- Rukn: Ertaklar
Bolalar, yodingizda boʻlsa, jurnalimizning oʻtgan yilgi dekabr sonida “Kim yaxshi ertak yozadi?” sarlavhasi ostida quyidagi rasmni eʼlon qilgan, rasm asosida ertak boshlagan va davom ettirishni sizlardan soʻragan edik. Yil davomida ushbu sahifaga oʻndan ortiq maktub oldik. Ulardan eng maʼqulini bugun eʼtiboringizga havola qilamiz.
Bor ekan-da yoʻq ekan, och ekan-da toʻq ekan, shunday tinchlik zamonda, bizga yaqin oʻrmonda judayam bolajon Uzunquloq Quyonboyevlar oilasi yashagan ekan. Uzunquloq togʻaning oz emas, koʻp emas, naq yettita bolasi bor ekan. Aka-uka, opa-singillar nihoyatda ahil va juda mehnatkash ekan. Hosil yigʻim-terimi avjiga chiqqan kuz chogʻida quyonbolalar otalariga ergashib, oʻrmondan uncha uzoq boʻlmagan ekinzorga borishibdi...
Borishibdi-yu, pishib yetilgan sabzavotlarni koʻrib suyunib ketishibdi. Uzunquloq togʻa bolalari bilan karam, sabzilarni bir zumda yigʻib qoplarga solib uyga qaytishibdi. Yoʻlda qarshilaridan tulki chiqib qolibdi. Uzunquloq togʻa va toʻrt quyoncha oʻt-oʻlanlar ichiga kirib yashirinishibdi. Shalpangquloq, Uzunoyoq, Qizilkoʻz ismli quyonchalar esa jon holatda oʻrmon tashqarisiga qarab qochishibdi. Yugura-yugura katta daryo boʻyiga kelib qolishibdi. Daryoning sohilga yaqin joyida qayiqda ketayotgan tipratikan, sichqon va toshbaqani koʻrishibdi. Quyonchalar qayiqqa sakrab chiqib olishibdi. Aka-ukalar Tipratikan, Sichqon va Toshbaqa bilan doʻstlashib olishibdi. Tipratikan ularni, uch ogʻayni botirlar, deb maqtabdi. Kemada biroz suzib tinchlangach, quyonlar uylariga qaytmoqchi boʻlishibdi. Lekin qayiq oqimga qarshi suza olmas ekan. Shunday qilib quyonlar boshqa qishloqqa borib qolibdi. Ular shu yerda yangi doʻstlari bilan eski qadrdonlarday xayrlashibdi. Uzunquloq:
– Eh, endi uyimizga qanday yetib olamiz. Juda uzoqlab ketdik, – debdi xoʻrsinib.
– Agar anavi tulki boʻlmaganida, hozir issiqqina uyda mazza qilib oʻtirar edik, – debdi Qizilkoʻz.
Quyonvoylar noiloj yoʻlga tushibdi. Bu paytda qor yogʻa boshlabdi. Sovuq jonlaridan oʻtib yigʻlagudek boʻlishibdi.
Uch ogʻaynilar yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib bir gʻorga yetib kelishibdi. Ichkaridan ojizgina nur taralayotgan ekan. Qarashsa, u yerda qari sichqon bir nimalarni titkilayotgan ekan.
– Nega ostonada turibsizlar, qani, yaqinroq kelinglar! – debdi Sichqon xola, xuddi ularni koʻrib turgandek.
Quyonchalar yugurib borishibdi. Unga don qoplashga yordamlashishibdi. Sichqon xola xursand boʻlib quyonchalarni mehmon qilibdi.
Nima sabablar bilan bu yerlarda yurishganini soʻrabdi. Quyonchalar boʻlgan voqeani batafsil aytib berishibdi. Sichqon xola aka-ukalarga gʻor toʻridan tunash uchun joy solib beribdi. Ertalab ichkaridan sehrli gilam olib chiqibdi.
Buni opa-ukalaringizga olib boring, – deb, bir xalta olma, sholgʻom sovgʻa qilibdi. Quyonchalar judayam xursand boʻlib uchar gilamga chiqishibdi.
Mashaqqatli safardan uylariga sogʻ-omon yetib kelgan quyonchalarni jigargoʻshalari quchoq ochib kutib olishibdi. Shalpangquloq ularga boshlaridan oʻtgan hodisalarni toʻlib-toshib, uncha-muncha oʻzidan qoʻshib aytib beribdi. Uzunquloq togʻa dilbandlarini polizdan keltirgan barra sabzi va karam bilan siylabdi. Qoʻrqmas, sabrli va tadbirli bolajonlarim, deb erkalabdi. Keyin qish uchun olib qoʻygan oppoq poʻstinlarni sovgʻa qilibdi.
Sevara ERGASHEVA,
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi
6-maktabning 10-sinf oʻquvchisi