- Rukn: Ertaklar
Qadim zamonda juda olis tomonda ko‘rkam bir shahar bo‘lgan ekan. Shaharni aqlli, xalqparvar, adolatli hokim boshqarar ekan. U har bozor kuni oddiy fuqaro libosini kiyib xalq orasida yurar, qanday hodisa va yangiliklar bo‘lsa, barchasidan xabardor ekan. Hokimning xizmatkorlari buni bilmas ekanlar. Shunday kunlarning birida bozor aylanib yurgan hokim o‘z o‘g‘lini bir navkari bilan ko‘rib qolibdi va ortidan kuzata boshlabdi. Ular ovqat yegani bozordagi yemakxonaga kiribdi. Ovqatlanib bo‘lgach oshpazga “Men hokimning o‘g‘liman”, deya taom haqini to‘lamay chiqib ketibdi. So‘ngra temirchining do‘koniga kirishibdi. U yerda yasalgan ajoyib qilichlarni ko‘rib, bir donadan olishibdi. Bu yerda ham hokimning o‘g‘li “Men hokimning o‘g‘liman”, deya qilich haqini bermabdi. Buni kuzatib turgan hokimning nihoyatda jahli chiqibdi. Saroyga qaytib, xizmatchilarga xaloyiqni bozorga yig‘ishni buyuribdi. Ular buyruqni bajarib barchani bozorga yig‘ibdilar. Hokim xizmat kiyimida, chiroyli otiga minib navkarlari bilan xaloyiq orasiga kirib boribdi. O‘g‘li va uning yonidagi navkarni maydon o‘rtasiga chiqarishni buyuribdi. Ular o‘rtaga chiqqach, hokim oshpaz va temirchini chaqiribdi. Oshpaz va temirchi “Nima ayb ish qilibmiz?” deb qo‘rqib ketishibdi.
– Xaloyiq, menga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun o‘g‘lim va qo‘l ostimda ishlaydigan navkarim bu ikki fuqaroga tegishli bo‘lgan narsalarni olib, mening nomimni aytib haqini to‘lashmagan, – deya oshpaz va temirchiga qarabdi hokim. Ular:
– Biz bu haqda sizga ham, boshqalarga ham aytganimiz yo‘q-ku, siz qayerdan bildingiz? – deb so‘rashibdi. Hokim ularga hech narsa demasdan o‘g‘li va navkariga qarab:
– Aybingizni tan oling, – debdi. Ular ayblariga iqror bo‘lishibdi.
– Buyuraman, bu ikkisiga ham qilgan jinoyatlari uchun hozirning o‘zida, xalq ko‘z o‘ngida o‘n darradan urilsin, – debdi hokim. Hukm o‘sha zahoti ijro etilibdi. Hokim darrani qo‘liga olib:
– Bular o‘z aybiga yarasha jazo olishdi, endi o‘g‘lining qilgan aybi uchun otasi qanday jazolashini ham ko‘ring, – deya o‘g‘lining qontalash badaniga yana o‘n darra uribdi va:
– Bu hammaga saboq bo‘lsin, kimningdir xizmatidan foydalandingizmi, darhol uni rozi qiling, – debdi. O‘g‘lidan ularning haqini undirib beribdi. Xalq bu voqealarni ko‘rib hokimning nechog‘liq adolatli ekanligiga yana bir bor amin bo‘libdi. O‘g‘il esa o‘z aybini tushunib yetibdi.
Sodiqjon NOSIROV