- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim oʻtgan zamonda toʻrt opa-singil fasl – Bahor, Yoz, Kuz, Qish yashagan ekan. Ular butun yer yuzini aylanib, bir yildan soʻng Oy ham, Quyosh ham kecha-yu kunduz nur sochib turadigan “Moʻjizalar mamlakati”da diydorlashishga kelishib olishibdi. Aytilgan fursat kelibdi. Uchrashuvda birinchi boʻlib opa-singillarning toʻngʻichi Bahoroy soʻz boshlabdi:
– Men kezgan yerlarda inson deb atalmish mavjudod paydo boʻlibdi. Uning koʻngliga goʻzallikka shaydolik tuygʻusini soldim. Atrofdagi daraxtlarga guldan libos kiydirdim.
Shunda Yoz:
– Ha, men ham inson atalmish zotni koʻrdim. Uning qalbini qaynoq taftim bilan toblab, yuragiga mehr-muhabbat choʻgʻini joyladim. Daraxtlarni yashil toʻn bilan siyladim. Bahor opam daraxtlarga kiydirgan gul liboslarni totli mevalarga aylantirdim, – debdi.
Soʻngra Kuz sayohatdan olgan taassurotlarini opa-singillari bilan oʻrtoqlashibdi:
– Men insonlar ruhiga mehnatkashlikni singdirdim, saxovatim bilan siyladim. Yoz opam kiydirgan yashil toʻnni zarga burkadim. Zamin uzra oltin tangalar sochdim.
Soʻz navbati shaddod Qishga kelibdi:
– Agar insonlar faqat goʻzal manzaralarni koʻraverishsa, ularning qadriga yetarmidi? Shuning uchun maysalarni, dov-daraxtlarni, suvlarni muzlatdim. Borliqni oppoq qorga burkadim, – debdi quvonib.
Opalari baravariga:
– Voy nodon qiz-ey, bu harakatlaring odamlarga ozor yetkazishi haqida oʻylamadingmi? – deyishibdi.
Shunda Qish:
– Insonlar hayot har doim ham bir xil davom etavermasligini, bugun shovullab turgan daraxtlar ertaga belibos qolishi, sersuv daryolar muzlikka aylanishi mumkinligini bilib yashashsin, tabiat inʼom etgan narsalar uchun shukronalikka oʻrganishsin, – debdi.
Dilnavoz NAJIMOVA