Ola
Salom, doʻstim! Yana oldingga keldim... Esingdami, seni koʻchadan topib olganimda hali sutdan chiqmagan kuchukcha eding.
Yodimda, mayus koʻzlaringni yoʻlimga tikib, uyimiz yonida yotgancha oʻqishdan qaytishimni kutarding. Muyulishdan koʻrinishim bilan men tomon chopib kelib, jonsiz oyogʻimga suykalib erkalanarding. Bular hech qachon xayolimdan ketgani yoʻq. Ola!
Esingdami?..
* * *
Toʻlqinlar oʻzlarini bahaybat toshlar yuziga betinim urib parchalanib ketadi-yu, onda-sonda kelib sohil betini yuvgandek boʻladi. Sershovqin, shiddatli toʻlqinlar aslida juda sokin. Aslida, shu sokinlik koʻngilda junbushga kelayotgan oʻtli alamga, iztirobga oʻzgacha taskin berayotgandek, dil ogʻrigʻini bosgandek boʻladi.
Aravachada soʻngsiz dengiz tomon xayolchan tikilib oʻtirgan Bardoshning oʻylari oʻynoqi toʻlqinlardek hadsiz, bepoyon ummon kabi tubsiz, niyati va orzulari purviqor togʻlar kabi haybatli, ammo...oyoqchalar, ojiz oyoqchalar, jonsiz oyoqchalar. Odamlardek oʻz oyogʻida yurish, sakrash, madori qolmaguncha yugurish, bu lahzalarni Bardosh har kuni tushida koʻradi.
...Momiq junli, ulkan kallali, binoyidek qora kuchuk tilini osiltirib, dumini likillatib halloslab bolaning oyoqlari yoniga kelib, sekin oʻtirdi. Bardosh qoʻl soatiga qaradi. Vaqt boʻldi, endi ketish kerak, birozdan soʻng kech tushadi.
Bardosh aravacha tutqichida osigʻliq turgan arqonni itning tasmasiga siqib bogʻladi... sohil boʻylab chopayotgan Olapar aravachani goʻyoki shamol misol yeldek uchirib borardi. Bardosh qoʻllarini tepaga qilib, xursandchiligidan “mazza” deya hayqirar, yuzlarini silayotgan mayin shabboda esa ruh-taniga oʻzgacha iliqlik baxsh etardi...
U sohil boʻyiga har kuni tushdan soʻng kelib, toʻlqinlarga soatlab tikilishni, oʻzini shu toʻlqinlar kabi hayot ummonida asta suzayotgan maysa kabi tasavvur qilishni xush koʻradi. Bu unga allaqanday ajib tuygʻular ulashib qalbini yoritgandek boʻlardi. U shu dengiz kabi viqorli, shiddatli boʻlishni xohlar, butun qalbi bilan bunga intilar, bir kunmas bir kun oʻz kuchi bilan oyoqqa turishni koʻz oldiga keltirib, akasi Nozim kabi mustaqil velosiped haydashni xayol qilardi.
...Uch yildirki, Ola Bardoshning aravachasini matonat bilan tortadi. Boʻyniga osilgan tasmali arqon unga bir umrlik yoʻldoshidek boʻlib qolgan. U hech nolimaydi. Soatlab aravani tortsa-da, arqon qiygan boʻynidagi ogʻriqni Bardoshning bir lahzalik kulgisi esidan chiqaradi.
Oʻn ikki yil muqaddam nogiron tugʻilgani uchun, bu qiyinchilikni matonat bilan yengib oʻtadi, deb unga shunday ism qoʻyilgan edi – Bardosh! Ammo, shuncha yillar oyoqqa turish umidi bilan yashadi. Ilojsiz, jonsiz, ojiz oyoqlariga tikilib charchadi. Umidlar soʻndi, harakat toʻxtadi, ruhiyati choʻkib qoldi. Faqat Olani topib olgan kundan boshlab hayotga biroz ishtiyoqi oshdi. Bardoshning akasi bor, ukasi yoʻq. Ola uni ukasidek, sirdoshidek, baʼzan akasi, ota-onasiga aytmagan orzulari, dilidagi alamlarini “ukasiga” aytib koʻnglini boʻshatadi. Goʻyoki yagona dardkashi mana shu kuchuk, u har doim bolaning gaplarini quloqlarini dikkaytirib tinglaydi-da, onda-sonda maʼqullagandek vovullab qoʻyadi.
* * *
Sohil boʻyidagi oʻsha tanish manzara. Ola mayus koʻzlari bilan Bardoshga tikilib turardi. U nega yigʻlayapti, ilojsizlikdanmi?! Ha, qoʻlidan hech nima kelmaganidan, taqdir hukmiga koʻnib yashashning azobidan qiynalib koʻz yosh toʻkyapti. Necha yil boʻldi, hamon kichik jussalaridan oʻksinib yigʻlaydi. Aslida, bu koʻz yosh emas, balki taqdirning achchiq iztirobi. Har safar shu sohil uning toʻkayotgan achchiq koʻz yoshlariga guvoh boʻladi-yu ilojsizlikdan asta chayqalib mavjlanishda davom etaveradi. Axir qachongacha shunday yashash mumkin. Qachongacha oʻzini azoblab kun kechirish kerak. Yoʻq. Boʻldi. Tamom.
