Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bahor kelib kunlar isibdi, tuproqqa urug‘lar qadalibdi. Quyosh taftini his qilgan tuproq darhol vazifasini ado etmoqqa shaylanibdi. Bag‘riga bosgan urug‘larga ko‘kdan ingan farmonni yetkazibdi. Urug‘lar kuch to‘plab, qobiqlarini yoribdilar. Hayot boshlanibdi. Endi ularni hech nima to‘xtatib qololmabdi. Shafqatli ona tuproq bag‘ridan yer yuziga chiqishibdi. Ildizlari tug‘ilgan makonlarida qolibdi. Ular juda nimjon ekan. Oppoq, zaif tanlari sovuqdan dir-dir titrar ekan. Marhamatli quyosh ularga eng mayin nurlarini yo‘llabdi. Oqish ranglar sarg‘imtir, keyin och yashilga, kunlar o‘tgan sayin yam-yashilga aylanaveribdi. Kunduzlari qushlarni, kapalaklarni, atrofida unga kulimsirab boqqan insonlarni ko‘rib quvonishibdi. Shabada esganda yaproqlarini shildiratib raqsga tushishibdi. Yomg‘ir yoqqanida bargchalariga yopishgan changlarni yuvib cho‘milishibdi. Quyosh va tuproqdan kuch olib o‘sa boshlashibdi.

Bir chechak bor ekan, chiroyli, tannoz. Bog‘da gullarni parvarish qiluvchi ayol uni O‘rtanchaxon deb erkalar ekan. O‘rtanchaxon juda o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zini hammadan go‘zal deb bilar va buni abadiy deb ishonar ekan. U qobig‘ini yorib chiqqanidayoq, qobiqlariga nafrat bilan boqib: “Sizmidingiz meni qafasda tutib turgan? Qo‘lingizdan nima keldi? Mana endi men yer yuziga chiqaman. Siz esa shu yerda kun ko‘rmay chirib ketasiz!” deya o‘shqiribdi. Bechora qobiqlar aybdordek ajablanib “Bizda nima gunoh? Biz sizni sovuqda nobud bo‘lishdan asrab keldik. Yana qurt-qumursqaga yem bo‘lishdan qo‘ridik”, deyishibdi. O‘rtanchaxon bunga parvo ham qilmay yuqoriga intilibdi. Yer yuziga chiqib olgach esa, barglariga o‘rmalab chiqayotgan xonqiziga maqtanibdi: “Bilasanmi, qancha to‘siqlarni oshib chiqdim?! Oldiniga qobiq bilan kurashib uni parchaladim. Keyin tuproq va kesaklar bilan olishib, ularni ham yengdim”. Xonqizi kulib qo‘yib yo‘lida davom etibdi.

Tuproq bu gaplarni eshitib xafa bo‘libdi: “Men bag‘rimda seni asrab-avayladim. Quyosh nur socha boshlashi bilan ularni yig‘ib senga, opa-ukalaringga yetkazdim. Topgan-tutgan o‘g‘itlarimni sizlarga sarfladim. Unday noshukur bo‘lmagin-da, qizim”, debdi.

Quyosh qizdirgani sayin yaproqlari yoyilib, g‘unchalari to‘lishib, bir husniga ming chiroy qo‘shilib borayotgan O‘rtanchaxon burnini jiyirib, “Jonimga tegdi shu ta’na-dashnomlaringiz. Fursat topdi deguncha, o‘zingizni bechora qilib ko‘rsatasiz. Qachon o‘z holimga qo‘yasiz? Vazifangiz shu bo‘lgach, qilasiz-da! Bo‘ldi, ko‘p gapirmang!” deb jerkib beribdi.

Bechora tuproq aytgan gapiga pushaymon bo‘lib indamay qolibdi.

Bir kuni O‘rtanchaxon qarab tursa, baland xonadonning ayvonida ko‘zni qamashtiradigan bejirim, rangdor tuvaklarda turfa gullar ochilib yotganmish. Go‘zal bir qizcha esa ularga suv quyib parvarish qilayotganmish. Buni ko‘rgan O‘rtanchaxon yana alamini tuproqqa to‘kibdi:

– “Koshki meni ham o‘sha tuvaklarga ekishganida... Men ham ulardek asl, zarif ko‘rinardim. Quyosh nurini ham eng birinchi men qarshi olardim. Mendan ortganini bog‘dagi jaydari chechaklar olardi... Hamma maysalar, gullar qizg‘angan bo‘lardi... Ayniqsa, sizdan qutulgan bo‘lardim”, debdi.

Tuproq ko‘z yoshlarini ichiga yutibdi. Bechoraning ko‘z yoshlari ham o‘t-o‘lanlarga hayot bag‘ishlarkan. Odamlar, yovvoyi o‘t, deb uzib tashlaydigan o‘simliklar, aslida tuproqning ko‘z yoshlaridan unib chiqqan nolalar ekan.

