Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ishqibozlar

Televizorda futbol boʻlish-boʻlmasligini Samad otasining xatti-harakatiga qarab biladi: agar otasi kechki taomdan soʻng yarmini kattakon chizma stoli egallagan chogʻroqqina xonasiga kirib ketsa, demak futbol yoʻq – bemalol multik koʻrishi mumkin. Agar televizor qarshisidagi yumshoq kresloga yastanib oʻtirib olsa... Tamom.

Bugun ham otasi ishdan qaytib, tezgina ovqatlandi-da, borib kresloga choʻkdi. Onasi u yaxshi koʻrgan bejirim chinni choynakda choy damlab keldi. Otasining harakatlarini jonsarak kuzatib turgan Samad har safargidek, yigʻlaguday boʻlib aftini burishtirmadi. Onasidan, birpas hovlida oʻynab kelay, deb soʻradi. Onasi uning xarxasha qilmaganidan quvonib, darhol rozi boʻla qoldi.

Samad shoshgancha tashqariga otildi.

Bahor oqshomi. Qarama-qarshi tushgan koʻp qavatli ikki gʻishtin bino oʻrtasidagi maydon – hovli bolalar bilan gavjum: kimdir eskirgan argʻimchoqda uchadi; kimdir turli rangga boʻyalgan narvonchalar atrofida oʻralashadi; yana kimdir qumxandaqda, qoʻlida yelim kurakcha, yomgʻir shibbalab ketgan qumni zoʻr berib chuqilaydi. Ikki bola narvonlar yonidagi yogʻochdan chiroyli qilib yasalgan kosmik raketa ichida allanimalar bilan mashgʻul. Qora koʻz, jajji bir bolakay esa sal narida tumshugʻini choʻzib turgan tuya oʻrkachlari orasiga joylashib olib, nari-beri chayqalgancha hadeb husht-hushtlaydi – goʻyo sarbon uzoq manzilga yoʻl tutgan. Xullas, kim nimani xohlasa, oʻsha bilan mashgʻul.

Samad hovliga tushganida, lang ochiq balkon derazalaridan futbol shovqini toshib chiqib, sharhlovchi ovoziga zoʻr bera boshlagan edi.

U bir muddat atrofga alanglab turdi-da, keyin raketa yoniga bordi va teshikdan ichkariga moʻralab soʻradi:

– Rustam, Baxti, multik koʻrasizlarmi?

Bolalar bajonidil rozi boʻlishdi.

Bolalar oldinma-ketin chopqillashib, qarshidagi yoʻlakka kirishdi-da, ikkinchi qavatga koʻtarilishdi, qora dermantin qoplangan eshik yonida toʻxtashdi. Samad oyoqlari uchida choʻzilib, eshik yonidagi qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Xiyol oʻtmay eshik ohista ochilib, ostonada oppoq soqoli chiroyli kuzalgan, barvasta chol paydo boʻldi. Bolalarning salomiga ochiq yuz bilan alik olib, eshikdan chetlandi.

– Kelinglar, bolalarim!

Bolalar koʻp tortinishib turmay, ichkari kirdilar.

Keng va shinam xona toʻrida rangli televizor ishlab turardi. Ekranda boshdan oyoq oppoq kiyingan sut sogʻuvchi qiz iymanibgina telemuxbirga intervyu bermoqda...

Bolalar devor tagidagi divanga qator tizilishib oʻtirdilar. Chol televizorni boshqa kanalga oʻtkazib, ularning yonidan joy oldi.

Ekranda Antarktida muzligi – ulkan kema muz bagʻrini tilkalab olgʻa intiladi... Bu manzara bolalarga uncha qiziq emas. Shuning uchun Samad betoqat soʻradi:

– Bobo, multik qachon boshlanadi?

Chol yonida turgan koʻzoynagini paypaslab topdi-da, devordagi soatga qaradi:

– Hali picha bor.

Nihoyat, bolalar kutgan vaqt keldi. Ertakchi xotin chiroyli jilmayib, yon-atrofini qurshagan jonivorlar bilan suhbatini yakunlagach, multfilm boshlandi.

