Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Koʻrpacha va taxmon

Bir kuni taxmonda taxlanib turgan koʻrpacha yerga toʻshalgan koʻrpachaga qarab:

– Ey juldur, buncha kir, iflos boʻlmasang, seni oʻzi qachon yuvib, paxtangni yangilashgandi, haliyam tashlab yuborishmaganiga hayronman, – deb uni kamsitibdi. – Mana, meni qara, top-tozaman. Matoim ham yap-yangi, yaraqlab turibdi.

Yerga toʻshalgan koʻrpachaga uning gaplari ogʻir botibdi.

– Toʻgʻri, mening yuzlarim kir boʻlib qolgandir. Chunki, men erta-yu kech odamlarning xizmatidaman. Odamlar menga oʻtirib, xontaxtada ovqatlanishadi, suhbat qurishadi. Bolajonlar oʻyinchoqlarini toʻzitib oʻynashadi. Shuning uchun ranglarim oqarib, uniqib ketgan. Sen esa taxmondan tushmaysan, sening oʻrningga ham men xizmat qilganimdan keyin toza turasan-da, – debdi xoʻrsinib.

Ularning suhbatiga taxmon ham aralashibdi:

– Hoy, ustimda taltayib turgan koʻrpacha! Nega uni xafa qilayapsan? Uni hanuzgacha odamlarga foydasi tegayapti, shuning uchun qadrlashadi. Seni esa sariq chaqalik nafing yoʻq. Yana uyalmasdan gerdayishingni qara. Qani tush, sen ham kishilarga xizmat qil, – deb maqtanchoq koʻrpachani ustidan irgʻitib tashlabdi.

Keyin nima boʻlibdi, deysizmi, u ham avvalgi koʻrpachaning holiga tushibdi. Afsus va nadomat bilan:

– Bekor maqtangan ekanman, jimgina joyimda turaversam boʻlar ekan, – deb pushaymon boʻlibdi.

 

Shirmoy kulcha

Temurbek bir kuni telefonini oʻynab oʻtirganida oyisi:

– Oʻgʻlim, axlat chelakni boʻshatib kelsang yaxshi boʻlardi, – dedi.

Temurbek: – Oyijon, oʻyinni tugatib olay, – deb joyidan jilmadi.

– Ha, mayli, ammo esingdan chiqib qolmasin.

Oyisi hamma ishlarini qilib boʻlgach, qarasa Temurbek hali ham telefonini oʻynab oʻtiribdi. Oyisi uning bu ishidan ranjib, oʻzi chelakni boʻshatib keldi.

Ertasi kuni Temurbek oyisiga:

– Oyijon, menga shirmoy kulcha pishirib bering. Juda yegim kelayapti, – deb erkalandi.

– Mayli, oʻgʻlim, uyni yigʻishtirib olay, keyinroq pishirib berarman, – dedi oyisi kulib.

Maktabdan ochqab kelgan Temurbek oyisidan shirmoy kulchani soʻradi.

– Hali kulcha pishgani yoʻq. Oʻgʻlim, murabbo bilan choy ichib qoʻya qol, – dedi oyisi yana kulimsirab.

Temurbek oyisidan xafa boʻlib xonasiga kirib ketdi. Oʻylab-oʻylab, oyisi nima uchun bunday qilganini anglab yetdi. Darhol chiqib kechirim soʻradi. Boshqa bunday qilmaslikka soʻz berdi. Oyisi uni quchoqlab, qoʻliga issiqqina shirmoy kulcha tutqazdi.

Dilnoza NORQULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.