Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Usta haqi

Keling, avval oʻzimni tanishtiray. Ismim Izzat. Familiyam Oqilov. Matematika fakulteti talabasiman. Ha, ha oʻsha siz qiyin hisoblagan fan menga juda yoqadi. Bejizga “Matematika – fanlar otasi” deb aytishmagan. Sizga aytsam, bu fanga qiziqishimga bir voqea sabab boʻlgan. Balki bu voqea sodir boʻlmaganida oliygoh eshigini ham koʻrmay, hozir qayerdan ish topishni bilmasdan yurgan boʻlarmidim.

Oʻshanda uyimizga usta tushirgan edik. Usta amaki juda kamgap, kamtargina ekan. Ishini juda puxta bajarardi. Bir haftada yangi qurilgan uyni suvoqdan chiqardi. Kechqurun daladan qaytgan otam bilan ancha vaqt gaplashib oʻtirdi. Men oyimning buyrugʻi bilan ularning dasturxoniga qaradim. Xizmat haqini kelishayotganlarida otamning ovozi negadir baland-baland chiqdi. Usta amaki devorning sathini oʻlchab, nimanidir tushuntirishga urinar, biroq otam uni eshitishni istamasdi.

Notoʻgʻri oʻlchagan boʻlsam, olgan haqim buyurmasin, – dedi usta amaki oxiri, – ishonmasangiz, oʻgʻlingizni chaqiring, devor yuzasini oʻlchashni bilar.

Otam indamay chiqib ketdi. Usta tayinli tushlik qilmagan boʻlsa-da, dasturxonga qoʻyilgan lagandagi oshga qoʻl ham uzatmadi.

– Dadasi, tortishmasdan, ustani rozi qiling. Shundoq ham arzonga ishladilar, – dedi onam otamni koʻndirmoqchi boʻlib.

Otamga bu gap yoqmadi shekilli, onamga qovogʻini uyub qaradi. Akamni chaqirib, qoʻliga pul tutqazdi-da, ustaga berib qoʻyishni tayinladi. Oʻzi esa chaylaga ketdi. Ertalab uning xonasiga kirganimda xontaxta ustida otam bergan pul turar, usta esa allaqachon ketib boʻlgan edi. Izimga qaytib pulni onamning qoʻliga tutqazdim. Onam pulni olishga oldi-yu, negadir sochib yubordi va oʻtirib yigʻladi.

Oʻsha kuni akam ikkovimiz suvalgan devorlarni oʻlchab chiqdik. Akam qayta-qayta chizdi, hisobladi, varaqni koʻtarib, allaqayerga borib ham keldi. Onamga nimanidir tushuntirgan boʻlib, qogʻozni choʻntagiga soldi. Kechki ovqatni olib chaylaga ketdi. Tokchaga qoʻyilgan pul bir hafta turdi. Roʻzgʻorda kamchiligimiz boʻlsa-da, unga hech kim qoʻl uzatmadi. Onam negadir vahimaga tushib qolgandi. Meni anhorga choʻmilishga yubormas, hatto tomga ham chiqarmasdi. Otam esa juda kamgap, xayolchan boʻlib qolgandi.

Ertalab qoʻylarni oʻtlatib qaytsam, otam qoʻchqorni soʻyib, goʻshtini yarmini daraxtga osib qoʻyibdi. Shu payt kirakash qoʻshnimiz Zokir aka darvozamizni taqillatdi. Otam tezgina kiymini almashtirib chiqdi. Qarasam, onam shoshib-pishib tokchadagi pulni sanayapti. Keyin kissasidan pul olib qoʻlidagi pulga qoʻshdi va qogʻozga yaxshilab oʻrab, otamning oldiga chiqdi.

– Yaxshi borib keling, usta akaga salom deb qoʻying, uzrimizni ayting, goʻshtni dimiqtirib qoʻymang, – deya otamni kuzatib qoʻydi.

Oʻsha kuni men ustani hisobda adashmaganini, mehnat haqini toʻgʻri talab qilganligini angladim. Otam usta huzuridan xursand boʻlib qaytdi. Otam ustani qidirib qayerga borganlarini bilmadim-u, lekin menga “Qiziqarli matematika” kitobini olib kelganlari esimda. Bu kitob meni matematikaning ajoyib olamiga yetakladi.

 

Gulchehra AKROMOVA,

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi

19-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.