Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Antiqa kashfiyot

Bahrom bugungi darsda “2” baho oldi. Oʻqituvchi uning kundalik daftariga qizil siyohli ruchkada “2” baho qoʻydi va jimjimador qilib, imzo chekdi. Bahrom bir “uf” tortdi-yu, sekin joyiga borib oʻtirdi.

Bahromning dadasi “Oʻgʻlim, shu 5-sinfni “5” bahoga yakunlasang, velosiped sovgʻa qilaman”, deb vaʼda bergan. Lekin aksiga olib kompyuter oʻyinlari Bahromning es-hushini egallab oldi. Natija maʼlum, kundalik daftar “2” baholar bilan “boyidi”. Eng yomoni, Bahrom bunday baholarga koʻnikib ham qoldi. U maktabdan kelgach, kundalik daftarini kitoblar javoniga berkitib qoʻyadigan boʻldi. Dadasi bir-ikki marta kundalik daftarini soʻraganda u: “Kundaligimizni sinf rahbarimiz yigʻib olganlar”, deya bahona qildi. Lekin bu yolgʻonlar bir kunmas bir kun fosh boʻlishidan qoʻrqardi.

Bahrom talaba opasining daftarga tez-tez bir narsalar yozayotganini, ayrim joylarda yozganlarini oʻchirayotganini koʻrib hayron boʻldi.

– Opa, nega yozganlaringizni oʻchirib tashlab, yana boshqatdan yozyapsiz? – deb soʻradi.

– Voy, ukajonim! Bu daftar qoralama daftar. Undagi yozuvlarni keyin mana bu daftarga chiroyli qilib koʻchiraman, tushundingmi?

Ikkita daftarga qarab turib, Bahromning kallasiga bir fikr keldi. Fikr boʻlganda ham antiqa fikr. U darhol oʻrnidan turib, yigʻib qoʻygan pulini olib, doʻkonga yugurdi. Doʻkondan qaytarkan, Bahromning qoʻlida yangi kundalik daftar bor edi. U uyga kelib, darhol yangi kundalikni toʻldira boshladi.

Shu kundan eʼtiboran, Bahrom qaysi fandan “4” yoki “5” baho olsa, yangi kundalikka, “2” yoki “3” baho olsa, eski kundalikka tushar edi. Albatta, dadasiga yangi kundalik daftarini koʻrsatar, maqtovlar eshitar edi. Bahrom oʻzining bu antiqa kashfiyoti bilan gʻururlanib, kaftini kaftiga ishqab qoʻyarkan, velosiped ham naqd boʻlib tuyulardi. Uning xayoliga bir zum oʻrtoqlarini havasini keltirib, velosipedini uchirib yurgani keldi. Uchinchi chorak boshlanishi arafasida onasi Bahromning darsliklari turadigan javonni tartibga keltirayotib, oʻgʻlining kundalik daftarini koʻrib qoldi. Uni bir chetga qoʻyib ishini davom ettirayotgandi, roʻparasidan yana bitta kundalik daftar chiqdi. Onasi hayron boʻlib, kundaliklarni varaqladi. Bir kundalik daftarda “4” va “5” baholar, boshqasida “2” va “3” baholar. Onasi gap nimadaligini tushundi. Qattiq ranjidi.

Kechki ovqatdan soʻng, dadasi stolning ustiga Bahromning ikkala kundalik daftarini qoʻydi. Kundaliklarini koʻrib, Bahromning rangi oqarib ketdi. Soʻroqlarga tayinli javob topolmay, gʻoʻldirab qoldi.

Dadasi uning bu “antiqa kashfiyot”ini antiqa taqdirladi.

 

Zafar TOLIBJONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.