Tarbiya
Dadam – Abdulla Qodiriy bizni xoh oilada, xoh tashqarida boʻlsin zimdan kuzatib turar edilar, lekin sira quruq nasihatgoʻylik qilmas, yoʻrigʻi bilan ikki ogʻiz maʼnoli gap aytar, shuning oʻzi bizga “ham oshlik”, “ham nonlik” boʻlar edi...
– Ada, menga kitob olishga pul kerak.
– Xoʻp, qancha?
–...
– Yaxshi, – derdilar va soʻraganimni berardilar. Biroq pulni osongina olib ketdi, deb oʻylaysizmi? Hech ham. Kechga tomon chaqirib soʻrardilar:
– Qolgan pul qani?
Dadam menga faqat muzqaymoqqa ruxsat etardilar, qolganini qaytarib olardilar. Maktabga ketishimda ham pulni juda oʻlchovli, tramvayga va bir-ikki stakan suvga loyiq berardilar. Peshinlik ovqatni-ku uydan jildimga solib olishimga buyurardilar. U kishining bizga nisbatan bunchalik qattiqqoʻl boʻlishlaridan bibim goho ranjirdilar.
– Juda bolaga mehring qattiq, Abdulla...
– Gap qattiqlikda emas oyi, pulga oʻrgatmaslikda, pul bolani buzadi... – der edilar jiddiy va oʻz “qoida”lariga amal qilishda davom etaverardilar.
U kishi kiyim-kechak vajidan ham bizni ortiqcha siylamas, el-yurt qatori kiyintirar edilar. Bir vaqt, hali tevaragimizda rasm boʻlmagan choqda, men velosiped havas qilib qoldim. Tabiiyki, velosiped oldirishga bibimni vosita qildim. Shunda dadam dedilar:
– Velosiped olib berishga oqcham bor, lekin olib bermayman...
– Nega, bolam?
– Ayting-chi oyi, yon-verimizda kimning bolasi velosiped minayotir?
– Birov bilan nima ishing bor?
– Tushunmaysiz... Koʻpchilik bilan barobar borish kerak. Habibulla velosiped minsa, boshqa bolalarning koʻngli oʻksiydi, qoʻshnilar uyida janjal boʻladi, ular siz-mendan ranjiydilar.
U kishi bizni kino, teatr, sayl-tomoshalarga ham hisobli yuborar va albatta, kimlar bilan ketayotganimizni, ularning qanday shaxsligini aniqlar edilar...
Men xotira yozayotirman. Ehtimol dadamning bu xil oila tarbiyasi borasidagi aqidalari hozirgi kunimizga xiyol yopishib tushmas. Men u vaqtlarda dadamning biz bolalarga nisbatan bunchalik qattiqqoʻl boʻlishlaridan ehtimol xafa boʻlgandirman ham. Biroq hozir u kishining xislatlariga faqat rahmat aytaman.
Habibulla Qodiriy
(“Gulxan” bisotidan)