Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ariga qasd qildim

Bugun tongdan yaxshi kayfiyat bilan uygʻondim. Qushlar sayrab, tongni olqishlayotganga oʻxshaydi. Zinadan tushayotib, shipdagi chiroqqa koʻzim tushdi. Atrofini arilar oʻrab olishibdi. Juda jahlim chiqdi. Keyin oʻzimga-oʻzim arilarga qarab, “hali senlarnimi... qarab turlaring, koʻrsatib qoʻyaman! Oʻzingni uyingday kerilasan”, dedim-da, nima qilishni oʻylay boshladim.

Nima qilsam ular uchib ketishadi?! Ha-a-a! Topdim! Tosh otsam ular choʻchib uchib ketishadi. Topilmamdan quvonib, aqlli qizman-da, deb kerilib qoʻydim. Yugurib borib olma daraxti tagida yotgan toshni olib arilarga qarab otdim. Kutilmaganda tosh borib chiroqqa tegdi va chiroq chil-chil boʻlib sindi. Voy! Endi nima qilaman?.. Oyimga nima deyman... Dadamga-chi?.. Tezda shisha siniqlarini supurib oldim. Oyim bilmasin deya, yigʻib qoʻygan pulimga doʻkondan chiroq olib keldim. Keyin bobojonimdan tezroq oʻrnatib berishlarini iltimos qildim. Ular yoʻq demadilar.

Toʻgʻrisi, bunaqa boʻlishini hech istamagandim. Jahlim chiqqanda, aqlim ketibdi. Axir arilarni ketkazish uchun chiroqni oʻchirsam, kifoya edi-ku! Eh, shoshqaloqligim qursin. Qilmishimga yarasha jazo oldim. Arilar menga juda qimmatga tushdi. Boshqa bunaqa qilmaydigan boʻldim.

 

Nazokat ULUGʻBEKOVA,

Boyovut tumanidagi 19-maktabning

6-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.