- Rukn: Ertaklar
Deraza tokchasida tuvakka ekilgan pion guli turar edi. Pion ochilgan gullari bilan shu xonadonga yanada fayz baxsh etardi. Vaqt o‘tib gulning tomirlari tuvakda qisilib, yaxshi o‘smay qolibdi.
Bir kun tuvak pion guliga qarab: “Sen bir kun ham mensiz yashay olmaysan. Shuning uchun ham mendan bir umr qarzdorsan, doimo xizmatimni qilishing kerak. Sening gullab yashnashingni asosiy sababchisi menman, buni butun olam ichida tan ol!” – debdi.
Shunda pion gul: “Menga hayot baxsh etgan ona yerim, shoxlarimni yashnatib o‘stirgan saxovatli quyosh bo‘ladi. Sening uyingda tomirlarim siqilib qolmoqda”, – debdi. Tuvakning jahli chiqibdi: “Ey nodon, men o‘zim kichkina bo‘lsam-da, bag‘rim keng”, – debdi qizishib.
Shu payt qattiq shamol esib, derazani ochib yubordi. Bechora tuvak guli bilan yerga tushib, sindi.
Uy egasi gulni yerga ekib qo‘ydi. Pion gul ona yer bag‘rida yayrab-yashnab, avj olib o‘sdiki, uni ko‘rgan atrofdagi odamlar havas qilib, ko‘chatidan uylariga olib ketdilar. Uy egasi tuvak siniqlarini axlatga tashlab yubordi.
Daminjon PIRMATOV,
Marg‘ilon shahar Pedagogika kolleji o‘qituvchisi