Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men oʻqishni xohlayman

Tahririyatdan: Quyida eʼlon qilinayotgan voqeiy hikoyaning muallifi kimyo fanlari nomzodi, dotsent Ziyodulla Qodirov boʻladilar. Olimning bolaligi Ikkinchi jahon urushining ogʻir va mashaqqatli yillariga toʻgʻri kelgan. Ustoz umr yoʻllarida boshidan kechirgan ayrim lavhalarni hikoya tarzida qogʻozga tushirganlar. Bugungi tinch va farovon kunlarning qadriga yetish uchun bobolarimizning kechagi kunlaridan boxabar boʻlishimiz kerak. Ushbu hikoyadagi manzaralar sizni ham fikrlashga, mulohaza qilishga undaydi, deb oʻylaymiz.

 

Men oʻqishni xohlayman

1946-yil bahor fasli juda yaxshi keldi. Mart oyida tinimsiz yoqqan yomgʻir qir-adirlarni koʻm-koʻk maysalarga burkadi. Ana shunday kunlarning birida Umriya aya oʻgʻliga:

– Sigirni dalada boqib kelsang yaxshi boʻlardi, – dedi.

Olimjon xoʻp boʻladi, dedi-yu ustidagi eski kiyimlarini yechib, yaqindagina onasi oq boʻzdan tikib bergan yoqasi yoʻrmali koʻylak va shalvarini kiyib sigirni yetaklab chiqib ketdi. Yoʻlda katta amakisining oʻzi tengi oʻgʻli Xayrullani koʻrdi. U kitob-daftar solingan, boʻzdan tikilgan jildini orqalab, kalishini sudragancha shoshib ketardi.

Olimjon hay-haylab toʻxtatdi.

– Qayoqqa boryapsan?

– Maktabga.

– Maktabing qayerda?

– Hu ana, koʻrmayapsanmi, oqlangan baland machitni. Men oʻsha yerda oʻqiyman.

– Men ham sen bilan borsam boʻlmaydimi?

– Nega boʻlmasakan, boʻladi. Sigiringni nima qilasan?

– Qozigʻini shu yerga qoqaman-da, ketaveraman. Arqoni uzun, oʻt koʻp. To yeb boʻlguncha, qaytib kelaman.

– Unda sigiringni tezroq bogʻla, – shoshirdi Xayrulla.

Ikki oʻrtoq machitning zax bosgan xonasiga kirib keldilar. Bu Xayrulla va uning sinfdoshlari oʻqiydigan sinf edi. Yerdan koʻtarilayotgan zaxdan devorning bir metriga qadar joyi uvada boʻlib yotardi. Oʻquvchilar taxtadan yasalgan skameyka va partalarda oʻtirishardi. Bolalar qiy-chuv qilib, Olimjonni savolga tutishdi:

– Oʻqishga keldingmi, kech qolmadingmi?

– Oting nima, nega maktab jilding yoʻq?..

Sizlar oʻqiydigan uyni koʻrgani keldim, – dedi Olimjon.

– Hey kichkina, uy emas, sinf de, – Olimjonni mazax qilib kuldi olifta bola.

Shu payt qoʻngʻiroq chalinib, sinfga oʻqituvchi kirib keldi. Birozdan keyin bolalar uyga vazifani oʻqiy boshlashdi. Olimjon ham ularga qoʻshilib “Lola, ola” deb soʻzlarni takrorladi. Oʻquvchilar orasida yangi bolani koʻrgan oʻqituvchi:

– E-e, toʻxta-toʻxta, – deya Olimjonning yoniga keldi:

– Birinchidan sen kitobni oyogʻini osmonga qilib, teskari ushlab oʻtiribsan. Ikkinchidan, oʻzi harflarni bilasanmi?

– Harflarni oʻrganganimcha yoʻq, – dedi Olimjon. Bolalar xoxolab kulishdi.

– Endi gap bunday. Sen bu yil oʻqishga kech qolding. Yaqinda darslar tugaydi. Hamma taʼtilga chiqadi. Yaxshisi, keyingi mavsumdan oʻqishga kel. Birinchi sinfga oʻzim qabul qilaman. Hozircha uyingga ketaver.

Olimjon uyiga qaytar ekan, yoʻl-yoʻlakay sigirini ham olib keldi va boʻlgan voqeani onasiga aytib berdi. Birozdan soʻng:

– Oyi, men bugun bibimni uylariga boraman. Yangam bir kuni gazetani sharillatib oʻqidilar. Ulardan oʻqishni oʻrgatishlarini soʻrayman. Ertaga yana maktabga boraman, hali Xayrullodan ham yaxshi oʻqiydigan boʻlaman, – dedi.

