Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hoy bola, jon ogʻayni, meni tezroq yashir, shu yergacha zoʻrgʻa qochib keldim. Ortiq madorim qolmadi. Hozir anavi ochopat chumchuqlar yeb qoʻyadi.

Bahor oftobida isinib oʻtirgan Gʻolibjon bu gʻalati ovozdan hayron boʻlib, yon atrofiga qarabdi. Shunda oyogʻi ostida yotgan bir dona bugʻdoyga koʻzi tushibdi. Bugʻdoydan sal narida esa ikkita chumchuq jahl bilan yer titkilayotgan ekan.

Gʻolibjon shoshib qolibdi. U apil-tapil engashib bugʻdoyni olibdi-da, yugurib borib gulzor chetiga koʻmib kelibdi... Bir kuni qattiq yomgʻir yogʻibdi. Shunda birdan Gʻolibjonning esiga bugʻdoycha tushibdi. Undan habar olmoqchi boʻlib gulzorga kelibdi. Bunday qarasa, don koʻmilgan joy oʻrnida koʻm-koʻk maysa turganmish.

– Rahmat, senga Gʻolibjon, – debdi maysa yengid shabbodada asta tebranib. – Sen menga qayta hayot baxsh etding. Tuproq bilan topishtirding. Mana ancha bardam boʻlib oldim.

Gʻolibjon quvonib ketibdi. U endi har kuni bugʻdoydan xabar oladigan boʻlibdi. Bugʻdoy maysasi uning koʻziga yon atrofdagi gul-chechaklardan ham chiroyliroq koʻrinarkan. U kun sayin emas, soat sayin oʻsibdi. Bobo quyosh taftidan yashnab, barq uribdi. Hademay, bugʻdoy bagʻrida boshoq paydo boʻlibdi. Gullar ochilgan paytda boshoqlar oltinday tovlangan donga aylanibdi. Negadir gullar ham unga havas bilan taʼzim qilishibdi.

– Ana endi bugʻdoy hosilini terib olamiz, – debdi Gʻolibjonning bobosi. – Qara, qanday boʻliq boshoq boʻlibdi. Serhosil nav ekan. Aytishlaricha, bu nav yoʻqolib ketgan ekan. Sen bu noyob donni halqimizga qaytarding. Barakalla senga boʻtam, – bobo doʻppisidagi yangi hosildan olib koʻzlariga surtibdi. Keyin uni avaylab olib qoʻyibdi. Kelasi yil boʻyraday joyga oʻsha donlarni sepishibdi. Bu safar anchagina hosil olishibdi. Bobosi yangi hosilni olib tegirmonga joʻnabdi.

Ertasiga Gʻolibjon oʻrnidan tursa, buvisi tandirdan qip-qizil boʻrsildoq kulchalarni uzayotgan ekan.

– Kelaqol jajji dehqonim, shirmoy non yopib qoʻydim, – debdi buvijonisi mamnun.

Gʻolibjonga non juda ham shirin tuyulibdi. Yeyishga koʻzi qiymabdi. Bogʻchaga ketayotganida buvisi, oʻrtoqlaringga olib bor, deb kulchalardan birini tutqazibdi.

– Rahmat, buvijon, – Gʻolibjon negadir xomush tortib qolibdi.

– Xoʻsh polvonim, nimadan xafasan yoki kulchalar yoqmadimi?

– Ayting-chi, buvijon, endi men bugʻdoyimni sira ham koʻrmaymanmi?

– Nega endi bolaginam, mana sening sehrli donlaring, – buvisi ichkaridan bir piyola bugʻdoy olib chiqibdi.

Gʻolibjon quvonib ketibdi:

– buvijon, biz bugʻdoylarni bogʻchamizga ekamiz. U koʻp boʻlib unib chiqadi. Siz tandir-tandir kulchalar yopib berasiz.

Buvisi Gʻolibjonning peshonasidan mehr bilan oʻpibdi.

 

Muhabbat Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.