Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ajoyib gʻoya

Qishning qahraton kunlaridan birida menda ajoyib gʻoya tugʻildi! Boshpanasiz va sovuqda izzillab yemish izlaydigan qushlar uchun in qurib berish! Men tushdan keyin oʻqiyman, darslar tugagandan soʻng uyga kelib, gʻoyamni dadamga aytdim-da, yordam berishlarini soʻradim.

– Oʻgʻlim, qushlarga in qurish uchun kech boʻldi. Hademay qorongʻu tushadi. Bugun juma. Keling, yaxshisi bu ishni yakshanba kuni ertalabdan boshlaylik?

Lekin men negadir ishni shu tobda boshlagim kelardi. Bu injiqlik emas, qushlarga achinganimdan. Chunki maktabdan qaytguncha juda sovqotib, qornim ochib ketgan edim. Balki sovuq va ochlikdan hayolimga shu gʻoya kelgandir: “Bechora qushlar! Kap-katta boʻla turib men shunchalar sovuq qotsam va ochqolsam, qushlar qanday chidayotgan ekan?”

– Dadajon, hozir boshlay qolaylik. Qancha erta boshlasak, shuncha yaxshi! – deya dadam oʻzlari tez-tez qoʻllaydigan gapni takrorladim. Dadam istamaygina rozi boʻldilar.

– Yaxshi, faqat tezda ovqatlanib oling!

Kechki ovqatdan keyin biz qushlar uchun uy qurishni boshladik. Dastlab, fanerdan zaruriy qismlarni tayyorlab oldik. Uchta yon tomon devorlari, oldingisi teshikli. Keyin pastki qism va tom uchun ham. Tom nishabiga ikkita bir xil taxtachalar tayyorlab olgach ishga kirishdik. Kechga yaqin inni qurib bitkazdik. Men oʻzimda yoʻq xursand edim!

– Dada, uychani hoziroq daraxtga osib qoʻyaylik.

– Nega buncha shoshyapsiz?

– Qushlar sovqotib qolishadi-da!

– Yoʻq, boʻldi, qolgani ertalabga. Hozir qushlar uxlashyapti yoki uxlashga hozirlanishyapti.

– Qayerda uxlashadi. Axir biz uni uyi yoʻq qushlar uchun yasadik-ku!

– Sizning qushlaringiz qorongʻida bu uyani topa olmasalar kerak, oʻgʻlim. Keling, ertalab davom ettiramiz.

– Yoʻq, dada! Balki qaysidir boshpanasiz qush mening uychamni koʻrib qolar?! Sovuq qotib, ochqolganidan ularning koʻzlari kechasiyam yaxshi koʻradi! – dedim bilagʻonlik qilib.

Dadam kulib qoʻydilar, demak niyatim jiddiyligi ish berdi. Dadam aytganlaridek, issiq boʻlishi uchun uyaning ichiga qirindi va qipiq toʻshadik. Darchasining oldiga qoʻndoq oʻrnatdik, uning ustiga kichik fanerni qotirib, bir siqim guruch sepib qoʻydik-da, ancha xotirjam tortib, bogʻdagi katta oʻrik daraxtiga oʻrnatdik.

– Dada, sizga katta rahmat! – dedim.

– Sizga ham, oʻgʻlim.

– Faqat xafa boʻlmang-u, sizning shoshqaloqligingiz oqlanmaydi. Koʻrasiz, ertalab uya boʻm-boʻsh boʻladi, – dedilar.

– Mayli, dada! Tong otsin, koʻramiz!

Toʻgʻrisi, dadamning noumidligiga ham xursand boʻldim. Chunki biz qurgan uya albatta qushlar bilan toʻlishiga ishonar edim. Erta tongdan oʻrnimdan turdim-u boqqa yugurdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, qoʻndoqqa qoʻnib olgan mayna uya ichiga qarab boshini qattiq-qattiq silkib chugʻurlardi. Men bor ovozimda dadamni chaqirdim:

– Dada, dadajon, tezroq buyoqqa keling! Qarang, mening uychamda allaqachon qushlar yashashyapti!

Dadam tashqariga chiqdilar va hayron boʻlib qaradilar.

– Balli, oʻgʻlim! Siz toʻgʻri aytgan ekansiz! Qatʼiylik qilib, yaxshi ish qildingiz, men esa sizning talabingizga rozi boʻlganimdan xursandman, – boshimni siladi dadam.

– Agar kecha inni qurib oʻrnatmaganimizda, maynalar rostdan ham muzlab qolishardi, toʻgʻrimi dada?

– Toʻgʻri, oʻgʻlim! Toʻgʻri! – meni mahkam quchoqladi dadam.

 

Sayyid-Toʻraxon SHOKIROV,

Toshkent shahar Chilonzor tumani

280-maktab 7-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.