Yetti xazina
– Buvijon, yetti xazina nima degani? – deb so‘radi kunlarning birida maktabdan qaytgan Azizbek buvisidan. – O‘qituvchimiz keyingi darsgacha shuni kattalardan so‘rab, bilib kelinglar, deb topshiriq berdi. Menga shu haqida gapirib bering.
– Yaxshi, aytib beraman. Sen avval kiyimlaringni almashtirib chiq.
Kiyimlarini almashtirib chiqqan Azizbek bir ozdan so‘ng buvisining qarshisiga kelib o‘tirdi.
– Unda diqqat bilan eshit. Mening aytganlarim hayotda senga ko‘p asqotadi.
Qadimdan ajdodlarimiz yetti xazina deb quyidagilarni tushunishgan: sigir, tovuq, asalari, ipak qurti, moyjuvoz, tegirmon va o‘rmon. Nima uchun ularning xazina deb atalishi borasida endi bir fikr yuritib ko‘ramiz.
Yetti xazinaning birinchisi – Sigir (qo‘y, echki kabi). Chorva – oilaning bulog‘i, ya’ni to‘yintiruvchisi. Qadimdan sigirning go‘shti va sutidan foydalanib kelingan. Bundan tashqari uning terisidan charm ham tayyorlanadi. Barcha xalqlarda sigirni kaltaklash yoki oyoq bilan tepish qoralanadi. Musulmonlar orasida esa bu gunoh hisoblanadi. Uni yaxshi parvarishlash, vaqtida sug‘orish, vaqtida yem berish zarur. Bu borada hikmatlar ham bor: “Sigirning suti yelinida emas – oxurida”, “Sigirni silasang, beradi yemish” kabi.
Yetti xazinaning ikkinchisi – tovuq, ya’ni parranda. Tovuqning go‘shti va tuxumi odamlarni boqadi, to‘ydiradi. Bir tovuq bir yilda 200-250 tagacha, zotdor tovuq esa 300-350 tagacha tuxum beradi. Tovuqdan 1,7 dan 2,2 kilogramgacha, xo‘rozdan 2,5 dan 3 kilogramgacha, go‘shti uchun boqilayotgan tovuqlardan esa 2,5 dan 4 kilogramgacha go‘sht olinadi. Ular atrofdagi zaharli hasharotlarni terib yeydi.
Yetti xazinaning navbatdagisi – bu asalari. Uni hammamiz yaxshi bilamiz. Juda zahmatkash, tinim nimaligini bilmaydigan hasharot hisoblanadi. Asalidan, mumyosidan, hattoki davolanish uchun zaharidan ham foydalanamiz. Asalari gullarni changlatadi. Bu mehnati bilan tabiatga katta foyda keltiradi. Asal – ming dardga davo, deb bejizga aytilmagan.
To‘rtinchisi – bu ipak qurti. Ipak qurtidan pilla olinib, pilladan ipak olinadi. Opa-singillarimiz kiyayotgan xon atlaslar ipakdan to‘qiladi. Ipak, ya’ni shoyi qimmatbaho mahsulot hisoblanadi. Dunyo bozorida shoyi mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan yilga ortib bormoqda.
Moyjuvoz qadimda objuvoz deyilgan. Zig‘ir, kunjut singari o‘simliklarning moyini olishda ushbu moslamadan foydalaniladi. Zig‘ir, kunjut moylari hozir ham xalqimiz orasida qadrlanadi. Moyjuvozi bor ishbilarmonlarning ishi hamisha yurishgan, topish-tutishlari yaxshi bo‘lgan.
Yetti xazinaning yana biri – tegirmon. Tegirmon qanday vazifani bajarishini bilamiz. U donli mahsulotlarni yanchib un qiladi. Bundan tashqari guruch tegirmoni ham bor. Bunday tegirmonlarda guruch oqlanadi. Olingan un va guruch mahsulotlari esa xalqimiz ro‘zg‘origa baraka beradi.
Yetti xazinaning so‘nggisi – o‘rmon, ya’ni o‘rmon xo‘jaligi. O‘rmon boyliklarini bilamiz. Daraxtlardan qurilishda foydalaniladi. O‘rmonlardan turli dorivor giyohlar, ziravorlar va mevalar, qo‘ziqorinlar terib olinadi.
Hozirda yuqoridagi sanab o‘tilgan yetti xazinaning biri bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar kam bo‘lishmayapti. Halol mehnati orqasidan ham elga foyda keltiryapti, ham o‘zlari daromad topishyapti, oilasini tebratyapti. Sen ham kelajakda shu yetti xazinaning biron tarmog‘i bilan shug‘ullansang, baraka topasan.
– Rahmat, buvijon. Yetti xazinaning nima ekanligini menga juda yaxshi tushuntirib berdingiz. Ertadan tovuqlarimizga yanayam yaxshiroq qarayman. Axir, u ham yetti xazinaning biri ekan-ku!
Ravshan ISOQOV