Toshteshar jarchi
Togʻ tarafga ovga chiqqan kishini eng avval, jarchi qush – Toshteshar kutib oladi. Ular togʻda unchalik koʻpmas. Biroq har biri minglab togʻ jonivorlarini kelayotgan xavfdan ogohlantirib, asrab qolishga qodir. Bu qushlar oʻz uyalarini odam chiqa olmaydigan qoyatoshlar yuziga tandircha shaklida uradi. Jussasi chumchuqdan kattaroq, olaqanot bu qushchaga xudo ovozdan bergan. U ovchini koʻrishi hamon niyatini anglab, tumshugʻini toshga tirab, shunday chirillab beradiki... goʻyo tinimsiz jiringlab, uygʻonmaguncha qoʻymaydigan azon soatining oʻzi. Siz ketmaguningizcha u ham joyidan jilmaydi. Goʻyoki jar solib, sakrab-sakrab togʻ-u toshni, chor atrofni uygʻotib yuboradi. Siz bir amallab narigi soyga oʻtib olsangiz, toshteshar oʻsha yoqda ham hozir-u nozir. Oʻzini togʻ tinchligi posboni deb hisoblaydigan Toshteshar tushmagur daralarni jaranglatib, toʻxtovsiz, joningdan umiding boʻlsa, qochib qol, deganday nogʻora chaladi, dovul qoqadi. Ofat lashkarini quvgʻin barot qiladi. Uning sehrli ovozidan suvsar-u kakliklar, tulki-yu tovushqonlar, hatto burgut-u boʻrilar, arxar-u togʻ takalari – hammasi birdek xavfdan ogoh boʻladi. Oʻzini panaga oladi. Beminnat xabarchi qush esa, shundan keyingina xotirjam iniga kiradi.
Gʻozi Rahmon