- Rukn: Ertaklar
Donald BISSET
Bir kuni Zulmat Oy bilan berkinmachoq o‘ynabdi. U uylar, mo‘rilar ortiga o‘tib olib, oy nuri yetib kelgunicha o‘sha yerda berkinib o‘tiribdi. Ba’zida esa ko‘chada daydib yurgan it yoki mushukning orqasiga yashirinib olibdi. Xullas, Oydan berkinish unga qiyinchilik tug‘dirmabdi.
Lekin Quyosh chiqqanidan so‘ng hammasi o‘zgaribdi.
– Endi shoshmay tur, – debdi Oy, – ko‘ramiz, Quyoshdan qanday qochib qutular ekansan!
– Maktabga ketayotgan bolalarning ortiga o‘tib, ularning soyasiga aylanib olaman, – debdi Zulmat.
– Yaxshi o‘ylabsan, lekin bolalar maktabga kirib ketishgach nima qilasan? Yaxshisi, azizim, yerning narigi tomoniga o‘tib berkin, bo‘lmasa Quyosh seni tutib olishi aniq.
– Tuta olmaydi, mana ko‘rasan, – deb javob beribdi Zulmat.
Lekin baribir Quyosh ko‘tarilganda Zulmat yerning boshqa tomoniga o‘tib olibdi va u yerda qorong‘I tushibdi. Bu yerda esa faqat uning mayda bo‘laklarigina Quyosh bilan berkinmachoq o‘ynash uchun qolibdi.
Ular vaqtini chog‘ o‘tkazishibdi. Ba’zilari odamlar, hayvonlarning soyasiga, ayrimlari hatto qushlarning soyasiga aylanib olishibdi. Lekin quyosh ularni topib olaveribdi. Zulmatning bitta parchasigina qo‘lga tushmay qolibdi.
– Seni ham tutib olaman, – debdi Quyosh. – Qayerga berkinishingni menga qizig‘I yo‘q.
– Tuta olmaysan, – debdi Zulmat. – Sen hech qachon topolmaydigan joyni bilaman. Ko‘zingni yumib, o‘ngacha sana, ungacha men yashirinib olaman.
Quyosh bulut ortiga kirib ketibdi va o‘ngacha sanabdi. Keyin yana tashqariga chiqibdi.
– Aftidan, u biror odamning soyasiga aylanib olibdi, shekilli, – deb o‘ylabdi Quyosh. U hamma joyni qarab chiqibdi, lekin Zulmatni topa olmabdi. Bir kun qidiribdi, ikki kun qidiribdi, baribir topolmabdi. Quyosh uni haligacha izlab topolmas ekan. Chunki Zulmat juda yaxshi joyga – zina ostidagi qaznoqqa yashirinib olgan ekan.
– Bu yer juda ajoyib ekan, – o‘ylabdi u. – Endi butunlay shu yerda qolaman.
Shuning uchun zina ostidagi qaznoq doim qorong‘I bo‘lar ekan.
Ingliz tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi