- Rukn: Ertaklar
Bir kuni Zulayho kampirning shaharlik nabirasi ota-onasi bilan mehmonga kelibdi. Kampir:
— O‘zim aylanay asal bolamdan, – deb nabirasini bag‘riga bosibdi. — Biyiginangni sog‘intirib yubording-ku. Charchab qolmadingmi yo‘lda?
— Mashinada mazza qilib keldim, nega charchayman? – debdi taltayib nabira.
Kampir mehmonlariga osh damlabdi. Dasturxonga fotiha tortilgach, achchiqqina ko‘k choy ho‘playotgan o‘g‘il gap boshlabdi:
— Shu desangiz, onajon, nabirangizni bir haftaga yoningizda qoldirmoqchiman. O‘zim keliningiz bilan ishxona tarafdan safarga ketyapman. Shu vaqt ichida ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz.
— Mayli, o‘g‘lim! – debdi ko‘zlari chaqnab kampir. — Qolaversin. Qaytaga yolg‘iz turgandan sherik bo‘lgani ming marta yaxshi. Agar ruxsat bersang, to o‘qish boshlangunga qadar menikida tursin.
Afsuski, kampirning quvonchi uzoqqa cho‘zilmabdi. Chunki shaharlik nabira tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan bezori ekan.
Mahalladagi xotinlar bu bolaning dastidan “dod” debdi. Shumtaka ko‘chaga chiqishi bilan hamma bolalar uy-uyiga kirib ketadigan bo‘libdi. Bechora buvisining g‘alamis nabirasi ketidan eshitmagan dakkisi qolmabdi.
Kunlarning birida xonada o‘tirib zerikkan bolakay og‘ilga chiqibdi. Qarasa, qovog‘ari g‘ishtning orasiga in qurganmish. Shum bola “Bularning ham bir dodini beray”, deb cho‘pni arining iniga ikki-uch marta tiqibdi-da, orqasiga tumtaraqay qochibdi. Arilar bu ishni kim qilganini ko‘rmay, oxirda o‘t chaynab turgan sigirni chaqibdi.
— Esing joyidami seni? – debdi darg‘azab sigir. — Nega meni chaqasan?
— Nega shu yerda turib bizga xabar bermading? – debdi mag‘rur ohangda arilardan biri. — Bir og‘iz “Mo‘-o‘” desang, hozir ikkita askarim halok bo‘lmasdi. Loqaydliging uchun nasibangni olding.
Sigir biroz qizishib u yoq, bu yoqqa alanglabdi-da, nima deyishini bilmay yana pichan kavshashga tushibdi.
Tinib-tinchimas bezori ko‘chadan o‘ziga sherik topolmagach og‘ilxonaga qaytibdi. Sigirning oldiga kelib, bo‘ynidan siypalabdi.
— Moshoncham, moshijonim. Baqraygan ko‘zlaringdan! – deb ko‘ziga g‘o‘zapoya tiqib qochibdi. Bechora sigirning ko‘zlaridan shashqator yosh oqibdi. Ozgina qonabdi ham. Sigir indamabdi. Bundan ogoh bo‘lgan kampir sigirning qovog‘ini nomakobda yuvibdi. Doka bilan artib, bog‘lab qo‘yibdi.
Bir kuni yana bolakayning shumligi tutibdi. Sigir bilan o‘ynamoqchi bo‘lib, molxonaga otlanibdi. Qarasa, sigir uxlayotganmish. Sekin borib, dumiga arqon solib, uzoqdagi bolorga bog‘labdi. Peshinda kampir kelib, oxurga xashak tashlabdi. Sigir qo‘zg‘alib ovqatlanmoqchi bo‘lsa, oxurga bo‘yni yetmasmish. Go‘yoki, kimdir uning dumidan tortib, kavshanishga qo‘ymayotgandek. Alam ichida sigir besh-olti marta mo‘rabdi. Xavotirlanib, chopib kelgan kampir qarasa, sigirning dumi bolorga bog‘langan emish. Uning dumini arqondan bo‘shatib, daraxtning uchiga chiqib olib o‘rik yeyayotgan nabirasini koyibdi:
— Hech bo‘lmasa, shu hayvonlarni tinch qo‘y, bolam! Bularning aybi nimaki, sen bunchalar azob berasan?
— O‘zim bilaman, – debdi shum bola buvisining gapidan achchiqlanib.
Kampir “Qulog‘iga ilsa ilar, ilmasa o‘zi bilar”, deb sigirni sog‘ishga tushibdi. Shu payt jizzaki shumtaka buvisidan ham arazlab, unga nimaga qodirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘libdi. Ariqdan baqa tutib kelib, sekin borib sigir sog‘ayotgan buvisining ko‘ylagi ichiga solibdi. Bechora kampir ichida muzdek narsa tipirchilagandan hadiksirab, qo‘rqib ketib chelakni ham tashlab sakrab o‘rnidan turibdi-yu, tezakka sirpanib yiqilibdi. Ichidagi baqa tushib o‘zini tovuq katagiga uribdi. Tovuqlar qaqillabdi, xo‘roz qichqiribdi, qo‘y va echkilar marab shovqin ko‘taribdi. Sigirning esa ko‘zidan yosh qalqibdi. Nabira sigirning ko‘ziga shunchalar yomon ko‘rinibdiki, qarsillatib peshonasiga tepibdi. Bola buvisining oyog‘i tagiga uchib tushib, qattiq dodlabdi. Kampir oyog‘idagi og‘riqni ham unutib, nabirasini quchoqlab, supaga olib boribdi. Ichkaridan doka olib chiqib bog‘labdi. Shum bolaning na to‘polon qilishga, na sigirning jig‘iga tegishga holi qolmabdi.
Echki hayron bo‘lib sigirdan so‘rabdi:
— Inakjon! – debdi soqolini selkillatib, — anavi bezori senga shuncha yomonlik qilsa ham indamaganding. Nega endi senga ziyoni tegmagan paytda jazolading?!
— To‘g‘ri, u menga qancha jazo berib rohatlansa ham bariga chidadim. Lekin beozor buviga qilgan ishini ko‘rib jim turolmadim. To‘polonchi hali yonimda jimitdek, aqli ko‘p narsaga yetmaydi, sho‘xligidan rohatlanadi. Kimgadir ozor beryapman, deb o‘ylamaydi. Biroq, bu buvisini ranjitishi mumkin, degani emas. Shunday ekan, menga yem-u suv berib, tagimni tozalab g‘amxo‘rlik qilayotgan kampirning ozor chekishiga qanday dosh beray?!
Azim AXTAMOV