- Rukn: Ertaklar
Sergey Mixalklov
Baqaloq Begemot qamishlar orasida kimdir tashlab yuborgan eski avtomobilni koʻrib qoldi.
U Filni chaqirdi-da:
– Joʻrajon, bir qaragin, men nima topib oldim! Uni nima qilsak ekan? – dedi.
– Yaxshi narsa ekan! – dedi Fil. – Kel uni chiqarib olamiz-da, tuzatamiz. Soʻng ikkalamiz haydab yuramiz! – Ikki doʻst avtomobilni tortishga kirishishdi.
Shu payt qayerdandir quyon paydo boʻldi.
– Assalomu alaykum, doʻstlar! Nima topib oldingiz? Avtomobil? Zoʻr-ku! Ha, boʻsh kelmang, qani, qani. Qani, yana bir marta...
Baqaloqlar mashinani botqoqlikdan sohilga olib chiqishdi. Quyon esa bir chekkada turib, ularga boshchilik qildi.
Ikki doʻst yoʻlni tekislab, yoʻl belgilarini oʻrnata boshlashdi. Quyon yana bir chetda ularni qayerga oʻrnatishni koʻrsatib turdi. Begemot bilan Fil avtomobilni boshqarish chogʻida tortishib qolishdi, chunki ular bitta oʻrindiqqa sigʻishmadi-da.
Quyon boʻlsa, yana hozir-u nozir. Mashinaga sakrab chiqdi-da, haydab ketdi, biroq...
Shalpangquloq uzoqqa borolmadi. Mashina bilan daraxtga urildi. Mashina dabdala boʻldi. Oʻzi esa zoʻrgʻa omon qoldi.
Baqaloqlarga rahmim keldi, chunki ularning shuncha mehnati chippakka chiqqandi. Pachoq boʻlgan mashinaga ham achinasan, kishi. Biroq Quyonga sira achinmadim! Nima uchun achinmaganimni bilasizmi? Oʻylab koʻrsangiz, albatta topasiz!
Ruschadan Bahrom AKBAROV tarjimasi