Hikoyatlar
Doʻstlar doʻstlarning vafosini asragaylar
Abu Homid bir kuni oʻrtogʻi bilan yoʻlda borardi. Oʻrtogʻi aytdi:
– Sen shu yerda kutib tur. Shu yaqinda kichkina ishim bor. Hozir kelaman.
Bordi va kelmadi. Abu Homid oʻsha yerda turdi. Kechasi qor yogʻdi. Ertasi kuni oʻrtogʻi keldi. Koʻrdikim, doʻsti qor ostida zoʻrgʻa tebranib turibdi. Uni qordan tozalab dedi:
– Sen haliyam shu yerdamisan?
Abu Homid dedi:
– Sen shu yerda kutib tur, kelaman, deb aytmaganmiding?! Doʻstlar doʻstlarning vafosini asragaylar!
Musofir izzati
Sirjoniyning oldiga bir musofir keldi. Uni yetmish marta bir igna uchun bozorga yubordi. Har safar bundan yaxshirogʻi kerak deb, yana qaytarardi. Sirjoniy qarib notovon boʻlganiga qaramasdan, har safar qaytib borardi. Yetmish marta borib kelganidan soʻng bir ignachini olib keldi, toki u istaganini yasab bersin. Musofir dedi:
– Afsus, aytganim xizmat haqining yarmiga munosib ekansan; agar yasaguvchini keltirmasang, yetti yuz marta seni qaytib joʻnatardim.
Ardollarning taomi
Ul debdirki, sayohatda Lubnon togʻiga tushdim. Abdollar (valiylar, avliyolarning bir toifasi)ning bir jamoasiga yoʻliqdilar. Bir yigit ularning xizmatida edi. Har oqshom bir miqdor giyohni pishirib, dasturxonga qoʻyar edi. Uch kun birga edim, har kuni ahvol shu edi. Toʻrtinchi kuni dedilarkim, bizning tirikchiligimizni koʻrding, biz bilan birga boʻlolmassan, borgil! Menga xayr duosi qildilar va ulardan ayrildim. Bir qancha vaqtdan soʻng Bogʻdodga tushdim, xizmatkor yigitni bozorda koʻrdimki, hammollik qilar edi. Oʻshamikin, deb shubhalandim. Surishtirsam, oʻsha yigit ekan. Nega bu xorlikka tushganini soʻradim. Dedikim, bir kun baliq qovurdim, taqsimlash chogʻida yaxshiroq qismini oʻz oldimga qoʻydim. Bu yerga tushdim va bu holgakim, koʻrarsen, qoldim.
Kitobni keltirmading
Qozining bir shogirdi undan bir kitob tiladi. Olgandan soʻng bir necha kun koʻrinmadi. Qoziga oʻsha kitob kerak boʻlib qoldi. Shogirdning uyini hech kim bilmasdi. Bir kecha shogird tushida koʻrdiki, qozi undan kitobni soʻramoqda. Ertasi kitobni koʻtarib, qozini oldiga bordi. Qozi unga boqib, dedi:
– To oʻzimiz soʻramaguncha, kitobni keltirmading!
“Nasoyim ul-muhabbat” kitobidan olindi.