- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda, chekka bir qishloqda beva bir ayol oʻgʻli va qizi bilan yashar ekan. Ayol gazlama toʻqir, qizi bu matolardan koʻylak tikar, oʻgʻli esa ularni bozorga olib borib sotar ekan. Qiz tikkan koʻylaklar juda xaridorgir ekan. Kunlardan bir kuni nuroniy xaridor kelib, peshtaxtadagi koʻylaklarga uzoq tikilibdi. Ulardan birini qoʻliga olib choklarini sinchkovlik bilan tekshiribdi. Bundan oʻgʻilning gʻashi kelibdi. Chunki shu paytgacha biror xaridor bunday qilmagan ekan-da. Oʻgʻil endi eʼtiroz bildirmoqchi boʻlganda xaridor unga jilmayib qarabdi-da, bu chiroyli koʻylaklarni kim tikkanini soʻrabdi. Oʻgʻil bu oilaviy mahsulot ekanligini, matosini onasi toʻqishini, koʻylakni chevar opasi tikishini aytibdi.
– Juda soz, menga koʻylaklarni hammasini oʻrab bering, – debdi xaridor.
– Amaki, molimni barchasini olishga pulingiz yetmasa kerak, – hayron boʻlibdi yigitcha.
– Oʻgʻlim, sen tortinmasdan narxlarini aytaver, – jilmayibdi xaridor. Yigitcha, “Bu kishi buncha katta gapiryapti, demak puli koʻp ekan”, deb oʻylabdi-da, unga belgilanganidan baland narx aytibdi. Xaridor yigitchaga aytganidan ham koʻproq pul sanab beribdi. Savdosi koʻngildagidek bitgan yigitcha uyga xursand qaytibdi. Boʻlgan voqeani onasiga aytib beribdi. Ammo onasi negadir xursand boʻlmabdi.
– Tez ortingga qayt. Xaridorni top va uning haqini qaytarib ber, – debdi.
– Ona, axir, bunday omad har doim ham kelavermaydi. Qolaversa, uning oʻzi shuni iltimos qildi, – koʻnmabdi yigit.
– Sen ochkoʻzliging bilan topgan mablagʻimizni barakasini uchirmoqchimisan?! Men senga shuni oʻrgatganmidim, yoki sendan koʻp pul topishni soʻradimmi? – yigʻlagudek boʻlibdi ona.
Yigitcha noiloj ortiga qaytibdi. Bozorga kiraverishda oʻsha xaridorni topibdi. U xarid qilgan koʻylaklarini yetim-yesirlarga tarqatayotgan ekan. Yigitcha uning yoniga borib:
– Amaki, men koʻylaklarni qimmatiga sotgandim, kechiring. Onam: “Olgan ortiqcha pul – xaridor haqini darrov egasiga qaytar”, – deb ortimga joʻnatdilar. Mana oling, – deb pulni egasiga tutqazmoqchi boʻlibdi.
Xaridor miyigʻida kulib:
– Qara, bularning xursandligini, gʻarib koʻngillarni shodligi oldida mening pullarim hech narsa emas. Onang toʻqigan matoda bir sir borga oʻxshaydi. Men bu bolalarga avvallari ham sovgʻa-salomlar berganman, ular shunchaki rahmat aytishardi. Hozir esa tashakkurdan tashqari quvonchlari ichiga sigʻmay ketyapti, duolar qilishyapti, – debdi.
Yigitcha ortiqcha pulni bir amallab xaridorga berib, ortiga qaytibdi. Onasiga xaridorning gapini yetkazibdi. Ona xursand boʻlibdi. Xaridorning ishidan ibrat olib, savob ishlarini koʻpaytiribdi. Buni qarangki, ularning ishlari kundan kunga yurishib, boyib ketishibdi.
Sevara ERGASHEVA,
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 6-maktabning 10-sinf oʻquvchisi