Asʼhad va Garun
(“Qish edi” romanidan parcha)
Taniqli bolqor shoiri Qaysin Quliyev (1917–1985) xalqimiz madaniy merosi, ayniqsa, Hazrat Navoiy asarlarini yuksak qadrlagan. Shu bois yurtimizga har gal katta mamnuniyat bilan kelardi. Ustoz adiblarimiz bilan doʻst tutingandi. Asarlarimizni asliyatdan oʻqish maqsadida oʻzbek tilini mustaqil ravishda oʻrgangandi. Xalqimiz hamon uning sheʼrlarini sevib oʻqiydi. Uning ona tilimizda “Gul va xanjar”, “Koʻzlaringni sevaman”, “Hayrat” va “Mening mukofotim” kitoblari nashr etilgan.
Shoir nasrda ham barakali ijod qilgan. Uning 35 yil davomida yozgan “Qish edi...” romani jahon adabiyotining durdona asarlari qatoridan munosib oʻrin egalladi. Hozirgi kunda bu romanni dunyo xalqlari oʻz ona tillarida sevib mutolaa qilmoqda. Biz ushbu romandan bir parchani eʼtiboringizga havola etamiz.
Qaysin Quliyev
Said Oqmirza oʻquvchilari qalbida Lermontov sheʼrlariga muhabbat uygʻotgani uchun Asʼhad ham bu shoir ijodini sevardi. Uning sheʼrlari bilan nafas olardi, yashardi...
Asʼhad onasi Mayrusxon bilan Lermontov dostonida yozilgan Garun haqida urushdan oldin bahslashganda hali oʻn toʻrt yoshga ham kirmagandi. Asʼhadning ona Vatani uchun jon bergan ota va akalarini tashlab, jang maydonidan qochgan Garundan jahli chiqqandi. Qochqin Garunni qoʻrqoqligi uchun kechira olmasdi, Vatanga xiyonat qilgan oʻgʻlini uyiga kiritmagan onasini maqtardi. Bu ona Asʼhadga haqiqiy togʻlik ayol timsoli boʻlib koʻrinardi. U dostonni doim joʻshib oʻqirdi:
Jim boʻl, xoin! Jim boʻl, ey qoʻrqoq!
Sen shon bilan oʻla olmading.
Oʻlayotgan Salim qochoqni qabul qilmay, unga jahl bilan aytgan soʻzlarini ham Asʼhad maʼqullardi: “Ket, uyimdan laʼnati qoʻrqoq. Endi senga berar joyim yoʻq!..” Asʼhadning onasi oʻgʻli bilan murosaga kela olmasdi, suyukli qizini yoʻqotgani, onasi voz kechgani va qadrdon doʻsti rad etgani uchun qochoqqa achinardi. Mayrusxon Garunning onasini bemehr ayol degandi. Ularning bahsi gitlerchilar Markaziy Kavkazga bostirib kirgan dahshatli kunlarda yanada avj oldi. Bahsda Asʼhad kuchli iztirobga tushardi, unga vatanparvarlik tuygʻusi haqoratlangandek tuyulardi. U togʻlarni, Lermontovni sevardi. Mana endi qadrdon darasida begonalar – fashistlar bemalol yurishibdi! Oʻn olti yoshli oʻsmir xafaligidan yigʻlardi, Garundan yanayam koʻproq nafratlanardi. U mana shunday qoʻrqoqlarni deb fashist bosqinchilari Chalga yetib keldi deb oʻylardi. Asʼhad bunday baxtsizlik yuz berishiga aynan Garunga oʻxshash qoʻrqoqlar sababchi, degan fikrga yopishib olgandi. Axir uning yodida, urushdan oldin shunday soʻzlar aytilardi: bizning mamlakatimizga bostirib kirmoqchi boʻlgan dushmanlarni oʻzlarining yeridan chiqmasdan yakson qilamiz. Shu bois Asʼhad qoʻl qovushtirib oʻtirgisi kelmasdi, ammo nima qilishni, qanday yoʻl bilan ota makonini vayron qilayotgan bosqinchilardan qasos olishni bilmasdi. U tinmay oʻylardi, har yoqqa borardi, onasi aytganidek oʻziga munosib biron ish topolmay azoblanardi.
Yana bir qish kuni oʻtdi. Uzdenovlar eski uyining pechkasida chinor oʻtinlar urush boshlanishidan oldin, bosqinchilar yoʻqligida qanday yongan boʻlsa, shunday charsillab yonardi. Asʼhadning esida, otasi ishdan charchab kelib, pechka yoniga horgʻin choʻkardi va u mehribon otasining tizzasida oʻtirib, qalin moʻylovini oʻynardi. Baʼzi qish kunlarida otasining moʻylovida muz boʻlardi va u pechka yoniga oʻtirishi bilan erib ketardi. Qanday yaxshi yashashardi! Bugun pechkada olov oʻsha kunlardagidek yonmoqda. Faqat uyda otasi yoʻq, ovulni dushmanlar egallagan. Oʻsha qish kunlari yilqichi Taukan uyga kirib kelar va pechka yoniga oʻtirardi. Ular uchalasi – otasi, onasi va u birgalikda xotirjam ovqatlanardilar. Bunday yoqimli xotiralardan uyga tinchlik va quvonch qaytgandek, Asʼhadning qalbi isirdi.