Ekranda ertak: ikki chumoli oyga uchmoq niyatida yashil yaproqdan kosmik raketa yasamoqqa kirishdilar.

Xonada jimlik hukmron – cholning ham, bolalarning ham butun diqqati ekranda. Chumolilar urina-surina, nihoyat, raketani yasab boʻldilar.

Yashil raketa oʻt purkab koʻkka intildi.

Bolalar, samoga goʻyo oʻzlari uchayotgandek, gʻalati tipirchilab qolishdi. Chol ham ekranga mahliyo termulgan.

Chol oqshomlari yolgʻiz, kampiri kasalxonada, juda zerikadi. Oʻgʻli va kelini maʼlum muddatga chet elga komandirovkaga ketishgan. Shu damgacha u faqat konsertlarni koʻrardi. Samad bilan tanishib qoldi-yu, multfilmlarni ham tomosha qiladigan boʻldi.

...Oʻsha kuni Samad otasidan arazlab, hovlidagi skameykada oʻtirgan edi. Azbaroyi xafa boʻlganidan, yoniga kelib oʻtirgan cholni ham payqamadi.

– Nega xafasan, bolam? – soʻrab qoldi chol. U shunday yumshoq ohangda soʻradiki, Samad koʻngli oʻksib turgan emasmi, birdan yorila qoldi.

– Adamlar soʻkdilar.

– Nega soʻkdi?

– Televizor talashdik...

Televizor talashdik? – hayron boʻldi chol.

– Ha, televizor, – Samad labini choʻchchaytirdi. – Adam futbol koʻrganlari koʻrgan... Meni esa multik koʻrgim keladi.

– Ha, shunday demaysanmi? – dedi chol kulib. – Agar multik koʻrging kelayotgan boʻlsa, yur biznikiga!

Samad cholga ishonqiramay qaradi.

– Yur, yuraqol, – qistadi chol.

Samad birdan sevinib ketdi.

– Oʻrtoqlarimni ham chaqirsam maylimi?!

– Chaqiraqol.

Samad chopqillab Rustamlarnikiga chiqdi. Uyda hech kim yoʻq ekan. Ikki qavat yuqoriga koʻtarilib, Baxtiyorlarning eshigini qoqdi. Eshik sharaq-shuruq ochilib, avval futbol shovqini, soʻng Baxtiyorning onasi – yum-yumaloq xotin chiqdi.

– Senga nima kerak? – dedi u nimadir kavshab.

Samad bu xotindan hayiqardi. Shuning uchun botinmayroq soʻradi:

– Baxti uydami?

– Ha, nima edi?

– Multik koʻrmoqchi edik.

– Futbol boʻlyapti-ku?

– Biz anov... bizlarnikida... koʻrmoqchi edik.

– Him-m, – xotin birpas oʻylanib turdi-da, soʻng ichkari kirib ketdi.

Sal oʻtmay eshikdan Baxtiyor chiqdi. Xafaroq, koʻzlari qizargan.

– Seni ham urishdilarmi? – dedi Samad mehribonlik bilan.

– Burchakka turgʻazib qoʻyishdi, – deb javob berdi u tumshayib.

Chol ularni uyiga boshlab chiqdi. Oʻsha kuni ular mazza qilib multik koʻrdilar. Chol tayinladi: “Multik koʻrgilaring kelsa, tortinmay kelaveringlar”.

Shu-shu bolalar futbol kunlari cholnikiga chiqadigan boʻlishdi.

Chumolilarning oyga safari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ular oy sathida shunaqangi gʻaroyib sarguzashtlarni boshidan kechirdilarki, oqibatda bolalar chumoli boʻlib tugʻilmaganlariga juda-juda oʻkindilar.

Bolalar cholga rahmat aytib hovliga tushdilar. Hovlida oʻsha-oʻsha hol: kimdir qum chuqilar, kim argʻimchoq uchar, kimdir esa...

Bular futbol tufayli multik koʻrishdan benasib etilgan bolalar edilar.

Ochiq derazalardan futbol shovqini va futbol muxlislari – otalarning hayqirigʻi baralla yangrardi.

 

1985-yil 4-son

 

Normurod Norqobilov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.