- Rukn: Ertaklar
Yashil qurbaqa koʻl ichidagi nilufar gulbargida oʻtirgan ekan. Boshqa bir xoldor qurbaqa u oʻtirgan nilufar bargi tomon sakrabdi.
– Chetga oʻt. Men birinchi boʻlib bargga chiqdim. Sen oʻzingga boshqa joy top, bu yer meniki, – debdi yashil qurbaqa jahl bilan.
– Oʻzing boshqa joyga bor, – boʻsh kelmabdi xoldor qurbaqa. – Bundan buyon bu yerga faqat men kelaman, chunki men ham nilufar guli kabi hammadan goʻzalman.
– Kim seni goʻzal deb aytdi? – kinoyali kulibdi yashil qurbaqa, – mana men hammadan goʻzalman, qara, terim yam-yashil gul yaprogʻidek.
– Toʻgʻri qaror uchun birortasidan qaysi birimiz chiroyliroq ekanimizni soʻrashimiz kerak, – debdi xoldor qurbaqa.
Yashil qurbaqa rozi boʻlibdi. Ikkalasi nilufar gulbargida oʻtirib biron jonzot kelishini kutishibdi. Shu payt chumchuqcha suv ichish uchun sohilga qoʻnibdi. Shunda yashil qurbaqa:
– Ey, chumchuqcha! Seningcha qaysi birimiz chiroylimiz? – deb soʻrabdi. Chumchuq:
– Bir-biringizdan aslo farqingiz yoʻq, chunki bor-yoʻgʻi qurbaqasizlar. Qurbaqada husn nima qiladi?! – deb uchib ketibdi. Bu gapdan qurbaqalar juda xafa boʻlishibdi. Bir-birining koʻnglini koʻtaruvchi gaplar aytib turishganda sohil boʻyiga toshbaqa kelib qolibdi.
– Ey, toshbaqa! Bu yerga kelib, mushkulimizni hal qil. Sen bizga qaysi birimiz chiroyliroq ekanimizni aytib ber, – shoshilib qichqiribdi xoldor qurbaqa. Yashil qurbaqa yashil barg ustida boʻlganligi uchun koʻzga tashlanmabdi. Toshbaqa xoldor qurbaqa oʻzini nilufar bilan solishtiryapti deb oʻylab:
– Nilufargul sendan chiroyliroq, – debdi xotirjam.
– Yana birontasini kutishimiz kerak, – debdi kulib yashil qurbaqa. – Ammo shuni yaxshi bilamanki, barg ustida men qolaman.
Birozdan soʻng qurbaqalar yonidan bir qizaloq akasi bilan oʻtibdi. Yashil qurbaqa fursatni boy bermay vaqillabdi:
– Hoy, qizcha! Qani ayt-chi, qaysi birimiz chiroylimiz?
Shundagina qizchani ularga koʻzi tushibdi. Ammo, savolga javob berish oʻrniga akasining qoʻlidan tortqilabdi:
– Aka, anavi badbasharalardan qoʻrqayapman. Bu yerdan tezroq ketaylik.
– Ana xolos, haqoratni qarang. Endi nima qilamiz? – debdi yashil qurbaqa ular ortidan oʻksinib qararkan.
Xoldor qurbaqa esa xotirjam jilmayibdi.
– Nega kulayapsan? – hayron boʻlibdi yashil qurbaqa.
– Qancha vaqtdan beri shu gulning ustida oʻtiribmiz. Ikkalamizga ham joy yetyapti. Biz nimaga tortishayapmiz oʻzi? Kim chiroyli ekanining nima ahamiyati bor?
Yashil qurbaqa ham jilmayib debdi:
– Toʻgʻri aytasan. Ikkimiz ham chiroylimiz, joy ham yetarli.
Keyin ular gulbargida birga dam olibdilar. Quyosh ular tanasini qizdiribdi. Yashil qurbaqa esnab, oʻziga oʻzi debdi:
– Ham yaxshi makonim bor, ham yaxshi doʻstim bor! Bundan ortiq nima kerak?! – u doʻstiga suyanib xotirjam pinakka ketibdi.
Fors tilidan Bahriddin TURGʻUNOV tarjimasi