Oymomo men bilan qolmadi
Atanurning tush koʻrib, uygʻonganini anglagan xolasi soʻradi:
– U ketdi...
– Kim ketdi? U ketdi, u ketdi, deyapsan?
– Oy mening yonimda qolmadi, men bilan yotmadi, ketdi... – deya koʻzlari va oʻng qoʻli bilan deraza tomonga ishora qildi. Bu bilan goʻyo Oyning ketib qolganini bildirdi. Xolasi yolgʻiz yotishga oʻrganmagan jiyanini tinchlantirish uchun:
– Men kiyimlarni yuvishim kerak. Yoʻqsa, ertalab egnimizga kiyadigan narsa topilmay qoladi, – dedi.
– Bilaman, lekin men qanday qilib yolgʻiz yotay? – deb soʻradi qizaloq.
– Yolgʻiz emassan, Oy derazangdan boqib turibdi, koʻzlaringni yumsang, u albatta, sen bilan qoladi.
Qizaloq burnini torta-torta xolasiga Oydan shikoyat qilishga tushdi:
– Koʻzimni ochdim va Oyning qochib ketganini koʻrdim.
Xolasi koʻzlari yoshga toʻlgan Atanurni koʻtarib, oʻrniga yotqizishi bilan u bir dumalab yerga tushdi va xolasining qoʻlidan tortib, deraza yoniga olib keldi.
– Qarang, u yoʻq!
Ular derazadan zim-ziyo koʻkka qarab, Oyni izlashga tushishdi. Xolasi Oyni uzoqdan – bulutlar orqasidan topib:
– Ana u, anavi yerda, – dedi.
Oyni toʻsib turgan koʻkimtir-qora bulutlar juda qalin edi. Oy asta-sekin siljirdi. Bulutlar orasidan taralayotgan xiragina Oy nurlariga koʻzi tushgan qizaloq soʻradi:
– Nega yonimizdan ketdi? – uning moʻltirab turgan nigohi oyning harakatlarini izohlashni talab etardi.
– U ketishi kerak, tong otgunga qadar Quyoshning uyiga yetib olishi lozim. Qushchalar uygʻonishidan oldin Oymomo avval Quyoshni uygʻotishi kerak.
– Nega?
– U Quyoshning derazasidan qarab, “Men butun kecha osmon-u falakdan turib, yer yuziga nur sochdim. Rosa charchadim, endi esa uyqum kelyapti. Sen uygʻonib, odamlarga issiqlik, nur baxsh et”, deydi. – Quyosh oʻrnidan turib, subh shafagʻida yuz-qoʻlini yuvadi, koʻk yuzida balqib, butun olamga issiqlik va yorugʻlik tarata boshlaydi. U Yerga nur socha boshlashi bilan biz uygʻonib, uyimizdan chiqamiz. Agar Oy Quyoshni vaqtida uygʻotmasa, biz kun davomida uxlagan boʻlar edik.
– Ha mayli, u holda keta qolsin.
Oyning ketib qolishi haqidagi izohni eshitgan Atanur mamnun boʻldi. Tabiat qonunlari garchi buzilmasa-da, lekin oʻz odatlarini buzib boʻlmasligini inkor etdi, yaʼni oʻzgartirishni istadi:
– Boʻldi bas, endi men yolgʻiz oʻzim uxlayman?
– Yoʻq, ayiqchangni yoningda olib yotasan!
Xola qizaloqning karavoti yonidagi oʻyinchoq qutisidan kichik, yumshoq, qoʻngʻir ayiq bolasini olib, Atanurning yoniga qoʻyib, chiqib ketdi.
Yuvilgan kiyimlarni ilib, xonaga qaytgan xola Atanurni uygʻotib yubormaslik uchun sekingina ichkariga kirdi.
– Xolajon, keldingizmi? – soʻradi xursand boʻlgan qizaloq.
– Voy, sen hali ham uygʻoqmisan? Nega uxlamading? – taajjublandi xola.
– Ayiqcha onasining yoniga ketmoqchi ekan.
Oyning nafis nuridan nim qorongʻu tusga kirgan xonaning burchagida turgan oʻyinchoqlar qutisidagi katta ayiqni qoʻli bilan koʻrsatdi Atanur.
Ayiqchani sekingina qizaloqning qoʻlidan olib, avvalgi joyiga qoʻygan xola karavotga uzandi.
– U ertalab keladimi? – past ovozda soʻradi Atanur.
Xolasi gap kim haqida ketayotganini tushunolmay, talmovsirab qoldi.
– Ertalab keladi-a? – Atanur barmoqlari bilan derazaga ishora qildi.
– Ha! U albatta keladi!
– Qochadi..., yotadi..., qochadi..., yotadi... – hech kimni uygʻotib yubormaslik uchun, juda past va mayin ovozda soʻzladi qizaloq.
Xolasi ham qochib ketmasligiga amin boʻlgach, Oy Quyoshni uygʻotadigan paytga qadar uning quchogʻida orom oldi.
Eluja Atali,
Ozarbayjon