- Rukn: Ertaklar
Otfrid Proysler
Otfrid Proysler – mashhur nemis yozuvchisi, 1923-yilda tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushidan qaytgach, Bavariyadagi maktabda oʻqituvchilikdan direktorlik lavozimigacha koʻtarilgan. Uning ijodiy faoliyati aynan bolalar orasida ishlagan davrida boshlangan edi. Otfrid Proyslerning ertaklari oʻttizdan oshiq tillarga tarjima qilingan. Adib doʻstlik, mardlik va yaxshilikni tarannum etuvchi ertaklari uchun xalqaro Xans Kristian Andersen nomidagi mukofot sohibi boʻlgan.
Qaysi bir zamon, qay bir mamlakatda jajjigina Jodugar yashar va afsungarlik ilmi bilan shugʻullanardi. U bir yuz yigirma yetti yoshga kirgandi. Albatta, odamlar uchun bu judayam katta yosh, lekin haqiqiy jodugarlarning hisobida u yoshgina qizaloq edi. Shuning uchun ham uni Jajji Jodugar deb atashardi.
Jajji Jodugar oʻrmonning bir chekkasida shumshayibgina turgan kulbada istiqomat qilardi. Kulbaning tomi shamollarda qiyshaygan, moʻrkoni eskiligidan egilib qolgan, darcha, eshiklar esa ajoyib ovozlarda gʻichirlardi. Lekin Jajji Jodugar bundan yaxshiroq uyni istamas edi ham. Chunki kulbaning devoriga taqab kattakon oʻchoq qurilgandi. Bunaqangi oʻchogʻi yoʻq uy esa haqiqiy jodugarning uyi boʻlolmaydi-da!
Kulbada Jajji Jodugar bilan birga Abraxas laqabli dono qargʻa ham yashardi. Dunyodagi gapira oladigan qargʻalarning bari faqatgina “Xayrli tong!” yoki “Xayrli kech!” deb qagʻillayverishadi. Abraxas esa odamlar gapiradigan soʻzlarning barini ayta olardi. U nihoyatda aqlli edi va yer yuzida sodir boʻlayotgan barcha sir-hodisalarning magʻzini chaqib, sharhlab bera olardi.
Jajji Jodugar har kuni kamida olti soat sehr-jodu qilishni oʻrganardi. Chunki jodugarlik ilmi oson ish emas, yalqovlik bilan uni egallab boʻlmaydi!
Jajji jodugar endi kuniga olti soat emas, balki yetti soat mashq qila boshladi. Bir yildan soʻng u Jodu kitobidagi hamma jodu-afsunlarni bilib olishi shart! Bilganda ham aʼlo darajada bilishi kerak!
Oʻrganish Jajji jodugar uchun qiyin emasdi, chunki u yosh va tirishqoq edi. Tez orada u eng muhim jodularning barini yodlab oldi. Baʼzan u parvoz qilib kelishga otlanardi. Axir juda koʻp oʻqiganidan soʻng bir oz toza havoda sayr qilishi kerak-da!
Gohida u oʻrmon oralab piyoda yurardi. Axir seni piyoda yurishga majbur qilishgani boshqa-yu, buni oʻzing xohlab qilganing boshqa-da! Piyoda sayr qilishning ham oʻziga yarasha gashti bor.
Bir safar u yelkasida Abraxas bilan oʻrmonda sayr qilayotib, 3 nafar kampirni uchratib qoldi. Kampirlar boʻsh savatlarini yelkasiga osib olgancha xuddi bir nimani izlayotgandek koʻzlarini yerga qadab kelishardi.
– Oʻrmonda nimani qidirib yuribsizlar? – deb soʻradi Jajji jodugar.
– Oʻchoqqa yoqish uchun quruq shox-shabbalar terib yuribmiz, – dedi kampirlarning biri.
– Lekin omadimiz kelmadi, oʻrmondagi daraxtlar tagi xuddi supurib olingandek top-toza – birontayam qurigan shox-shabba topolmayapmiz! – dedi ikkinchi kampir ogʻir xoʻrsinib. – Mana, uyga boʻm-boʻsh savatimizni koʻtarib, oʻtinsiz qaytyapmiz!
– Anchadan beri oʻtin izlab yuribsizlarmi? – deb soʻradi Jajji jodugar.
