- Rukn: Ertaklar
Qadim zamonda dunyoning togʻlari, oʻrmonlari moʻl boʻlgan, sharqiroq suvlari musaffo, qushlari ovlanmagan, mevalari toʻkilmagan yuksak togʻlaridan birining bagʻrida ona ayiq bolalari bilan yashagan ekan. Uning ikkita bolasi boʻlib, biri-biridan doʻmboq, biri-biridan quvnoq ekan. Ona ayiq har kuni bolalarini inida qoldirib, yemish izlab toqqa chiqib ketarkan. Kun ketidan kun oʻtib ayiqchalar ancha ulgʻayishibdi. Onalari bilan yaqin atrofga chiqib, oʻzlariga yemish izlaydigan boʻlishibdi. Ammo ona ayiq togʻ choʻqqisiga chiqayotganda bolalarini uyda qoldirar ekan. Chunki ular hali nozik, ogʻir safarda charchab qolishadi, deb oʻylar ekan-da. Kunlardan bir kuni ona ayiq ana shunday olis safardan kelib qarasa, bolalari inida yoʻq emish. U zir yugurib atrofni izlabdi. Va uylaridan uncha uzoq boʻlmagan xarsangtosh ustida toʻpolonchilarini topibdi. Ayiqchalar oʻyinqaroqlik bilan xarsang ustiga chiqib olishgan ekan-u, ammo tushishga yuraklari dov bermay noiloj tosh ustida oʻtirishgan ekan.
Ona ayiq ularni olib, uyga qaytar ekan, endi kichkintoylarimni oʻzim bilan ovga olib chiqsam boʻladi, – deb oʻylabdi. Chunki ularga qanday ov qilishni, qayerda qanday yemishlar moʻlligini, yoz va kuz fasllarida uzum va yovvoyi nok – armutga taʼm kirib, shira tortishini tushuntiradigan payt keldi, deb hisoblabdi-da. Ona ayiq asalarilar qishga asal toʻplashga kirishgan paytda bolalarini olib, yoʻlga tushibdi. Togʻ etaklarida, oʻrmonda yemish kamligi sabab ular uzoq yoʻl yurishibdi. Sharqiroq soylardan, daralardan oʻtishibdi. Yoʻl yurishibdi, yoʻl yurishsa ham moʻl yurishibdi. Nihoyat, turli yovvoyi mevali daraxtlarning shoxlari hosilini koʻtarolmay yerga egilgan bir joyga yetib kelishibdi. Bu joy ovchilar nigohidan yiroq, xoli goʻsha ekan. Ayiqchalar xursand boʻlib maysalar ustida miriqib dumalashibdi. Daraxt shoxlarida qurib, qoqiga aylangan mevalarni qoqib yeyishibdi. Keyin boshlarini koʻtarib bunday tepaga qarashsa, butalarga chirmashgan tok novdalarida uzumlar qop-qorayib pishib yotganmish. Ayiqchalar xursand boʻlib uzumdan uzib ogʻizlariga solishgan ekan shirasi chakillab yerga tomibdi. Oh, ular bunchalik shirin uzumni ilgari uchratishmagan ekan. Ayiqchalar onalaridan bir ogʻiz soʻramay, orqa-oldilariga qaramay, uzumlarni uzib yeyaverishibdi, yeyaverishibdi... Oxiri, qorinlari doʻmbiradek shishib, yura olmay qolishibdi. Keyin soya joyga arang yetib olib, yerga yotishibdi-yu uxlab qolishibdi. Ayiqchalar uyqudan uygʻonishganda kech boʻlib qolgan ekan. Ona ayiq safardan mamnun boʻlib bolalarini olib uyga qaytibdi. Nega desangiz, bolalari imtihondan yaxshi oʻtishibdi-da! “Endi ular nimani qayerdan topish, qanday ov qilish haqida ozroq boʻlsa-da bilishadi, oʻylabdi”, ona ayiq oldinda doʻmbillab borayotgan kenjatoyiga yetib olish uchun qadamini tezlatar ekan.
