Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tatar xalq ertagi

 

Qadim zamonda boy savdogar yashagan edi. Uning turli mamlakatlardan keltirilgan qimmatbaho buyumlari juda koʻp edi. U qayerga bormasin esdalik uchun biror yaxshi narsa olib qaytardi.

Savdogarning uyida bir bulbul bor edi. U kumushdan yasalgan katta va chiroyli qafasga solingan edi. Savdogar undan hech narsani ayamasdi. Xizmatkor bulbulga har kuni tongda, tushlikda va oqshomda sadaf idishda suv va eng sara donlardan olib kelardi. Bulbul gʻam-tashvishsiz, farovon yashardi. Kuylashda unga yetadigani yoʻq edi.

Savdogar uning quvnoq sayrashini eshitib, “U erkinlikdan koʻra, mening uyimda baxtliroq yashayapti”, – deb oʻylardi.

Bir kuni savdogar boshqa mamlakatga ish yuzasidan safarga otlandi. Bundan xabar topgan bulbul savdogardan iltimos qildi:

– Xoʻjayin, siz mendan hech qachon yaxshiligingizni ayamadingiz. Yana bir iltimosimni bajarsangiz. Siz hozir mening yurtimga ketyapsiz. U yerdagi anorzorda qarindosh-urugʻlarim yashaydi. Ularga salomimni, hech narsadan qiynalmasdan sogʻ-salomat yashayotganimni yetkazib qoʻysangiz.

– Yaxshi, aytganingdek qilaman, – debdi savdogar va yoʻlga tushibdi.

U manzilga yetib kelib, mollarini sotib boʻlgach, bulbul aytgan bogʻni izlashga tushdi. Uzoq yoʻl yurib, nihoyat, gʻoyatda chiroyli bir bogʻga duch keldi. Bogʻda son-sanoqsiz gullar ochilib yotardi. Yon-atrofdan esa yoqimli, muattar hid taralardi. Daraxtlarning bir shoxida bulbullar qoʻnib olgan va jarangdor ovoz bilan qoʻshiq kuylardi. Ulardan biri, ayniqsa, shunday jozibali ohang bilan sayrardiki, har qanday odam beixtiyor tinglashga tushar edi.

“Men izlayotgan qushlar shular boʻlsa kerak”, – deb oʻyladi savdogar va daraxtga yaqinlashib hayqirdi:

– Hoy, bulbul! Mening uyimda sening ukang yashaydi. U senga va barcha yaqinlariga salom yoʻllashimni va oʻzining sogʻ-salomat, betashvish yashayotganini aytib qoʻyishimni soʻradi.

Bu soʻzlarni eshitgan bulbul xuddi oʻq yegandek yerga tappa quladi. Savdogar nima qilishini bilmay qoldi. Qush qanotlarini keng yoyib, ogʻzini ochgancha qimir etmay yotardi.

“Eh, ukasi haqida bekor eslatdim chogʻi, – deb oʻyladi savdogar, – ukasini sogʻinib, kuyunib yotganga oʻxshaydi... Ha mayli, endi pushaymondan foyda yoʻq”.

Savdogar yerda oʻlib yotgan qushni olib uzoqroqdagi maysaning ustiga irgʻitdi.

Bulbul esa yerga tushgan zahoti tirilib, pir etib uchib daraxtga qoʻndi-da, shoxdan shoxga oʻtib sayragancha, bogʻ ichiga kirib ketdi.

– Toʻxta, qayerga ketyapsan? – qichqirdi savdogar. – Axir, ukang sendan xabar kelishini kutyapti!

Lekin bulbul uning gapiga quloq solmadi, shoʻxchan kuylagan koʻyi qalin barglar orasida gʻoyib boʻldi.

Savdogar gʻamgin holatda uyga qaytdi.

– Xoʻjayin, yaqinlarimdan biror xabar keltirdingizmi? – soʻradi bulbul.

– Qarindoshlaringga sen haqingda hamma gapni aytdim, lekin ulardan hech qanday xabar keltirolmadim. Aftidan, yaqinlaring sen haqingda eshitishni istamadi. Akangga sen haqingda soʻzlab berdim, u esa quloq ham solmadi. Daraxtdan qulab tushdi. Oʻlganiga chippa-chin ishondim. Yerdan olib, chetroqqa irgʻitdim. U esa toʻsatdan tirilib, uzoqlarga uchib ketdi.

Buni eshitgan bulbul chuqur qaygʻuga choʻmdi. Kun boʻyi hech narsa yemadi, ichmadi, hatto ovoz ham chiqarmadi. Savdogar uni qutqarib qolish uchun koʻp harakat qildi. Lekin foydasi boʻlmadi. Ertalab yemish olib kelgan xizmatkor bulbulning qafasda oʻlib yotganini koʻrdi.

Savdogar sayroqi qushidan ayrilganiga qattiq kuyindi. Afsuslanishdan foyda yoʻqligini sezib, xizmatkorni chaqirdi va qushni uydan uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdi. Xizmatkor qushni devor ortiga – chiqindi uyilib yotgan joyga irgʻitib yubordi.

Bulbul yerga tushgan zahoti jonlandi va quvnoq qoʻshigʻini kuylab bogʻ ustida aylana boshladi.

– Menga ajoyib maslahat olib kelganing uchun rahmat, xoʻjayin! – deb qichqirdi u va oʻz vatani tomon uchib ketdi.

 

Rus tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.