Mehrning kuchi
(voqeiy hikoya)
Baxmal tumanidagi koʻplab chuqur dara, qingʻir-qiyshiq soʻqmoq, adogʻsiz yaylov va baland choʻqqilar osmonoʻpar Oyqor togʻlariga tutashib ketgan. Past-baland yoʻllardan yurish oson emas. Togʻ oy shaklini eslatuvchi oppoq qor bilan qoplanganligi uchun Oyqor deb nomlangan. Oyqor choʻqqilarida koʻp yillik qor qoplamlari mavjud. Bu xilvat goʻsha jigarrang va qoʻngʻir ayiqlar makoni.
Kuz boshlanib ochlikdan sillasi qurigan navqiron erkak ayiq dimogʻiga togʻ echkisining isi urildi. Endi uloqcha omon qolish uchun joyida qimirlamay yotishga majbur. Hatto nafas olsa ham oʻzini fosh qilib qoʻyishi mumkin. Ayiqning asosiy ov quroli uning sezgir burni. Chunki ayiq hid bilish va koʻrish yordamida “ov” qiladi. Hech qanday oʻlja uning yassi burni va oʻtkir tirnoqlaridan qochib qololmaydi. Yaxshiyam yaqinda boʻlib oʻtgan jala va toshqindan soʻng ovchi ayiq oʻlja isini yoʻqotib qoʻydi. Uloqcha yirtqichdan qutilib qoldi. Omadsiz ayiq yana oʻlja axtarib yoʻlga tushdi. Chunki u iliq kunlardan foydalanib qishki uyqu oldidan vazn va kuch toʻplashi kerak. Ayiqlarning qishdan omon chiqishi oʻsha zahira vaznga bogʻliq.
Togʻga yoqqan qalin qordan havo sovub ketdi. Atrofdagi daryo va koʻllar muzladi.
Hali qishki uyquga kirmagan ona ayiq kaftdek ochiq maydonda bolalari bilan quyosh taftidan yayrar ekan, hushyorlikni unutmaydi. Kutilmaganda ona ayiq vujudidan kuch yogʻilayotgan, ammo ochlik tufayli biroz dovdirab qolgan erkak ayiqqa toʻqnash keldi. Erkak ayiqning panjalari gurzidek, oʻzi ancha tajovuzkor. U roʻparasida tayyor yemishni koʻrib, tanasiga kuch kirdi shekilli, vahimali oʻkirib oldinga tashlandi. Ayiqchalar qoʻrquvdan qotib qolishdi. Axir ochiq maydonda har narsa boʻlishi mumkin.
Togʻlarning shafqatsiz sharoitiga moslashgan va bolalarini himoyalash hadisini olgan ona ayiq imo-ishora bilan bolalarini yoniga toʻpladi va ularni shu atrofdagi qalin terakzorga boshladi.
Chunki ayiqchalari daraxtga tirmashib chiqishni yaxshi biladi. Xuddi oyoqlarini ilgakka qoʻygandek yuqoriga bemalol chiqa olishadi. Shu topda baland teraklar ularga ishonchli boshpana boʻla oladi. Ona ayiq bolalarini xavfsizligiga ishongach, erkak ayiqni chalgʻitish, xavfni daf qilish uchun iziga qaytdi. U raqibidan kuchsizligini bilsa-da, och ayiq bilan ayovsiz jangga kirishdi. Chunki u hozir qoʻrqoqlik qilsa yoki yengilsa, bolalari omon qolmaydi. Ana shu xavotir unga bemisl kuch berdi. U jonini xatarga qoʻyib, tajovuzkor yirtqich bilan jangga kirishdi. Ona ayiq kuchiga emas, koʻproq mahoratiga tayandi. Bolalariga boʻlgan mehr ona ayiqqa jurʼat boʻldi. U dadil hujumga oʻtdi. Kuchiga ishongan raqibi esa faqat qornini oʻylab jang qildi. Kurash uzoqqa choʻzilmadi. Ona ayiqning kuchli zarbalariga dosh berolmagan erkak ayiq gandiraklab ortga chekindi.
Hammayogʻi timdalangan, yaralaridan qon oqayotgan ona ayiq arang bolalari yoniga yetib bordi. Ularni xavfdan saqlab qoldi va kelajagini hal qildi. Hech narsadan bexabar bolalar yugurib kelib, onalarini yalab-yulqashdi. Kenjatoyi esa yoniga bir siqim asal tashladi. Ona ayiq mehr bilan bolasini boshiga panjasini qoʻydi.
Sabo HILOLIDDINOVA,
Jizzax viloyati Gallaorol tumanidagi 45-maktab oʻqituvchisi