Ola toʻsatdan vovullashga tushdi. Goʻyo Bardoshning koʻnglidagi iztirobdan qutqarmoqchi boʻlayotgandek tinmay vovullab, u yoqdan bu yoqqa sakrardi. Bardosh Olaga hafsalasizgina qarab, “Jim boʻl”, deb boshini quyi egdi. Ammo Ola avvalgidan-da balandroq akillayotganidan Bardoshning asabi taranglashdi. Bardosh Olaning boʻyniga arqon tashlamoqchi boʻlib qoʻl uzatgandi u birdan arqonni mahkam tishlab tortdi. Bardosh aravachadan koʻkragi bilan yerga yiqildi.
– Nima qilyapsan, bu nima qilganing axir? – dedi u boshini koʻtarganidan soʻng.
Olaning ovozi quloqni batang qilardi.
Bardosh ogʻriqdan yuzi burishib Olaga qaradi. U kuchukning koʻzlarida nima demoqchi ekanligini angladi.
– Oʻrnimdan turishimni istayapsanmi?
– Vov-vov.
– Yuraymi... lekin yurolmayman, buni foydasi yoʻq, meniki tugʻma.
– Vov-vov.
– Yaxshi, urinib koʻraman, faqat koʻp akillama, – u aravachaga tirmashib, bir amallab, avval oʻng toʻpigʻini yerga qoʻydi, keyin ancha qiynalib chap oyogʻini koʻtardi. Endi u salkam oyoqda turdi. Faqat aravachadan qoʻlini qoʻyib yuborsa boʻlgani. – Yoʻq, qoʻrqyapman, – peshonasidan yumalab tushayotgan issiq ter qoshlari orasidan tomchilab oqardi. Bir amallab qoʻlini qoʻyib yubordi. Ammo, joyidan qimirlash uchun madori yetmas, goʻyo hozir oldinga qoʻzgʻalgudek boʻlsa yiqiladigandek bir joyda turib qoldi. Bir chetda jim oʻtirgan Ola yana vovullashga tushdi.
Bardosh asta oyogʻini oldinga tashlamoqchi edi, oʻzini ushlay olmay yiqildi. Bu safar avvalgidan-da qattiqroq yiqildi. Hatto, shilinib qonayotgan toʻpigʻiga ham eʼtibor bermay, yana turishga urindi. Aravaga bor ogʻirligini tashlab amallab turdi. Endi yurish kerak, oʻng qoʻli bilan oyogʻini oldinga tortdi. Ishladi. Qimirladi. Endi chap oyoq. Ha, ishlayapti, u yurdi. Toʻgʻri, endi ikki qadam, lekin, eng muhimi, bu boshlanishi. Bardosh toʻpiqlarining zirqirashidan lazzatlanib yigʻlardi. Chunki oyoqlar endi ogʻriqni sezyapti, ishlayapti, bu quvonch koʻz yoshlari edi.
* * *
Esingdami, men yura boshlagan, oʻzimga ishonchim mustahkamlangan kunda xursandchilikdan uyga kech qaytdik. Dadamga kutilmagan sovgʻa qilmoqchi edim, lekin u kech qolganimizga qattiq jahli chiqdi, bunda seni aybladi. Va jazo sifatida sening belingdan qattiq ushladi-da hovli chetidagi oʻraga jahl bilan uloqtirdi. Men dadamdan qattiq ranjidim. Aravachani oʻra tomonga haydadim. Zaifgina ingrayotgan ovozing meni holsizlantirdi. Sen esa menga tim qora koʻzlaring bilan bir zum umidvor tikilib turding-da keyin boshingni oyoqlaring orasiga suqqancha yotib olding...
Tundlashib boʻgʻilib qolgan bulutlar uzra koʻp oʻtmay tomchilar tusha boshladi va tezda yomgʻirga aylandi. Qoʻqqisdan roʻy bergan chaqmoq ovozidan uygʻonib ketdim. Momaqaldiroq betinim chaqar, olamni yoritib yuborgudek bir zum yonib oʻchardi. Boshimni koʻrpani ichiga yashirib, koʻzlarimni mahkam yumib olgandim. Boisi, rahmatli buvim aytib bergan qoʻrqinchli rivoyatlar meni choʻchitib qoʻygandi. Keyinchalik qoʻrquv mening katta xatoyim ekanligini tushunib yetdim.
Tongga yaqin yomgʻir tindi. Hammayoq hoʻl. Aravachamni sudrab hovliga chiqdim. Olaga nima boʻldi ekan, yomgʻirda qolib ketgandir, degan oʻy bilan uyning orqa tomoniga oʻtdim. Lekin oʻraga koʻzim tushdi-yu, bir zum tosh qotdim. Oʻra yomgʻir suviga liq toʻlgan. Suv yuzasida esa sening jonsiz tanang suzardi... Oh! Nega unday boʻldi? Sen hali yashashing kerak edi. Sen bunga haqli eding... Oʻsha payt menga tikilgan koʻzlaring vidolashuv koʻzlari, soʻnggi fursat onlari ekanligini kech angladim.
Oradan ancha yillar oʻtdi. Endi men boshqalardek yura olaman. Shu emasmidi sening maqsading, sening orzung?! Men sening ishonching bilan oyoqqa turdim. Endi sen uchun, sening uvol ketgan hayoting haqqi ISHONCH bilan yashayman. Buning uchun sendan minnatdorman. Rahmat senga, Ola!
Muhammad Murod