Kitobning qimmati
Gulnora xolaning uyida kattagina kutubxona bor. Chunki u har gal bozorga tushganida bolalariga shirinliklarga qoʻshib bitta yoki ikkita badiiy kitob ham olib keladi. Xolaning oʻgʻillari Nortoy bilan Norboy qizlari Gulmira va Naziralar boʻsh vaqt topdi deguncha kutubxonalariga kirib kitob oʻqishga tutinishadi. Chunki Gulnora xola olib kelgan kitobini avval oʻzi oʻqib oladi-da, qiziq-qiziq joylarini gapirib farzandlarining eʼtiborini jalb qiladi. Bolalarning sinfdoshlari ham biror kitob kerak boʻlsa, eng avval ulardan soʻrashadi.
– Nortoy aka, – dedi Nazira nonushta paytida, – “Mehrobdan chayon”ni oʻqib boʻldingizmi, dugonam soʻrayapti.
– Ozgina qoldi, bugun maktabga olib ketaman. Oʻqib tugatsam, senga aytaman, – dedi Nortoy. U sinfga kiriboq, partasi ustiga kitobni qoʻydi-yu, oʻqiy boshladi... Oʻqishga qiziqib ketganidan dars boshlanib, sinfga muallim kirib kelganini ham sezmadi. Baxtiga bugungi dars mavzusi sinfdan tashqari oʻqilgan kitoblar munozarasi ekan. Oʻquvchilar ikki guruhga boʻlinib oʻzlariga sardor saylashdi. Musobaqa qizgʻin boʻldi. Chunki ikkala taraf ham anchagina kitobxon ekan. Natija durang bilan tugadi hamki, Nortoy sezmadi...
– Eltoyev, kitobni uyda oʻqish kerak edi. Oʻzi qanday kitob ekan, boshingni koʻtarmay oʻqiyapsan, – dedi oʻqituvchi uning yoniga kelib.
– “Mehrobdan chayon”, domla. Lekin filmidan ancha farq qilar ekan. Juda taʼsirli. Kitobni singlimning dugonasi soʻragan edi. Voqealariga qiziqib ketibman, – uzr soʻrab oʻrnidan turdi Nortoy.
– “Mehrobdan chayon”ni keyingi yil oʻqiymiz, – dedi ustoz. – Juda yaxshi yozilgan, klassik asar.
– Bizga ham gapirib ber, – chugʻurlashdi bolalar.
– Yaxshi, ammo oʻzingiz oʻqiganingiz boshqacha taʼsir qiladi, – dedi Nortoy jilmayib. Bu gap ustozga ham maʼqul boʻldi. Uning tavsiyasi bilan bolalar kitobni navbatma-navbat oʻqiydigan, keyin asar asosida insho yozadigan boʻlishdi.
– Faqat bir shart bilan kitobni beraman, – dedi Nortoy, – uni ehtiyot qilasiz. Varaqlarini yirtmasdan, buklamasdan, iflos qilmasdan oʻqiysiz.
Bolalar rozi boʻlishdi. Navbat jurnaldagi roʻyxat boʻyicha tuzildi. Shu tariqa kitob qoʻlma-qoʻl oʻqila boshlandi.
– Nortoy, “Mehrobdan chayon”ni javondan topmadim, haliyam oʻqib boʻlmadingmi? – soʻradi Gulnora xola bir kuni oʻgʻlidan.
– Ertaga olib kelaman, uni sinfimizdagi oxirgi oʻquvchi Yahyoyeva oʻqiyapti, – quvonib dedi Nortoy. – Tanaffuslarda faqat shu kitob haqida gaplashyapmiz.
– Juda yaxshi, ammo... – oʻylanib dedi xola, – bugun anhor boʻyida shu romanning sochilib yotgan varaqlarini koʻrib qoldim. Ishqilib bizniki boʻlmasin-da.
– Qiziqmisiz oyi, bizning sinfda unaqa kitob yirtadigan bolalar yoʻq, – dedi ishonch bilan Nortoy. Biroq negadir koʻngli xijil tortdi-yu, anhor tarafga yugurib ketdi. U sochilgan varaqlardan bir nechtasini qoʻliga oldi-yu, baqirib yubordi. Chunki oyisi har gal yangi kitob olganda uning ichki muqovasi va 3-sahifasiga “Gulnora Xoliqova, shaxsiy kutubxonasi”, deb kitob sotib olingan kun va sanani yozib qoʻyardi. Nortoy “Nega uni maktabga olib keldim-a, uyda oʻqiyversam boʻlmasmidi!” deb rosa xafa boʻldi. Uyga qaytgach, onasiga indamadi. Chunki nima gapligini aniqlashni istadi.
Ertasiga sinfga kirsa sinfdoshi Gulsanam yigʻlab oʻtiribdi. Maʼlum boʻlishicha, Gulsanam Jasurdan kitobni olgach, sinfdayoq oʻqishni boshlabdi. Biroq chiqishga qoʻngʻiroq chalinishi bilan ketishga shoshilibdi. Natijada kitob esidan chiqibdi. Tushdan keyin shu sinfda oʻqiydigan 2-sinf oʻquvchisi Dilshod kitobni topib olibdi. Partadoshi bilan talashib yirtib qoʻyibdi. Uyga qaytayotib yirtiq kitobni anhor boʻyiga tashlab yuboribdi... Gulsanamga bu haqda Dilshodning sinfdoshi aytibdi. Ammo, Gulsanam uni anhor boʻyidan topa olmabdi.
– Dadam shaharga tushsa kitobingni oʻrniga yangisini olib beradilar, – dedi Gulsanam hiqillab. Nortoy indamadi. Dilshodni kutdi. U esa shu kuni maktabga kelmadi.
Uyga borgach voqeani onasiga aytib berdi. Gulnora opani avvaliga jahli chiqib, qovogʻini solib oldi. Keyin oʻgʻlining holatini tushundi shekilli:
– Koʻp kuyinaverma oʻgʻlim, shuncha bola oʻqibdi-ku, demak kitob oʻz vazifasini bajaribdi. Chunki kitobning qimmati uni koʻp oʻqilganligida. Lekin men bilaman, oʻsha Dilshod ham sal katta boʻlsa, kitob rang-barang olam bilan tanitadigan aqlli doʻstligini, uni yirtish esa uvolligini bilib oladi, – dedi.
Xudoybergan Shomurodov,
Xorazm viloyati Yangibozor tumani
faxriy oʻqituvchi