Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jabrdiyda ayiq

Konstantin Ushinskiy


– Bolalar! Bolalar! – deya qichqirdi enaga.

– Bu yoqqa kelinglar, ayiqni tomosha qilinglar. Bolalar chopqillab, yoʻlak chetiga yigʻilishdi. U yerda esa anchagina odam toʻplangan edi. Nijegorodlik erkak qoʻlidagi uzun hassaga oʻxshash zarang tayoqqa zanjir bilan bogʻlangan ayiqni ushlab turar edi. Uning yonidagi oʻgʻil bola esa baraban chalishga hozirlik koʻra boshladi.

– Qani, Maymoqvoy, – dedi nijegorodlik kishi ayiqning zanjiridan biroz siltab, – oʻrningdan tur, keyin u yon bu yonga agʻana-chi. Muhtaram zotlarga taʼzim qil, yoshlarga oʻyiningni koʻrsat.

Ayiq oʻkirib, xushlamaygina orqa oyoqlarida tik turdi. U goh u oyogʻiga, goh bu oyogʻiga ogʻirligini tashlaganday lapangladi. Oʻng va chap tomoniga qarab bosh egdi.

– Xoʻsh, Maymoqvoy, – soʻzida davom etdi yana uning egasi, – koʻrsat-chi, kichkintoylar qanday qilib noʻxat oʻgʻirlashadi, quruq joyda qorni bilan sudralib, namiqqan joylardan esa qanday yurishadi?

Ayiqpolvon emaklashni boshladi. U qorniga yotib, panjalari bilan noʻxat yigʻayotganday harakat qildi.

– Barakalla, endi qishlogʻimiz ayollari ishga qanday borishini koʻrsat-chi.

Ayiq oldinga biroz yurdi. Soʻng birdan toʻxtadi. Ortiga alanglab qaradi. Panjasi bilan qulogʻining orqasini qashladi. Keyin tixirlik qilib, egasini qiynadi. Oʻrnidan turishni istamay oʻkirdi. Ammo labidan oʻtkazilgan zanjirning temir halqasi va egasining qoʻlidagi mustahkam tayoq bechorani boʻysunishga majbur qildi.

Maymoqvoy bor nagʻmasini xaloyiqqa koʻrsatib boʻlgach, egasi unga qarata dedi:

– Polvon, endi navbati bilan oyoqlaringga ogʻirligingni tashla. Aslo erinma. Saxovatli janoblarga taʼzim qil. Boshingni yanayam pastroq eg. Ularning koʻnglini ovla. Qoʻlingga qalpoqni olib, davra aylan. Non tashlasalar, oʻzing ye. Agar pul bersalar, menga keltir.

Ayiq noiloj tomoshabinlar davrasini aylana boshladi. Bolalar u tutgan bosh kiyimga mayda chaqalarni tashladi. Biroq, ular bechora Maymoqvoyning halqa oʻtkazilgan labidan silqib turgan qonni koʻrib, jonivorga juda-juda achinishdi.

 

Rus tilidan Gulchehra SHIRINOVA

tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.