– Ertalabdan beri, – dedi uchinchi kampir. – Qancha qidirsak ham, uchovimiz tergan oʻtinimiz bir savat ham chiqmaydi. Qish kelyapti, biz esa oʻchoqqa yoqish uchun oʻtinni qayerdan olishni ham bilmaymiz.
Jajji jodugar ularning savatlariga qaradi. Darhaqiqat, kampirlarning savatida bir nechtagina ingichka shox-shabbalar bor edi, xolos.
– Haqiqatan ham ahvolingiz chatoq-ku! – dedi u. – Nega bunday boʻldi ekan-a?
– Hamma gap shamolda! – deyishdi kampirlar.
– Hamma gap shamolda, deysizmi? – ajablandi Jajji jodugar. – Tushunmadim, shamolning oʻtinga nima aloqasi bor?
– Mutlaqo shamol esmayapti! – dedi ikkinchi kampir. – Shamol esmayotgani uchun ham daraxtlarning qurib qolgan shox-shabbalari sinib tushmayapti.
– Shuning uchun ham savatlarimizni toʻldirib, oʻtin tera olmadik, – dedi uchinchi kampir.
– Mana gap qayerda ekan! – dedi Jajji jodugar gap nimadaligini tushunib yetgach.
Kampirlar bosh irgʻashdi. Ularning biri gap boshladi.
– Qaniydi, jodugar boʻlib qolsam! Jodu-afsunlar yordamida shamolni chaqirardim... Ming afsuski, men jodugar emasman!
– Ha, siz jodugar emassiz, – uning gapini maʼqulladi Jajji jodugar.
Kampirlar xafa boʻlib, uylariga qaytishga qaror qilishdi.
– Endi oʻrmonda sangʻib yurishdan foyda yoʻq, – deyishdi ular. – Baribir shamol esmagunicha, oʻtin topa olmaymiz... Yaxshi qolinglar!
– Yaxshi boringlar! – deb xayrlashdi Jajji jodugar.
– Biz ularga yordam bera olmaymizmi? – pichirlab soʻradi Abraxas kampirlar sal uzoqlashganlaridan soʻng.
Jajji jodugar kulib yubordi.
– Albatta yordam berolamiz-da! Faqat meni qattiqroq ushlab olgin, tagʻin shamol uchirib ketmasin.
Shamolni paydo qilish jodugarlar uchun qiyin ish emas. Hushtak chalsa kifoya, haqiqiy boʻron koʻtariladi. Shamol shunaqangi uvillab yeladi-ki!
Mana, Jajji jodugar bir hushtak chalgandi, shu zahotiyoq qattiq shamol koʻtarildi. U yelib-yugurib, daraxtlarni chayqatar, qurigan shox-shabbalarni sindirar va poʻstloqlarini yerga yomgʻirday toʻkardi. Oʻrmonda ketayotgan kampirlar bunaqangi kuchli shamolni koʻrib qoʻrqqanlaridan chinqirib yuborishdi-da, boshlarini yelkalariga qisib, hilpirayotgan etaklarini mahkam ushlab olishdi. Shamol ularni ham uchirib ketishiga sal qolgandi-ku, lekin Jajji jodugar buni xohlamadi.
– Yetar! – deb baqirdi u. – Bas!
Shu zahoti shamol toʻxtadi. Kampirlar qoʻrqib, yon-atrofga alanglashdi va oʻrmondagi daraxtlar tagi sinib tushgan quruq shox-shabbalarga toʻlib ketganini koʻrishdi.
– Bu qanday baxt! – deb qichqirib yuborishdi ular. – Bir marta terganda shuncha oʻtin olib borsak-a! Endi qish boʻyi oʻtindan qiynalmaymiz!
Ular bir zumda savatlarini oʻtinga toʻldirishdi-yu, xursand boʻlib uylariga qaytishdi.
Jajji jodugar ularning ortidan jilmaygancha kuzatib qoldi. Hattoki qargʻa Abraxas ham mamnun edi-ki, bunaqasi kamdan-kam boʻlardi. U Jajji jodugarning yelkasini beozorgina choʻqib qoʻydi-da, qagʻilladi:
– Boshlanishi chakki emas! Menimcha, sendan yaxshi jodugar-r-r chiqadi-yov!
Rus tilidan Xurshid TOJIBOYEV tarjimasi