– U qanday ablah! – dedi Asʼhad onasi bilan pechka yonida qaynatilgan kartoshkani yeb oʻtirgan vaqtda bexosdan.
– Senga nima boʻldi, oʻgʻlim? Kim haqida gapirayapsan? – soʻradi Mayrusxon xavotirlanib.
– Hali ham oʻsha Garun haqida, ona.
– Tinch qoʻy, oʻsha bechorani. Hech boʻlmasa uning soyasini bezovta qilma.
– U notavon, qoʻrqoq!
– Yosh bola boʻlgan-da, qoʻrqib ketgan. Yashagisi kelgan, oʻgʻlim, yashagisi kelgan.
– Uning halok boʻlgan otasi, akalarining ham yashagilari kelardi...
– Balki yashagilari kelardi, ammo...
– Ona, qanaqa “ammo” boʻlishi mumkin, ona Vatanini himoya qilish kerak boʻlganda!
– Buni hayot deydi, oʻgʻlim, hamma narsa boʻladi. Odam hayotda chorasiz vaziyatga tushib qolishi mumkin. Uning ota va akalariga men ham achinaman.
– Ona, siz nima deb oʻylaysiz: ularning yashagilari kelganmi, kelmaganmi?
– Shuni ham soʻraysanmi, oʻgʻlim, har qanday odam kabi, albatta, ularning ham yashagilari kelgan.
– Mana koʻrayapsizmi, ularning ham yashagilari kelgan, ammo Garunga oʻxshab qurolini tashlab qochishmagan... Ular odamlarga oʻxshab, qahramondek jangda oʻlishgan.
– Har kimga ham qahramon boʻlish nasib etavermaydi, oʻgʻlim. Odamlarga achinaman, odamlarga, ular qahramonlik koʻrsataman, deb koʻpincha baxtsizlikka uchraydilar.
– Men ham tushunaman, hamma ham qahramon boʻla olmaydi. Onajon, ammo Vatan uchun boshqa yoʻl qolmasa, jonni qurbon qilish kerak. Bizga Said Umarovich shunday deganlar.
– Shundaylikka shunday...
– Faqat shunday, onajon, faqat shunday! Garunning onasi ham oʻgʻlidan shuni kutgan. Tushunyapsizmi, ona? U onasining umidini puchga chiqargan...
– Ammo oʻgʻli qoʻrqdi, shoʻrlik bola onasining yoniga yugurib keldi. Onasi bechorani qabul qilishi kerak edi.
– Yoʻq, onasi toʻgʻri qilgan!
– Bu notoʻgʻri. Axir, u ona, oʻz qonidan boʻlgan oʻgʻliga non va joy bermasligi mumkin emas. Uning qahri qattiq ekan. Men unday qila olmasdim.
– Ona, siz nohaqsiz. Said Umarovich bizga ilgari togʻlarda Garunning onasiga oʻxshagan onalar yashagan degan edilar. Eski qoʻshiqlarimizda ham shunday kuylanadi. Lermontov ham shunday deb yozgan: “Togʻlik ona qalbi boshqa bir olam!..”
– Nima deyapsan, oʻgʻlim! Ayol hamisha ayol, ona hamisha ona boʻlib qolishi kerak.
– Siz ham bilasiz, agar ayol boshqa ayolni qattiq qargʻamoqchi boʻlsa: “Iloyo, qoʻrqoq oʻgʻil tugʻ!” – degan. Ayol uchun bundan qoʻrqinchli qargʻish boʻlmagan. Men hayotda mardlikni yoqtiraman.
– Menimcha, Garun onasining yuragi yoʻq boʻlsa kerak. Unda mehr-shafqat boʻlmagan. Mening rahmatli onam har doim bu olamda mehr-shafqatdan ustun narsa yoʻq, derdilar. Sen Asʼhad, mehr-shafqatsiz onani qahri qattiqligi uchun maqtayapsan.
– Yoʻq, uning qahri qattiqligini emas, mardligini, oʻz uyi uchun oʻlishga tayyorligini maqtayapman. Kim ona Vatani ozodligiga xoinlik qilsa, mehr-shafqat kutmasin. Ona Vatan biz vafot etgandan keyin ham ozod boʻlib qolishi kerak. Qoʻrqoqlarga achinish kerak emas.
– Oʻgʻlim, sen berahm boʻlib katta boʻlayapsan, deb qoʻrqib ketayapman. Bu gaplarni qayoqdan olayapsan? Otang mehribon odam boʻlsa...
– Yoʻq, men berahm emasman va boʻlmayman ham. Men faqat Lermontov, Said Oqmirza kabi mard va jasur insonlarni yaxshi koʻraman. Garun kabilarga esa achinmayman ham. Otam fashistlarga qarshi jang qilmoqda, ammo u jang maydonidan qochib ketmaydi. Nega, u qoʻrqmaydimi, yo unga osonmi? Yoki qadrdon uyiga, bizning yonimizga qaytgisi kelmaydimi? Chunki unga insoniylik burchi shuni buyurayapti, burchi! Dadam qoʻrqoq emas, u erkak. Men otamga oʻxshashni istayman...
Asror MOʻMIN tarjimasi