Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sandal

Yangi qurilgan uyimizga onam keldi. Oʻtirgach, “Muborak boʻlsin, shu uyda tup qoʻyib, palak yoygin”, deb duo qildilar. Keyin asta atrofga razm solib, bir nima qidirganday boʻldilar.

– Sandal qurmadingmi? Ayozda joning huzur qilardi.

– Ha-a, – kallamni qashlab, nima deb javob berishimni bilmay tursam, kichkina oʻgʻlim soʻrab qoldi:

– Dada, sandal nima?

– Sandal bu... – nima deyishimni bilmay onamga qaradim. Onam menga jilmayib qoʻydi.

1972-yilning qishi. Qorning koʻpligidan ertalab tashqari eshikni ocholmaymiz. Akam itara-itara bir amallab eshikni ochadi. Shundoq eshik yoniga tirab qoʻyilgan kurakni olib, hammom tomondagi qorlarni kurab, yoʻl ochadi. Maktabga ketgunimizcha tomdagi qorni kurab, supurib ketishimiz kerak. Aks holda quyosh chiqib, qorlar erisa, tomdan chakka oʻta boshlaydi. Erinchoqlik qilganlarning tomi qor ogʻirlik qilib, bolori sinib ketganini koʻrganmiz. U paytlar koʻpchilikning tomi shifersiz, faqat uch-toʻrtta hamqishlogʻimizning uyi shiferli boʻlib, “finskiy” deyilardi. Tomda qoʻlim sovqotadi. Akam kurak bilan qorni pastga otadi, men izidan supuraman. Akam menga joy tayyorlaguncha, atrofga alanglayman. Narigi tom ustida menga oʻxshab sovqotib turgan Roʻzi joʻramga koʻzim tushadi. Unga qoʻl koʻtaraman: “Qalaysan?” U esa “Zoʻr!” deydi.

Shu payt oshxonada – onamning shirchoy tayyorlayotganini oʻylayman. Tezroq pastga tushishga hozirlanaman-u akamdan hayiqaman. Nihoyat tomni kurab boʻlib, yerga tushamiz. Issiqqina shirchoyni ichib, maktabga chopamiz. Darsdan kelib, sigirni ayvonga olish – mening ishim. Sugʻorish va yemini berish – akamning zimmasida. Men kiyilaverib, tishlari yedirilib ketgan, eski kirza etigimni kiyaman-da, kattalarning koʻzini shamgʻalat qilib, koʻchaga otilaman. Butun oʻyin, tomosha – koʻchada. Men tengi, mendan katta, mendan kichik bolalar katta yoʻlning qiyalik tomoniga toʻplanamiz. Bizning baxtimizga ertalab ishga ketayotgan yuk mashinalari va traktorlar qorni bosib, zichlab, sirpanchiq qilib tashlagan. Bizning asosiy oʻyin joyimiz shu yer – yugurib kelamiz-u oʻtirgancha pastga uchamiz. Buning qanchalik mazza ekanligini hamma bola biladi. Taxminan, oʻttiz metrcha sirpanib boramiz. Keyin yana tepaga yuguramiz. Birinchi boshlashda hamma hayiqib turadi. Sababi kim birinchi boʻlib oʻtirsa, ikkinchi bola yugurib borib, uning belidan ushlaydi. Keyin uchinchi, toʻrtinchi – qarabsizki, uzun vagon boʻlib ketadi. Eng yomoni – bu uzun vagon “qiy-chuv” bilan toyib borib, birinchi bolani qorga tiqib tashlaydi. Hamma “qah-qah” urib, oʻrnidan turadi, boyagi birinchi bola qizarib-boʻzarib, tepaga koʻtariladi. Yana hamma yuqoriga yuguradi. Kechgacha shunday mazza qilamiz, sirpanchiq uchamiz. Bolalikning eng gashtli oʻyinlaridan biri shu. Ammo, buning yomon tomoni ham bor. Kechga borib, etik hoʻl boʻladi, oyoq sovuqdan tarashadek qotib qoladi. Qoʻldan ayovsiz sovuq oʻta boshlaydi. Shundagina uyga yuguraman. Bu paytda ufq boʻzarib, quyosh botayotgan boʻladi. Dahlizda sekin etikni yechayotsam, otam chiqib qoladi. Meni koʻrgach:

– Uh, manavi sovuqdan qotib qolibdi-ku! Tez uyga kir-a! – deydi yolgʻon dagʻdagʻa bilan.

Uyda onajonimning issiqqina ovqatini yeb, sandalga oyogʻimni tiqaman. Avvaliga issiq sezilmaydi (muzlab qolayozgan oyoqqa qanday sezilsin). Asta-sekin jonning huzuri-issiq tanamga yoyila boshlaydi va erib, uxlab qolaman.

Agar oʻsha – qish qattiq yillari sandal (baʼzi viloyatlarda tancha ham deyilgan) boʻlmaganda, biz kabi koʻpchilik bolalar oyogʻini sovuqqa oldirib, har xil kasalliklar orttirgan boʻlardi.

Endi kenja oʻgʻlimga oʻxshab, sandalni bilmaydigan bolalarga uni tushuntiraman. Avvallari har bir oilada koʻpchilik oʻtirib ovqatlanadigan, dam oladigan xonaning oʻrtasiga qishda issiq oʻtirish uchun sandal oʻrnatilardi. Xona oʻrtasiga sandal qoʻyish uchun maxsus chuqur qazilardi. Ana shu chuqurning ustiga xontaxtaga oʻxshash ammo, kvadrat shaklidagi balandroq kursi – sandal oʻrnatilardi. Sandal oyoqlari uzun, ingichka taxtalar bilan bir-biriga mustahkamlanadi. Bu oyoqlarimizni chuqurga – choʻgʻga tushib ketishdan asraydi. Pechka yoki oʻchoqda bozillab yongan oʻrik shoxlarining choʻgʻini bir eski togʻoraga yoki laganga solib, oʻsha chuqur ichiga qoʻyiladi. Choʻgʻning usti salgina kul bilan tashlanadi. Keyin shu kursining ustiga katta koʻrpa yopiladi. Atrofiga koʻrpachalar toʻshaladi. Mana shu sandal boʻladi. Sandalning atrofidagilar koʻrpani asta koʻtarib, oyogʻini sandal ichiga tiqib oʻtirib, televizor koʻradi, kimdir tancha ustidagi patnisga qoʻyilgan turshak, mayiz, jiydalardan kavshanadi. Asta-sekin sandaldan chiqayotgan hovur nafaqat oyogʻingni, butun vujudingni yoqimli qizdiradi, beixtiyor mudroq bosadi. Hushyorlikni qoʻldan bermaydigan buvim, “Boshingizni koʻrpaga burkab olmang, choʻgʻni hidiga dimlanib qolasiz”, deb tayinlaydi.

Hozir unday qalin qor ham yoʻq, uylarimiz “kulturniy”. Bu uylarga sandal qoʻyishning iloji ham, zarurati ham yoʻq. Lekin nimagadir sovuq tushgan kunlar sandalni qoʻmsab qolaman. Bir narsa meni oʻylantirib qoʻyadi – keyingi avlodlarga sogʻligimizning beminnat dastyori boʻlgan sandalni qanday tushuntiramiz-a?!

 

Boborahmat MUHAMMADIYEV,

Samarqand viloyati

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.