Oy toʻlishgan tunda
Shifokorlar oyimga parhez sifatida quyon goʻshtini tavsiya qilgani uchun Farhod amakim bizni toqqa – quyon oviga olib chiqdi. – Koʻproq butalar tagiga qarab yuring. Jonivorlar qishda jingʻil, yulgʻun, saksovullarning shox-shabbasi va butalar poʻstlogʻi bilan oziqlanadi, – dedilar amakim.
Yer kalish botgulik qor bilan qoplangan. Mashinada yuqorilab borarkanmiz, roʻparamizdan kulrang quyon sakrab chiqib qoldi. Chiroq nurida koʻzi qamashdi shekilli, bir necha lahza tik qotdi-da, soʻng bir sakrab, yoʻl yoqasidagi butalar orasida gʻoyib boʻldi. Qish nafasi sezilib qolgan boʻlsa-da, quyon negadir hali tusini oʻzgartirmabdi. Biz darhol mashinadan tushib, chiroq yorugʻida uning ortidan ergashdik.
Izgʻirin shamol va ayoz quloq-burunni chimchilardi. Quyonning yana qaytib kelishini bilganimiz uchun sabr bilan poyladik. Negaki, Farhod amakim, quyonlar atrofdagilarni chalgʻitish maqsadida toʻrt-besh qadam yon tomonga sakrab, izini yoʻqotadi va albatta, oʻtgan yoʻlidan qaytadi, dedilar-da.
Osmonda toʻlin oy koʻrindi, atrof yop-yorugʻ. Mashina tomonga oʻgirilgan ham edikki, “tirs” etgan tovush eshitildi. Bundan Farhod amakim taajjubga tushmadi. Chunki u quyonlarning joyidan sakrab qoʻzgʻalishini shu ovozdan bilar ekan. Biroq quyonni topmadik, u koʻz ochib yumgunimizcha juftakni roslab qoldi. Ovning navbatdagi tunida mashinamizni pastda qoldirib, qoya tomon koʻtarilarkanmiz, tosh uyumlaridagi yoriqlar orasida, butalar tagidagi inlarda yotgan quyonlarga duch keldik.
– Odatda, ular oʻzlariga qarashli hududda qachon oziq boʻlishiga qarab, bir-birlaridan uzoqroqda oila-oila boʻlib yashashadi. Atrofni zim-ziyo qorongʻilik qoplamaguncha tashqariga chiqishmaydi. Lekin ikki-uch bor kunduzi ham ularning quyoshda toblanib yotganlarini koʻrganman. Quyonlar bolalashdan avval, inini yumshoq xas-xashak hamda oʻz yungi bilan toʻldiradi. Chunki quyonchalar tugʻilgan paytda juda ojiz va nimjon, koʻzlari ham yumuq boʻladi. Bu paytda mittivoylarga issiqqina, yumshoqqina moʻyna va ona suti juda asqotadi. Onasining gʻamxoʻrligi bilan ular oyoqqa turadi. Quyonchalarning hidi atrofga unchalik sezilmaganidan yirtqichlar eʼtiborini jalb qilmaydi, – quyonlarning hayot tarzi bilan tanishtirishda davom etdi ovchi amakim.
Tunda yana yangi quyon izlariga duch keldik. Bu izlarni qora qilib yurib, koʻp vaqtimiz bekor ketdi. Yaxshigina charchadik. Endi toʻxtamoqchi boʻlgandik, koʻzimiz xarsanglar orasidagi maysalarni ishtaha bilan chimdiyotgan semiz quyonga tushdi. Hidimizni sezdi shekilli, shalpang quloqlarini silkitgancha, toshlar uyumi orasiga kirib, koʻzdan yoʻqoldi... Oradan ikki soatcha vaqt oʻtdi, qarasak quyonvoy sal narida bizni tomosha qilib oʻtiribdi. Shosha-pisha oʻrnimizdan turdik. Ammo u, qani tutib oling-chi, deganday avvaliga sekin-sekin, keyin katta tezlikda sakrab-sakrab yugurishga tushdi. Qalin qor kechib, unga yetib olish oson emas ekan. Men va akam uyoqda tursin, shunchalik tajribali Farhod amakim ham charchab qoldi.
Oʻsha oydin tunda quyon ortidan izma-iz yurib tong yorishganini ham sezmadik. U bizni chalgʻitmoqchi boʻldi shekilli, poda izi bilan oʻng tomon qolib, soʻlga, chamasi besh qadam naridagi yoyiq tosh ustiga chiqib oldi. Shoʻrlik quyon tamoman holdan toygan, quloqlarini qapishtirib olganicha aʼzoi badani qoʻrquvdan qaltirardi. Beixtiyor unga juda-juda rahmimiz keldi va niyatimizdan qaytdik, asta-sekin undan uzoqlashdik.
Dilfuza POʻLATOVA,
Gʻallaorol tumanidagi 45-maktab oʻqituvchisi