“Quyosh hammaga barobar nur sochadi, qizim. U asl, jaydari deb ajratmaydi. Giyohga, qurt-qumursqaga, insonlarga ham. Tuproq ham bag‘ridan ungan giyohlarga birdek shafqatli. Ammo bu gaplarga O‘rtanchaxon quloq ham osmabdi.

O‘rtanchaxon savatchasida o‘nlab, yuzlab g‘unchalarni tutib quyoshda toblay boshlabdi. Quyosh nuridan kuch olgan ilk g‘uncha nimjon yaproqchalarini ochibdi. Ikkinchisi ham harir pushti yaproqchalarini yozib atrofga boqibdi. Kapalak endigina ochilib ko‘zni qamashtira boshlagan gulg‘unchaga qo‘nibdi. O‘rtanchaxon u bilan suhbat qurgisi kelib gap boshlabdi: “Qanotlaring namuncha go‘zal sening? Koshki, men ham kapalak bo‘lsam edi. Guldan gulga qo‘nib, qo‘shiq aytib, xush-xandon kun kechirar edim. Manavi tuproqning diydiyolarini tinglab kunim o‘tmasdi”.

Kapalak uning gaplariga kulib, uchishda davom etibdi.

Ertasi kuni yana bir necha tuguncha ichidagi pushti ipak yaproqchalar paydo bo‘libdi. Uchinchi kuni savatchadagi barcha g‘unchalar quchoq ochib quyoshga boqibdi. Go‘yo ko‘kdan allaqancha yulduz savatchaga yig‘ilgandek turarkan. O‘rtanchaxonning go‘zalligiga hamma maftun bo‘libdi. O‘tgan-ketgan uning chiroyini maqtar ekan. O‘rtanchaxon atrofiga alanglabdi. Shapaloqdek yaproqlari boshqa gullarni to‘sib turganmish. Ularga qarab kalondimog‘lik bilan debdi: “Hoy, yaproqjonlar, sizlarga juda hayronman-da. Buncha yoyilib-yalpaymasanglar? Go‘zalligimni boshqalar ko‘rmasin deya atayin to‘sib turishingizni bilmaydi, deb o‘ylaysizlar chog‘i! Sizlardan nafratlanaman”.

Yaproqlar bundan xafa bo‘lishibdi: “O‘rtanchaxon, bu nima deganing? Bu dunyoga kelgan har jon o‘z rizqi, o‘z vazifasi bilan keladi. Bu olamda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan zarraning o‘zi yo‘q. Biz bo‘lmasak, sen buncha go‘zal bo‘lolmasding. Biz borligimiz uchun sen borsan, unutma. Sen go‘zalligingga ko‘p ham ishonaverma! Boshqalarni xafa qilib besh kunlik dunyoda hayotdan bezdirmagin!”

O‘rtanchaxon battar kibrlanib javob qaytaribdi: “Bu nima deganingiz? Siz o‘zingizni qanday qilib men bilan tenglashtirasiz? Bu gapga kulaymi, yig‘laymi? Siz bor-yo‘g‘i yaproqsiz, shapaloqdek, yuzi taram-taram yaproqsiz. Men esa gulman, go‘zalligim tillarda doston, meni ko‘rganda insonlarning bahri-dili ochiladi. Hidlab ko‘rishadi. Menga tabassumlar hadya qilishadi. Sizlarga-chi? Haddingizni biling...”

Bu gaplarni guldan gulga qo‘nib bol yig‘ayotgan asalari eshitib, kulib qo‘yibdi-da, yana ishida davom etibdi.

O‘rtanchaxon bir payt qarasa, nariroqda kungaboqar bo‘y cho‘zib quyosh bilan tillashayotgan ekan. Unga qarab havasi kelibdi. O‘zining bo‘yiga qarabdi. Keyin: “Hammasiga shu tanim – novda o‘lgur sababchi! Agar shu landavur tanim meni qizg‘anmaganida men ham kungaboqardek uzun bo‘yli, qaddi-qomatli bo‘lardim. Undan nafratlanaman”, debdi.

Bu gaplarni jimgina tinglab o‘tirgan daraxt shoxidagi qushcha ajablanib bir sayrabdi-yu, uchib ketibdi.

Shu kungacha gulni boshida ko‘tarib turganidan shod-xursand novdaning bir onda kayfiyati tushib ketibdi. Boshidagi savat gulni toj deb bilgan novdaning qaddi dol bo‘libdi. Endi unga toj juda og‘irlik qila boshlabdi. Sekingina gap boshlabdi: “Bu gaping og‘ir botdi menga. Tuproqni yorib chiqqan kunimdan beri bor ildizimdan, tuprog‘imdan, quyoshdan, havodan kuch olib senga, yaproqlarga sarfladim. Bu gaplaringni eshitishga arziydigan nima xato qildim? Yolg‘iz holda qo‘lingdan hech nima kelmaydi. Biz bo‘lmasak sen ham bo‘lmasding...”

