Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan. Biz yashaydigan joydan uzoq-uzoqlarda oʻyinchoqlar mamlakatining podshosi bor ekan. Uning sehrli koʻzgusi hamda uchar qanotlari boʻlib, podsho har kuni oqshom payti sehrli koʻzguga qarab butun olamdagi bolalarning oʻyinchoqlarini koʻrib chiqar ekan. Qaysi bola oʻyinchoqlarini oʻynab boʻlganidan soʻng yigʻishtirib qoʻymasa, podsho uchar qanotlarini yelkasiga oʻrnatib oʻsha oʻyinchoqlarni olib ketish uchun yoʻlga chiqar ekan. Kunlardan bir kuni u koʻzgu orqali Sevara ismli qizaloqning juda xafa boʻlib qolgan oʻyinchoqlariga koʻzi tushibdi-yu, yoʻlga otlanibdi.

– Nega buncha xafasizlar? – deb soʻrabdi oʻyinchoqlardan.

– Podsho janoblari, iltimos, bizni bu yerdan olib keting, – deyishibdi oʻyinchoqlar birvarakayiga.

– Nima uchun, axir sizlar bu uyda yashovchi Sevara bilan anchadan beri birga oʻynayapsizlar. Qolaversa, bu uyda siz uchun maxsus oʻyinchoqlar javoni ham bor.

– Toʻgʻri, bu uyda oʻz oʻrnimiz bor. Lekin Sevara bizni hech qachon qadrlamagan. U biz oʻyinchoqlarni birpas oʻynaydi-da, keyin boʻlsa uy yuzasida yoyilib yotaveramiz. Istagan odam bizni u yoq-bu yoqqa tepib oʻtib ketaveradi. Baʼzida hatto oila aʼzolarining oyogʻi tagida ham qolib ketamiz. Ular bizni bosib, majaqlab oʻtib ketaverishadi. Shunday paytlarda u yer-bu yerimiz sinib ketadi, jonimiz ogʻriydi. Sevara bizni asrashni, avaylashni bilmaydi, iltimos bizni olib keting, – deyishibdi oʻyinchoqlar.

Podsho ularning gaplarini tinglagach, oʻzi bilan olib kelgan katta qopning ogʻzini ochib, “qopga tushinglar” deb buyruq beribdi. Barcha oʻyinchoqlar tezda qopga tushib olishibdi. Podsho qopning ogʻzini mahkam bogʻlab, uchar qanotlarini ishga solib, kelgan yoʻliga ravona boʻlibdi.

Oradan bir kun oʻtgach, Sevara oʻyinchoqlari turadigan xonaga kiribdi. Qarasa, birorta ham oʻyinchogʻi yoʻq ekan. “Oyim yigʻishtirib qoʻygan boʻlsalar kerak”, deb oʻylab javonlarga qarabdi. Biroq oʻyincholqlarini u yerdan ham topolmabdi.

– Oyijon, oʻyinchoqlarimni qayerga olib qoʻydingiz? – debdi Sevara.

– Men oʻyinchoqlaringga tekkanim yoʻq. Yaxshilab qara, balki oʻzing boshqa bir joyga olib qoʻygandirsan? – debdi oyisi.

Sevara yana atrofga qarabdi va stol ustidagi bir varaqqa koʻzi tushibdi. Unga bir nimalar yozilgan ekan. Sevara oʻqishni bilmagani uchun varaqni olib oyisiga beribdi. Oyisi varaqdagi yozuvlarni ovoz chiqarib oʻqiy boshlabdi: “Sevara, sen oʻyinchoqlaringni oʻz vaqtida qadrlamading. Shuning uchun ularni olib ketyapman. Men bu oʻyinchoqlarni ularni ehtiyot qilib oʻynaydigan, sindirmaydigan, buzmaydigan, oʻynab boʻlgach bir joyga yigʻishtirib, taxlab qoʻyadigan bolalarga beraman. Oʻyinchoqlar podshosi”.

Sevara hayron boʻlib oyisiga qarabdi. Oyisi esa yana bir marta xatning mazmunini tushuntirib beribdi. Bir oz oʻylanib qolgan Sevara oyisiga qarab:

– Oyijon, shunaqa ham boʻladimi? Oʻyinchoqlar podshosiga ayting, hamma oʻyinchoqlarimni oʻzimga qaytarib bersin. Endi ularni hecham xafa qilmayman. Oʻz vaqtida joyiga taxlab qoʻyaman, sindirmayman, – debdi.

Oyisi Sevaraning bu gaplarini oʻyinchoqlar podshosiga yetkazishga vaʼda beribdi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.