- Rukn: Ertaklar
Bahor kelib jiyda gulining kishini mast qiluvchi o‘tkir ifori atrofga taralibdi. Uning yonidan o‘tganlar bu daraxtning ajib atridan, go‘zalligidan zavqlanib tomosha qilisharmish. Nainki odamlar, hatto bolarilar, tillaqo‘ng‘izlar, turli qushlar ham jiydaning shirin bo‘yidan sarmast bo‘lib, atrofidan ketolmas ekan. Tabiatning bu jajji mavjudotlari bir kuni bahslashib qolishibdi:
– Nima uchun jiydaning barglari oq? Go‘yo baxmalga o‘xshaydi, – debdi bog‘dagi bir gul.
– Shoxlari shirin shovullab hammani birdek o‘ziga rom etadi, – bu maqtovga qo‘shilibdi kapalaklar. Shunda xonqizi:
– Voy, qaranglar, kecha uning dovuchchalari yo‘q edi, bizning maqtovlarimizdan bo‘y cho‘zdimikan-a? – debdi.
– Yo‘q, erkalashimizdan suyunib, barglari orasidan so‘zlarimizga quloq solayotganga o‘xshaydi, vo ajab... Barglari buncha nafis bo‘lmasa?
Ular jiyda gullarining bir kunda dovuchchaga aylanib qolganligidan hayratlanibdi. Shunda jiyda:
– Men sizlardan berkinmadim, qochmadim. Aksincha, barchangizga birdek yoqishim boisini aytmoqchiman, – debdi.
Daraxt-u hasharotlar o‘zaro ma’noli qarab qo‘yibdilar.
– Men hozirgina safardan qaytdim.
Qushlar, hasharotlar bu gapdan ajablanishibdi.
– Gullarimni odamlar ham to‘yib-to‘yib hidlashini bilasiz-a?
– Ha.
– Buning boisi, bir kechada muqaddas qadamjoni ziyorat qilib kelganimdan, – debdi jiyda.
– Qanday qilib bir kechada shuncha uzoq manzilga borib kela olding? – ishonqiramay so‘rabdi xonqizi.
– Bahor kelishini intiqlik bilan kutganimdan barglarim oqarib ketadi. Ba’zilar oq barglarimni ko‘rib, qarib qoldingmi, deyishadi. Aksincha, men yosharganimdan, yasharish fasli bahorga yetganimdan shodlangan barglarim kumush rangda tovlanadi. Keyin chamandek gullayman. Oltindek sap-sariq mitti gullarim iforidan mast bo‘lib olis yurtga yo‘l olaman. Ziyoratimdan so‘ng esa men yanada go‘zallashaman. Gullarimning hammaga birdek yoqishi, takrorlanmas xushbo‘yligi, mevalarimning shifobaxshligi sababi shundan.
Uning hikoyasini tinglagan daraxtlar egilib, go‘yo uzoq yurtdan qaytgan birodari bilan ko‘rishgandek bo‘libdilar. Shamollar jiyda shoxlarini silab-siypalab gullar atrini olis-olislarga olib yelishibdi. Jiyda bundan mamnun silkinibdi. Bog‘ jiyda gulining mayin bo‘yiga to‘libdi. Qushlar quvnab-quvnab bazm qurishga tushibdi. Xonqizi-yu kapalak, bolari-yu tillaqo‘ng‘izlar quvnab raqsga tushibdilar. Bog‘ ichi quvnoq kulgiga, jarangdor nag‘malarga limmo-lim to‘libdi.
Valida ABDUG‘AFFOR qizi