Uylariga olib boradigan muyulishda ular ulkan armut daraxtiga duch kelishibdi. Ayiqchalar xursand boʻlib ketishibdi. Chunki endi ular kechki taom qidirib qiynalishmaydi-da! Paxmoqvoylar yerga toʻkilgan noklarni apil-tapil tishlab koʻrishibdi. Noklar shunday shirin ekan-ki, lazzatidan koʻzlarini beixtiyor yumib tamshanishibdi. Keyin koʻzlarini ochib, daraxt shoxlariga tikilishibdi.
– Qalay, shirin ekanmi? – soʻrabdi Ona ayiq maymoqchalariga mehr bilan tikilib. Paxmoqvoylar “zoʻr”, deganday panjalarini koʻtaribdi. – Unday boʻlsa, men hozir daraxt tepasiga chiqib, shoxlarni silkitaman. Siz toʻkilgan noklarni bir joyga toʻplaysizlar. Toʻygunimizcha yeymiz, qolganini uyga olib ketamiz, uyimizdan chiqmasdan ikki kun bemalol nokxoʻrlik qilamiz, – debdi ona ayiq.
– Boʻpti, onajon. Siz bemalol daraxtga chiqib, noklarni qoqavering. Biz bajonidil ularni yigʻamiz, – debdi ayiqchalar.
Ona ayiq xursand boʻlib daraxtga chiqibdi. Qoʻli yetgan joydagi noklarni uzib yerga tashlabdi. Maymoqchalar talashib-tortishib yumshoqqina noklarni ogʻizlariga solishibdi. Ular bu ishga shunday kirishib ketishibdiki, yigʻishni eslaridan chiqarib qoʻyishibdi. Ona ayiq:
– Hoy tentakvoylar, boʻldi, yeyishni bas qiling. Qorningiz shishib ketadi. Noklarni toʻplang, uyga olib ketamiz, – deb avvaliga erkalatib, keyin jahl bilan tushuntiribdi. Biroq ayiqchasi tushmagurlar tushganini tushganday yeb qoʻyaveribdi. Ona ayiq noiloj daraxtdan tushib ularni koyibdi. Keyin yana daraxt tepasiga tirmashibdi. Bolalari esa onalarining gapini parvolariga ham olmay noklarni paqqos tushirishda davom etishibdi. Ona ayiqning jahli chiqib ketibdi. U daraxtdan sakrab tushibdi-yu bolalarini dod-voyiga qaramay yerga yotqizib ustlariga tosh bostiribdi. “Shunday qilsam, noklarning hammasini qoqib olgunimcha qimirlamay yotishadi”, – oʻylabdi u daraxtga qaytib chiqarkan... Ona ayiq shoxlarda qolgan-qutgan noklarni ham uzib yerga otarkan, bolalarim allaqachon oʻrinlaridan turib mevalarni toʻplayotgandir, degan xayolda yerga qarab-qarab qoʻyibdi. Biroq bolalari qimir etmay yotaveribdi. “Balki uxlab qolishgandir. Shunisi ham tuzuk. Bu ularga yaxshi saboq boʻladi”, – oʻylabdi ona ayiq. U pastga tushib noklarni toʻplashga tushibdi hamki bolalari yordamlashgani kelmabdi. Bundan ona ayiqning jahli chiqib bolalari yoniga boribdi-da, ustlariga bostirgan toshlarini olib otibdi. Lekin ayiqchalar shunda ham oʻrinlaridan turay demabdi. Ona ayiqni vahima bosib kenjatoyini ustiga asta egilibdi. Qarasa, bolasi nafas olmayotganmish. Shundagina u juda mudhish xatoga yoʻl qoʻyganini, xarsanglar bolalarini ezib nobud qilganini tushunib yetibdi. Ona ayiq alam bilan shunday oʻkiribdiki, togʻ-u toshlar larzaga kelibdi. “Eh yaramas noklar, zahar noklar, men nima qilib qoʻydim! Bolajonlarim, uygʻoning, koʻzingizni oching, meni kechiring”, deb rosa yigʻlabdi.
Uning nolasi daradan daraga, togʻdan togʻga urilib, jaranglab ortiga qaytaveribdi. Lekin endi ayiqchalar bu nolani, oʻkinchli naʼrani aslo eshitolmas ekan. Aytishlaricha, badbaxt ona ayiqning nolasi hamon togʻlarda yangrab, jahl chiqqanda aql ketishi haqida barchani ogohlantirib turar emish.
Turkchadan Nargiza ASADOVA
tarjimasi.