Qorbuvi
Tuni bilan rosa qor yogʻdi. Ravshan bobo tongda hovlidagi qorlarni kurab, bir yerga uyub qoʻydi.
– Voy, buncha koʻp qor, – quvonib ketdi Firdavs. – Bobojon, endi Qorbobo yasaymizmi?
– Yasaymiz! – bobo bilan nabira ishga kirishib ketishdi.
– Bobojon, boshiga chelak kiydirib qoʻyamizmi? – soʻradi Firdavs Qorboboning qizil sabzili burni-yu, qop-qora koʻmir koʻzlari bitgach.
– Chelaging kichkina, uni Qorbolaga kiydiramiz. Qorboboga esa mening eski telpagimni beramiz.
– Urre, Qorbola ham yasaymizmi? U oʻrmondan oʻz-oʻzimga archa olib keladi-a?
– Olib keladi, sovgʻa ham olib keladi... – Qorbola tayyor boʻlganda hovliga Muhabbat buvi chiqib qoldi.
– Buvijon, qarang, bobom menga Qorbola yasab berdilar. U mening oʻrtogʻim boʻladi.
– Yaxshi boʻpti. Bobosi, agar sovuq oʻtmagan boʻlsa Malika qizingizga ham Qorqiz yasab bering, hozir maktabdan qaytadi, – dedi Muhabbat buvi yelkasiga xalta osgan Qorbolaga zavq bilan qarab, – xuddi Firdavsga oʻxshabdi.
– Buvijon, men Qorqiz yasay olaman. Oyim qalpoqlarini, boʻyinbogʻlarini berganlar. Bobomga katta roʻmolingiz bilan bir koʻzi singan koʻzoynagingizni bersangiz, sizga ham Qorbuvi yasab beradilar. Keyin Qorbobo, Qorbuvi, Qorqiz va Qorbola birga-birga oʻrmonga borib, hammamizga sovgʻa olib kelishadi, – dedi Firdavs sovuqdan qizargan burnini tortib.
M. HAMIDOVA