Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sarlavhani oʻqib, qumdan ham qasr qursa boʻlarkanmi, deb oʻyladingiz-a? Mumkin ekan. Bir kuni qumdan qasr yasashibdi. Kim, deysizmi? Bu – oʻzimizning Orombek-da.

Orombekning uyidagilar, darsingni tayyorla, kitob oʻqi, deb holi joniga qoʻyishmas ekan. Buyruqlardan bezor boʻlgan Orombek hech kim bezovta qilmaydigan, yolgʻiz oʻz aytganlari boʻladigan qasr qurishga qaror qilibdi. Bu haqida uzoq oʻylabdi, xayol suribdi. Oʻsha qasr bitsa, uning ichiga yashirinib olsa-yu opasi majburlab kitob oʻqitish uchun topolmasa qaniydi, deb xayol suribdi.

Orombek bir kuni yuziga kitobni qoʻyib uxlab yotsa, uning tushiga qumdan qurilgan qasr kiribdi. Qasr xuddi orzusidagidek. Uning podshosi oʻzi ekan. Bashang kiyimlarda qasr toʻrida oʻtirib darslarini aʼyonlariga qildirib, oʻzi esa shirinlik yeb oʻtirganmish. U faqat buyruq berar, xizmatkorlari soʻzsiz aytganini muhayyo qilishar emish. Qasrda hamma sharoitlar bormish. Uygʻongach darsini qilmay, ovqatini yemay tushini oʻngiga aylantirish haqida bosh qotira boshlabdi. Nihoyat, uning miyasiga bir fikr kelibdi.

Uyda hech kim yoʻqligida, hovlidagi qumlarni yashirincha xonasiga tashibdi. Deraza yonidagi dars stolining ustiga xuddi tushidagiga oʻxshash qasr qura boshlabdi. Uzoq urinishdan soʻng tushidagi saroyga unchalik oʻxshamasa ham qasrga oʻxshash nimadir bitibdi.

Oʻgʻlining uzoq tashqariga chiqmay qoʻyganidan xavotir olgan otasi uni yoniga chaqirib rosa koyibdi: – Seni hech foydang tegmaydi. Xonangga qamalib olasan. Hech boʻlmasa oʻqishni eplasang boʻlmaydimi? – deb. Bu gaplar Orombekning bu qulogʻidan kirib, unisidan chiqib ketaveribdi. Oradan kunlar oʻtibdi.

U endi qasrni qanday bezatish haqida oʻylabdi. Opasi tugʻilgan kuniga sovgʻa qilgan roʻmolchani qirqib gilam qilib toʻshabdi. Flomasterdan kursi, mebellar, rangli qogʻozlardan devorga yopishtiradigan gulqogʻozlar yasabdi. Oʻyinchoqlari turadigan javoncha ham qilibdi. Oʻzi uchun oʻtiradigan hashamatli kursi, qasrning oʻrtasida aʼyonlar oʻtiradigan zal, onasining zarli roʻmolidan pardalar ham qilibdi. Noz-neʼmatlarni aytmaysizmi? Endi faqatgina u yerda oʻtirib hukmdorlik qilish qolibdi, xolos.

Hamma ishlar tugagach, uydagilarga xabar berish qaroriga kelibdi. Pardalari dadasining xonasidagidek hilpirab turishi uchun derazani ochmoqchi boʻlibdi-yu, qattiq shamol boʻlayotganini koʻrib qoʻrqqanidan qiya ochiq qoldiribdi.

Uydagilarga olamshumul yangilik yaratganini aytibdi. Hayratdan qotib qolishlarini koʻz oldiga keltirib, oʻzini baxtiyor sezgancha, qoʻyarda qoʻymay ularni xonasiga boshlab kelibdi.

Qaytib kelsa, ne koʻz bilan koʻrsinki, deraza katta ochilib ketib, “saroy” shamolda vayron boʻlgan, undan atigi bir uyum qum qolgan emish.

Flomasterlar xizmatkorlari jangda yengilgan ritsarlardek agʻanab yotganmish. Orombek uyidagilarning oldida rosa izza boʻlibdi.

– Shuning uchun faqatgina quruq orzu qilish yaramaydi. Uni koʻngildagiday amalga oshishi uchun, insondan tinimsiz mehnat va oʻqib izlanish talab qilinadi, – debdi dadasi.

 

Adiba Mengliyeva

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.