– Mayli bolam, judayam oʻqishni xohlayotgan boʻlsang, oʻzing bilasan, – deb rozi boʻldi onasi.

Olimjon buvisining uyiga borib, yangasidan oʻqishni oʻrganishga kirishdi. U Moʻsina yanga nimani aytsa, oʻshani darrov eslab qolishga harakat qildi. Shunday qilib, har kuni sakkiz-oʻn bet kitob oʻqib, ikki hafta ichida birinchi sinfning eng ilgʻor oʻquvchilariga yetib oldi. Toʻrt hafta deganda alifboni hammadan oldin tugatdi.

– Endi men nima oʻqiyman, – soʻradi ustozi Ahmad akadan.

– Rayonimizda “Paxta azamati” gazetasi har hafta chiqadi. Men oʻsha gazetani olib kelaman. Unda chiqqan kichikroq maqolalarni tutilmay, sharillatib oʻqib bersang, oʻqishingga qarab, senga baho qoʻyaveraman.

– Men albatta, besh bahoga oʻqiyman. Kecha maktab kutubxonasida “Oʻqituvchi” degan kitobni koʻrdim. Parda Tursun degan kishi yozgan ekan.

– Koʻrdingizmi bolalar, Olimjon qisqa vaqt ichida kitob oʻqiydigan boʻlib oldi. Undan oʻrnak olinglar, – dedi oʻqituvchi.

Shunday qilib, Olimjon qirq kunda birinchi sinfni tugatib, ikkinchi sinfga oʻtdi.

Yozning iyul oyi, kun issiq. Olimjon sigir boqib yurib, tushda kolxozchilar dam oladigan shiypon yoniga borib qoldi. Brigadir Mamat togʻa kolxozchilarga “Paxta azamati” gazetasidan maqolalar oʻqib berayotgan ekan. Ammo u chalasavod boʻlib, har bir soʻzni hijjalab oʻqir, maʼnosini chiqarib berolmay qiynalardi. Olimjon sigirining qozigʻini ariq ichiga qoqib, brigadirning yoniga bordi:

– Togʻa, hoʻ togʻa, gazetani menga bering, men oʻqib beray, – dedi.

– Sen-a? Nechinchi sinfni bitirding? – soʻradi brigadir.

– Birinchini.

– Birinchini bitirgan boʻlsang, sen ham oʻqiyolmasang kerak. Mana, sendan katta sinfni bitirgan Tosh, Sanoqul, Nosirlar ham yolchitib oʻqiyolmaydilar-ku, – dedi brigadir. Shunda oʻsha yerda oʻtirgan yoshi katta kishilar:

– Ha, bolaga ber-chi, qani bir oʻqib koʻrsin, shashtini qaytarma, – deyishdi. Brigadir noiloj gazetani Olimjonga berdi. Bola gazetadagi bir nechta maqolani sharillatib oʻqib, nima haqida yozilganini gapirib berdi.

– E, balli oʻgʻlon, otangga rahmat. Gap bunday boʻpti-da, brigadir, – dedi bolani kuzatib oʻtirgan hosilot Himmat togʻa va oshpazga buyurdi:

– Mana shu gazetxon bolaga ham yarim kosa atala bilan zogʻora non olib kel.

Oshpaz darrov buyruqni bajardi. Olimjon ariqdagi suvda qoʻl-betini yuvib, koʻylagining etagiga artdi-da, ovqat yeyishga oʻtirdi. Himmat togʻa bolaning yoniga kelib: – Har kuni bularga gazeta oʻqib berasan. Mehnat haqing yarim kosa atala bilan yarimta zogʻora boʻladi, maʼqulmi? – deb soʻradi. Olimjon bosh silkib, maʼqul ishorasini qildi. Shunday qilib, Olimjon har kuni tushda kolxozchilarga gazeta oʻqib berdi. Gohida hosilot Himmat togʻa bolaning otasi vafot etganini hisobga olib, ozroq bugʻdoy, arpa berib turadigan boʻldi. Toʻqqiz yoshidan esa unga mehnat daftarchasi ochildi. Olimjon kattalar qatorida kolxozda ishlay boshladi. Oʻninchi sinfni bitirgunga qadar ish bilan oʻqishni baravar olib bordi. Maktabni esa kumush medal bilan bitirdi.

 

Ziyodulla QODIROV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.