Yoʻl chetidagi kuchuk
Nasiba choyini apil-tapil ichgancha maktabga yugurdi. Lekin yoʻl chekkasida yotgan koʻzlari maʼyus kuchukchani koʻrdi-yu taqqa toʻxtadi.
“Bechoraning ochlikdan sillasi quridimikan, yoki tunda begona kuchuklar taladimikan? Biror narsa yeyishi kerak. Ovqat yesa, sogʻayib ketadi”, degancha undan uzoqlashdi.
Darsdan qaytayotib qarasa, it hamon oʻsha yerda yotibdi. Nasiba uni koʻtarib oldi. Kuchukcha qarshilik qilmadi. Nasiba kuchukni bostirmaga qoʻyib, uyga kirdi-da, yechinmasdanoq muzlatgichdan goʻsht olib iziga qaytdi.
Nasiba goʻshtni unga tutishdan oldin havotirda atrofga alangladi. Shu payt uy ichidan qadam tovushi eshitildi. Qizaloqning hadigi ortib, goʻshtni ortiga yashirdi. Ichkaridan onasi Halima opa chiqdi.
– Qayerdan olib kelding bu goʻrsoʻxtani? – dedi kuchukchaga hayrat aralash qarab.
– Maktabga boradigan yoʻlning chetida yotgan ekan, – dedi Nasiba yutinib.
– Nima boʻpti! Yoʻl chetida yotgan bir daydi itni uyga olib kelaverasanmi? Kasalligi koʻrinib turibdi-ku! Iflosligini qara. Hoziroq bu sassiqni koʻzimdan yoʻqot! – dedi onasi va qizi soʻzini ikki qilmasligiga ishonib, yumushlariga urindi.
Nasiba kuchukni olib uydan chiqar ekan goʻsht ham yodidan chiqmadi.
Kuchukni topib olgan joyiga qoʻygach, oldiga goʻsht tashladi. Shu vaqt kuchukning ochlikdan ichiga kirib ketgan koʻzlari charaqlab ochildi, shosha-pisha goʻsht yeyishga tushdi.
Shovqin bilan kelib toʻxtagan mashina Nasibani choʻchitib yubordi.
– Assalomu alaykum, – salom berdi Nasiba mashinadan tushib ularga qarab qolgan kishiga.
– Vaalaykum assalom, qizim. Kuchukchani shu yerdan topmadingmi, mabodo? – dedi amaki xushmuomalalik bilan.
– Ha, shu yerda yotgandi. Bu sizning kuchugingizmi?
– Ha, bizning kuchugimiz – Graf. Oʻtgan kuni uydan chiqib ketibdi. Butun oila oyoqqa turib uni qidirdik. Hayriyat, topildi. Qizim rosa xursand boʻladi. Tugʻilgan kunida sovgʻa qilgandim.
– Uyda it boqishga ruhsat berganmisiz?
– Albatta, axir it odamning doʻsti-ku!
– Mening oyim unday deb oʻylamaydilar. Yaxshiyam kelib qoldingiz, nima qilishni bilmay turgandim.
– Demak, ikkimizga ham yaxshi boʻlibdi. Kuchukchamizni och qoldirmaganing uchun rahmat, qizim.
Shu payt goʻsht yeb, qorni toʻygan kuchuk goʻyoki rahmat deganday Nasibaning tuflisini yalay boshladi.
Kuchukchaning egasi uni olib mashinasiga joylagach, Nasiba bilan xayrlashdi. Mashina gurillab oʻt oldi va yurib ketdi. “Oyim bekorga xavotir oldilar. Bechora kuchuk daydi ham, kasal ham emas ekan-u”, deb oʻyladi Nasiba mashinaning ortidan havas bilan qarab qolarkan: “Eh, qaniydi, mening dadam ham tugʻilgan kunimga kuchukcha sovgʻa qilsalar”, degan xayolda xoʻrsinganicha iziga qaytdi.
Muqaddas MAMARASULOVA,
Jizzax viloyati Zarbdor tumani Sanoat kasb-hunar kolleji oʻquvchisi