib miyamga bir dono fikr keldi. Ertasi kuni sinfga kirib hammaga yangilikni e’lon qildim.

– Bugundan boshlab men Andreyev emas – Yaandreyevman.

– Tushunmadik. Qanday qilib? Axir sen doim Andreyev bo‘lgansan. O‘zingdan o‘zing birdan Yaandreyev bo‘lishing mumkin emas. Bunday familiya bo‘lmaydi.

– Nega endi bo‘lmas ekan. Mana menda bo‘ladi-da!

O‘qituvchimiz Aleksandra Petrovnaning yoniga borib:

– Menda yangilik bor, familiyam Yaandreyev bo‘lib o‘zgardi. Shuning uchun bundan keyin jurnalda oxirgi bo‘lib turaman. Meni oxirgi qatorga yozib qo‘ysangiz, – dedim qat’iy ohangda.

– Bu yana qanday hunar? – ustozning jahli chiqdi.

– Bu hunar emas. Shu yo‘l bilan men yaxshi o‘qib, baholarimni to‘g‘rilamoqchiman-ku?! – dedim jig‘ibiyron bo‘lib.

– Ha-a, shunaqami? Unda yaxshi! Bo‘lmasa, Yaandreyev javob berishga chiq, avvalgi “ikki”ngni to‘g‘rilash kerak.

Men tilimni tishlab qoldim. Rejam ish bermadi. Menimcha, a’lochi bo‘lish uchun familiyaning ahamiyati yo‘q. Endi dars tayyorlashdan boshqa choram qolmadi.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.