O‘rtanchaxon bunday gaplarga quloq solib o‘tiradiganlardan emas ekan. Novdaning gapini shartta bo‘lib debdi: “Aslida hammangiz menga rahmat ayting. Mening borligim uchun sizga ham qarashadi. Men bo‘lmasam, sen qobiq nima ishga yararding? Sen-chi, tuproq, agar men bo‘lmasam senga kim suv quyardi, kim o‘g‘it solardi? Shalpaygan yaproq, ayt-chi, mensiz nima ishga yararding? O‘t o‘rnida molga berishardi, bildingmi? Ildizni ham ro‘kach qilma, uning ham mensiz bir tiyinlik qimmati bo‘lmasdi. Quyoshning ma’nosini ham hech kim anglay olmasdi. Yomg‘irning maqsadini hech kim tushunmasdi. Dunyoning mazmun-mohiyati menda! Nahotki, shuni tushuna olmaysizlar?!”

Quyosh O‘rtanchaxonning isyonkor gaplaridan uyalib bulutlar orasiga kirib ketibdi. Osmonni qop-qora bulutlar qoplabdi. Issiq havo bilan sovuq havo to‘qnashib, chaqmoqlar chaqibdi. Shamol shiddat bilan esa boshlabdi. O‘rtanchaxon qo‘rquvdan yig‘lab yuboribdi. Tuvakdagi gullardan yordam so‘ramoqchi bo‘libdi. Shamol ularni allaqachon ayvondan uloqtirib tashlagan ekan. Xonqizidan yordam so‘ray desa, u havoda pirpirak bo‘lib uchib ketayotganmish.

Kapalakdan yordam so‘ramoqchi bo‘lib qidiribdi. Uni ham topolmabdi. Kungaboqardan yordam so‘ramoqchi bo‘lib qarasa, shamol uni sindirib yer bilan yakson qilgan ekan. Qushchadan yordam kutibdi. U ham shamoldan qo‘rqib iniga kirib ketgan ekan. Shu payt tuproq qa’ridan sado kelibdi: “Qo‘rqma, sen bizga ishon!!!” Ildiz tuproqqa bor kuchi bilan yopishibdi. Tuproq uni qattiqroq bag‘riga bosibdi. Novda shamolga qarshilik qilmay egilib, chayqalib sinishdan saqlanibdi. Yaproqlar gulni o‘rab, shamolda tarqab ketishidan qo‘ribdi...

Tong otib quyosh chiqibdi. O‘rtanchaxon o‘ziga kelib atrofiga qarabdi. Savatchasida bir necha dona pushti ipak yulduzcha qolibdi. Yaproqlarining yarmini shamol uchirib ketibdi. Gavdasi egilib-bukilishdan ancha aziyat chekibdi. Ildizining bir qismi tuproq ustida oqarib ko‘rinib qolibdi. Tuproq haliyam uni bor kuchi bilan tutib turgan ekan...

O‘rtanchaxon ularga qanday tashakkur aytishni bilolmay xijolat bo‘libdi. Shunda tuproq tilga kiribdi: “Qizim, ko‘rdingmi, seni go‘zalliging emas, balki sen nafratlanadigan yaqinlaring asrab qoldi. Abadiy deb o‘ylagan chiroying o‘tkinchi ekanligini anglagandirsan. Endi aqlingni yig‘ib, qolgan gulchalaringni avayla, o‘zingdan urug‘ qoldir. Men ularni to bahorgacha bag‘rimda asrayman. Erta bahorda ular ham senga o‘xshab unib chiqishadi. Rango-rang gullari bilan ko‘rganlarga xush kayfiyat ulashadi...”

O‘rtanchaxon o‘ziga bino qo‘yishdan voz kechib bor vaqtini, mehrini, e’tiborini savatchasidagi gulchalar parvarishiga bag‘ishlabdi. Bu vaqt mobaynida atrofidagilarning qadriga yetishni, boriga shukur qilishni o‘rganibdi. Har kuni erta tongda ko‘z ochishi bilan quyoshga, tuproqqa, yaproqlariga, taniga, qushlarga, qurt-qumursqa-yu qo‘ni-qo‘shnilariga salom beradigan bo‘libdi. Shikoyat qilishni butunlay to‘xtatibdi. Atrofidagilarga mehr-muhabbat va tabassum bilan boqishni odat qilibdi. Shunda hayotning naqadar go‘zal ekanligini his qilibdi. O‘rtanchaxon umrining oxirigacha ich-ichidan quvonib shod-u xurram yashabdi.

 

Ma’rufjon YO‘LDOSHEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.