Uchrashuv
Gazeta topshirigʻi bilan “Samarqand darvoza” mavzesidagi bolalar uyiga borgandim. Egri-bugri koʻcha boʻylab manzilga yetarkanman, nariroqda bolalarning uymalanayotganiga koʻzim tushdi. Bir bogʻning eski devori tagida bolalarning birlari egilib, boshqalari ularning ustiga chiqib, devor osha moʻralashayapti.
– Hoy, bolalar, nima qilyapsizlar?
Bolalardan javob olib ulgurmasimdan uzun devorning berigi boshidagi eshik “gʻiyq” etib ochildi-da, undan oʻrta boʻyli, moshrang duxoba doʻppi kiygan, bugʻdoyrang, istarasi issiq bir kishi chiqib keldi. Egnida nimdoshgina yaktak, belida belbogʻ, qoʻlida gulqaychi. Bir qarashda bogʻbonga oʻxshab ketardi. U kishi koʻzimga issiq koʻrindi. Men uni bir gal Beshyogʻochdagi qoʻshnimning toʻyida Mulla Toʻychi xofiz bilan Yunus Rajabiylar davrasida, ikkinchi gal yoshlar gazetasi tahririyatida boʻlgan uchrashuvda koʻrgandim, qisqa va loʻnda qilib aytgan soʻzlarini eshitgandim. Bu kishi oʻsha yillardayoq oʻz romanlari bilan barcha oʻzbek xonadonlariga kirib borgan mashhur adib Julqunboy – Abdulla Qodiriy edi.
Bolalar uni koʻrib, tiraqaylab qocha boshladi. Qodiriy ularni “Buyoqqa kelinglar, bolalar, buyoqqa!” deb toʻxtatib qoldi. Boʻychan oʻspirin (yetakchi ekan) bolalarni toʻxtatdi-da, yozuvchining oldiga boshlab keldi. Bolalar qimtinibgina salomlashgach, Qodiriy ularni ichkariga taklif etdi.
– Qani, katta yigitlar, yuringlar, bogʻda shaftolining yaxshi pishganlari bor, – dedi mehmondoʻstlarcha.
Bolalar uyalib turisharkan, yetakchi shaxdam oldinga oʻtdi.
– Amakijon, beodoblik qilishgani uchun kechirasiz. Ular shaftoli uzmoqchi boʻlib emas, sizni koʻrish uchun devordan moʻralashgandi.
– Iya, koʻrishmoqchi boʻlishsa, devor oshib oʻtirmay, toʻppa-toʻgʻri eshikdan kiraverishmaydimi? – dedi yuziga tabassum yugurgan adib.
– Tortinishgan...
– Voy katta yigitlar-ey, qoʻshni degan ham shunaqa tortinib oʻtirarkanmi! Yuringlar, qani...
Xullas, bolalar yetakchi ketidan asta ergashib, adibning bogʻiga kirishdi. Adib ariq boʻyidagi haqiqdek luchchak shaftolilardan likopchada toʻldirib, bolalar oldiga qoʻydi-da, olinglar deb, bittasini oʻzi yedi. Oldin yetakchi qoʻl uzatdi, soʻngra, bolalarga ham yeyaveringlar, deya imladi. Bolalar esa qimir etmay oʻtirishaverdi. Mezbon oʻrtadagi oʻngʻaysizliklarni yoʻqotish uchun bolalarni gapga soldi, oʻqish va ishlaridan soʻradi.
– Balki, menda ham biron ishingiz bordir? Shunaqami?
– Ha, – deyishdi bolalar jonlanishib.
– Qani, qulogʻim sizda?
Bolalar, sen ayt, sen ayt, deb bir-birlarini turtishdi.
– Men ayta qolay, amakijon, – dedi yetakchi. – Bolalar sizdan kitob soʻrashmoqchi. Kitobxon bolalar bular...
– Ha, barakalla, bunday demaysizmi, tushunarli. Agar bular kitob oʻqiymiz deyishsa, jon-u dilim bilan quvvatlayman. Qanaqa kitob kerak sizlarga, bolalar?
– Oʻzingizniki, – deyishdi bolalar endi dadillashib.
– Qaysi kitobim?
– Keyingisi...
– “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni oʻqib boʻlishgan, – deb izoh berdi yetakchi. – Bolalar uyi kutubxonasi kichkina. Unda atigi bir nusxadan ikkita kitobingiz bor. Biz ularni oʻrtada baland ovoz bilan oʻqib chiqdik, bir hafta ichida...
Adib keltirgan kitobini bolalarga uzatarkan, kulib dedi:
– Bu ham hozircha bir nusxa boʻldi. Birgalikda oʻqish tajribangiz bor ekan, oʻrtada baham koʻrarsizlar. Qolganiga qarzdorman. Tilagim shuki, kutubxonangiz yangi kitoblar bilan boyisin. Sizlarga oʻxshagan kitobxonlarning saflari kengaysa, ayni muddao boʻladi.
Sevimli adiblarini koʻrib, yaqindan tanishib olganlaridan bolalarning ogʻzi qulogʻida, harakatlari chaqqonlashgan edi. Qayta-qayta rahmat, deb ulugʻ mezbon bilan xayrlashgan bolalar darhol kitobni qoʻldan-qoʻlga olib koʻrishdi. Ular goʻyo noyob xazinaga ega boʻlgandek quvonchga toʻlishgandi.
Mazkur kitob adibning 1939-yilda nashr etilgan, jigarrang muqovali “Obid ketmon” romani edi...
1930-yillarning oʻrtasida boʻlgan bu oddiy voqea roʻznoma uchun muhim mavzu boʻlib xizmat qilgandi...
Hakim Nazir,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi