Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kunlarning birida o‘z kuchiga qattiq ishongan Shamol Yomg‘irga debdi:

– Yomg‘irvoy, dunyoda hamma narsadan ko‘ra men qadrlimanmi, deyman-da. Ayniqsa, yozda meni hamma izlab qoladi. Shunday emasmi?

– Ha, to‘g‘ri, – javob beribdi Yomg‘ir. – Sen juda keraklisan. Balki shuning uchun ham sening kuching ko‘pdir-a?

– Albatta, men juda kuchliman. Endi sen yog‘masang ham bo‘laveradi. Bitta o‘zim hammasini – sening ishlaringni ham bemalol bajara olaman, – maqtanibdi Shamol.

– E, yo‘q. Bunday qila olmaysan, chunki tabiatda har bir narsaning o‘z o‘rni, o‘z vazifasi bor. Bahor va kuz oylarida men orqali sug‘oriladigan o‘simliklar, daraxtlar juda ko‘p. O‘zimni maqtamoqchi emasman, lekin o‘z ishimda men ham tengsizman, – debdi Yomg‘ir.

Bundan Shamolning jahli chiqibdi.

– Bu gaplaring bilan o‘zingni mendan kuchliman deb o‘ylayapsanmi? – debdi u va Yomg‘ir bilan olisha ketibdi. Natijada chaqmoq chaqibdi, tinimsiz yomg‘ir yog‘ibdi, kuchli shamol esibdi. Bularga dosh berolmagan katta daraxtlar yerga qulabdi, o‘simliklar loyga qorishib ketibdi. Tortishuvning oqibatini ko‘rgan Yomg‘ir qilgan ishidan qattiq afsuslanibdi. Shamol esa kerilgancha, hech narsa qilmagandek turaveribdi. Yana janjallashishni istamagan Yomg‘ir o‘zga yurtlarga bosh olib ketibdi.

Oradan ancha vaqt o‘tibdi. Bu orada Shamol Yomg‘irning ham o‘rnini bosishga harakat qilibdi. Lekin har qancha urinmasin, Yomg‘irni sog‘ingan o‘simlik va daraxtlar quriy boshlabdi. Shunda Shamol o‘z xatosini tushunibdi va Yomg‘irni izlashga kirishibdi. Yo‘lda uchragan o‘t-o‘lanlardan, daraxtlardan so‘rab-surishtirib, oxiri Yomg‘irni topibdi. Shamol qilgan xatolari uchun undan kechirim so‘rabdi. Va birga qaytib, u yerlarni ham gullab-yashnatishga yordam berishini iltimos qilibdi. Shu voqeadan keyin Shamol bilan Yomg‘ir o‘z kuchlarini dunyoni yanada ko‘rkamlashtirishga sarflaydigan bo‘lishibdi.

 

Sapura TEMIRXANOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi QDU qoshidagi 1-sonli akademik litsey o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.