Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chumolilar oshpazi

Shahnoza Karimova kichkintoylarning sevimli jurnali “Gʻuncha”da ishlaydi. Yaqinda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda uning “Qoʻziqorinning qalpogʻi” deb nomlangan kichik hikoyalardan iborat kitobi chop etildi. Hikoya qahramonlari Sulaymon va Madina yozuvchi opangizning farzandlaridir. Kitobchadagi hikoyalarning yozilishiga ilhom bergan voqealar, savol-javoblar ular bilan kechgan. Sersavol Madina, fikrchan Sulaymon haqidagi jajji hikoyalarni oilada uka va singillaringizga oʻqib bersangiz, oʻzingiz ham bir olam quvonch olasiz. Quyida kitobchadagi bir hikoyani namuna sifatida sizlarga taqdim etmoqdamiz.

Chumolilar oshpazi

 

Madina onasi bilan bolalar maydonchasiga chiqdi. Argʻimchoqda uchayotganida mitti chumolilarni koʻrib qoldi. Keyin ularning ini yonida gʻimirlab yurishini tomosha qilib oʻtirdi.

“Bechoralar, kichkina choʻpni zoʻrgʻa sudrab kelishyapti. Chumolilar bir-biri bilan oʻynamay, faqat ish qilisharkan-da”, deb oʻyladi qizaloq. Ularga biram rahmi keldi.

– Hoy, chumolilar, meni eshityapsizlarmi? Hozir sizlarga shirin ovqat pishirib beraman. Toʻkmasdan yeysizlar, xoʻpmi? Keyin mazza qilib oʻynaysiz, – dedi.

U tayoqcha olib, suv bilan tuproqni aralashtirdi. Keyin jajji qoʻllari bilan tuproqni qoʻyib, ularni kuzatdi.

Chumolilar tuproq ustidan birin-ketin oʻrmalab, har yoqqa tarqab ketishdi. Madina, “pishirgan ovqatim ularga yoqmadi”, deb oʻyladi. Xafa boʻlib, uyiga kirdi. Oyisi uning qoʻllarini sovunlab yuvib qoʻydi.

– Oyijon, chumolilar faqat ishlasharkan. Ular ham oʻynashsin, deb tuproqdan ovqat pishirib berdim. Hech qaysisi yemadi, – dedi oyisiga.

Ertasiga Madina chumolilar ini atrofiga non ushogʻini sochib qoʻydi. Koʻp oʻtmay chumoli ini yoniga borgan qizaloq u yerda birorta non ushogʻini ham, chumolini ham koʻrmadi.

– Oyijon, chumolilar qornini toʻydirib, mazza qilib uxlashayotgan ekan, – dedi u sevinib.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.