- Rukn: Ertaklar
Yam-yashil va go‘zal o‘rmonda bir-birini juda yaxshi ko‘radigan, doimo birga harakat qiladigan kabutarlar to‘dasi yashardi. Ular hamma ishni muammolarini birgalikda kengashib hal qilishardi. Birga yegulik izlab, topgan ovqatlarini inlariga olib kelib, birga ovqatlanardilar. Kabutarlar hech qachon ajralmas edilar.
Bir kuni kabutarlardan biri qattiq kasal bo‘lib qoldi. Uning ismi Tuki edi. Bechoraning qanotlari qattiq og‘rirdi. Shuning uchun Tuki umuman ucha olmasdi. Bu uning do‘stlarini juda xafa qilibdi. Ular galma-gal Tuki bilan qolishibdi, uni hech qachon yolg‘izlatishmabdi. Do‘stlarining g‘amxo‘rligiga qaramay, bechora Tuki tuzalib keta olmabdi.
Kunlardan bir kuni kabutarlardan biri: – Men o‘rmonning narigi tomonida dono boyqush yashashini eshitganman. Qushlar yaralanganda, uning oldiga borar, dono boyqush ularga yaxshi muomalada bo‘lardi. Keling, Tukini dono boyqushning oldiga olib boraylik. Balki boyqush uni davolay olar, – debdi.
Boshqa bir kabutar: – Ammo Tuki ucha olmaydi... Qanday qilib o‘rmonning narigi tarafiga olib boramiz – debdi. Boshqa kabutarlar:
– Biz uni olib uchamiz.
Shundan so‘ng, kabutarlar o‘rmonning to‘rt tomoniga tarqalib, Tukini ko‘taradigan buyum qidira boshladilar. Nihoyat, ular daryo bo‘yidan kichik bir savat topibdilar. Savatga barglar va yangi o‘tlarni to‘shab, Tuki uchun qulay, yumshoq joy hozirlabdilar. Tukini ehtiyotkorlik bilan savatga joylashtiribdilar. Keyin kabutarlarning har biri savatning bir chetidan oyoqlari bilan ushlab, boyqush tomon uchibdi. Nihoyat, boyqush Tukini juda sinchkovlik bilan tekshirgach o‘simliklardan dori tayyorlab, Tukining qanotlariga qo‘yibdi. So‘ng boshqa kabutarlarga qarab: – Qanotlari o‘z holiga keladi, – debdi. Uning aytishicha, Tuki bir muddat issiq yerda, imkoni bo‘lsa, janubda yashashi kerak ekan.
Kabutarlar dono boyqushga rahmat aytishib, Tukini savatiga solib, janubga uchib ketishibdi. Manzilga yetgach, chor-atrofni izlab juda issiq va chiroyli o‘rmon topibdilar. Ular ulkan daraxtga joylashibdilar. Bu yerda ham kabutarlar Tukini bir zum ham yolg‘iz qoldirishmabdi. Uni yaxshi yemish bilan boqishibdi. Tukiga astoydil g‘amxo‘rlik qilishibdi. Kunlar o‘tishi bilan Tuki qanotlarini sekin qimirlata boshlabdi. Tukining sog‘ayayotganini ko‘rib kabutarlar xursand bo‘lishibdi. Biroz vaqt o‘tgach, Tuki avvalgidek qanotlarini qoqa boshlabdi. Nihoyat, bir kuni ertalab Tuki butunlay tuzalib ketganini his qilibdi.
– Aziz do‘stlarim, menga ko‘rsatgan mehribonliklaringiz uchun ming rahmat. Men ancha tuzalib qoldim. Agar xohlasangiz, uyga ketishimiz mumkin, – debdi.
Kabutarlar qaytishayotganda, yo‘lda to‘xtab tabib boyqushga mingdan-ming rahmatlar aytishibdi. Ular inlariga yetib kelib qarashsa, qadrdon qo‘shnilari quyon, sichqon va chumolilar kabutarlarning inlarini bezatib, ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib o‘tirgan ekan...
Qo‘shnilarining bu mehribonligi kabutarlarni, eng avvalo, Tukini juda shod qilibdi.
Turkchadan
Iroda AXATOVA
tarjimasi