Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Salom-salom, mening tinib-tinchimas, ijodkor doʻstlarim! Hech qiziqib koʻrganmisiz, dunyoning boshqa bir burchagidagi tengdoshingiz ham nimalarnidir qoralashga qiziqarmikin? Agar qiziqsa, ular nimalar haqida yozishadi? Oʻtgan yili Turkiyadaligimda “Pusula” deb atalgan kitob qoʻlimga tushib qoldi. Unda siz kabi jajji ijodkorlarga maslahatlar va ularning mashqlaridan namunalar berilgan edi. Meni ayniqsa, bolakaylarning ranglar tilidan yozgan ajoyib va gʻaroyib hikoyalari juda hayajonlantirdi. Darrov oʻzbek tiliga oʻgirdim. Oʻqib, oʻzingiz baho bering.

 

Moviyning salomi

Men hurlik va ozodlik ramziman. Qushlar erkin parvoz qiladigan samo mendan rang olmish. Mahoratli musavvir sovuqlik va muzliklarni ifodalash uchun ham mendan foydalanadi. Muzdek suvlarga qoʻllaringizni solsangiz, ajib bir rohatni sezasiz! Nazarmunchoq-koʻzmunchoqlarda ham men borman. Mening taʼriflarimga bosiqlik, gʻamginlik, maʼyuslik yoxud hijron sifatlarini qoʻshsangiz-da, sizga chaman bogʻlardan huzurlar keltiraman. Jannat bogʻlaridagi chechaklar qanday rangda boʻlishini bilmaysizmi? Mayli, hechqisi yoʻq, nima boʻlganda ham men – Moviyman! Ummon va osmon tutashgan yerlardan sizga salomlar yoʻllayman!

 

Shukriya Zaynab Qoralay

 

Qoarning sofligi

Quyosh samo bagʻriga singar ekan, avval bir qirmizilik paydo boʻladi. Uning ortidan esa men kelaman. Tunrang moviy, qirmizi va men qoʻlimizni qoʻlimizga berib berkinmachoq oʻynay boshlaymiz. Men osmonni qoplagan damda odamlar uylariga qocha boshlaydilar. Vaholanki, dardi, gʻami, qaygʻulari bisyor odamlar meni yaxshi bilishadi. Chunki ular yigʻlaganda, achchiq koʻz yoshlari pinhona men bilan qorishadi. Shundanmi, meni tushkunlik rangi deyishadi. Ammo unutmasinlarki, men moviy, oq, sariq, qizil ranglar hosilasiman. Aslida men kirlik emas, tozalik rangiman. Ona qornidagi goʻdak faqat qora rangnigina payqay oladi. Zero, inson tugʻilmasdan oldin sof va pok boʻladi!

Asya Tektash

 

Binafshaning sehri

 

Dunyoda qanday muattar iforli gulbogʻlar bor-a?! Ularning ichidagi rang-barang chechaklarni aytmaysizmi? Gullardan eng chiroylisini izlay boshlaysiz. Shu dam tavoze ila taʼzim qilayotgan jimitvoyga koʻzingiz tushadi – Binafsha! Aslzodalik, Baxt, Quvonch kabi tuygʻularning bari unda mujassam goʻyo. Darrov mahliyo boʻlasiz-qolasiz. U oʻzini koʻrsatishga urinmasligi, hayo va andisha atalmish goʻzal va noyob fazilati bilan odamni oʻziga shaydo qiladi. Bilasizmi, u bizga shivirlab nelar soʻzlaydi: “Biroz uyatchanman. Koʻzga darrovgina tashlana qolmayman. Ammo meni yoqtirganlar qizilning ehtirosi, sariqning hijroni, moviyning miltillab turgan umidi bilan borimcha sevishadi. Oʻzimni hech kimga namoyish qilmayman. Hech zamon diqqat tortuvchilar safida boʻlmadim. Toʻgʻrisi, oʻzimni yoqtirmayman. Masalan, juda koʻp kamchiliklarim bor. Koʻnglim doim qonagani qonagan! Shukrki, meni toʻldirib turgan ikki narsa bor: Mehr-muhabbat va huzur”.

Pelin Su Kesgin

 

 

Yashilning yashilligi

Men qalamdondagi ranglar aro kichkinagina burchakdan joy olgan, kitob muqovasiga, daraxtlarning yaproqlariga, sarhadsiz kengliklar va dalalarga rang bergan Yashilman. Sokin oʻrmonlarga tarovat, bir qizaloqning liboslariga goʻzallik qoʻshaman men! Meni huzur-halovat, tinchlik rangi deyishadi. Ammo, har qanday tuygʻuni ifoda eta olaman. Meni topish uncha qiyin emas. Odatda, hazinlik, qaygʻu, hijron rangi sifatida tanilgan, ammo Quyoshga rang berib yangi kunni, yangi umid va orzularni ifoda etuvchi sariq bilan dengiz va musaffo osmon rangini qorishtirsak, tamom, meni – huzur va halovat rangini qoʻlga kiritasiz! Mening ismim – Yashil!

 

Jansu Birsen

 

Kulrang kulgusi

– Hoy Sen, u yerdagi, ha Sen! Nima meni tanimadingmi? Shu mashinalarning gʻildiraklariga boq. Yoʻq, boʻlmaydi. Suvning rangi qanday? Rangi yoʻq, deysanmi? Nima balo, meni koʻrmayapsanmi, deyman. Bilasanmi, kulrang nima degani? Betaraf rang degani. Bir qarasang, bordayman. Ammo, odamlarsiz kulrang yoʻq. U shaharlarning dilni xira qilguvchi tumani, zavodlardan chiqayotgan zararli tutunlardir.

Qishda sovqotganingda issiq yaxshi, yozning jaziramasida esa qishni sogʻinasan. Ammo issiqda issiqning, sovuqda sovuqning qadriga yetmaysan. Eng toʻgʻrisi va yaxshisi ikkisining oʻrtasi – Kulrang! Ha, men oʻshaman, Kulrang!

Emr Eye Demir

 

 

Pushtining maʼsumligi

Dalalarni toʻldirib turuvchi kelinchak chechaklar qip-qizil boʻlib ochilishidan avval mening rangim bilan orolanadilar. Yoshlik va gʻayrat tushunchalarining ham men bilan bogʻlanishi toʻgʻridir. Shirin orzular haqidagi xayollarda, oʻsmir qizlarning yanoqlarida ham men borman. Shamsiya – soyabonlarning rangi ham, shokolad qutilarining chiroyli bogʻichlari ham koʻpincha pushti rangda boʻladi. Istak, maqsad va intilishlar rangiga birozgina maʼsumlik va soddalikni aralashtirsa, meni topish mushkul boʻlmas.

Lara Nur Tankal

 

Turkchadan Dilnavoz NAJIMOVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.