Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Arslon

Yozgi taʼtilda dadam meni Yangiqoʻrgʻonga – amakimnikiga olib bordilar. Darvozadan ichkariga kirishim bilan kichkinagina it gavdasiga nisbatan ikki barobar yoʻgʻon ovozda akillab qarshi oldi. Qoʻrqqanimdan dadamga yopishdim. Ichkaridan chiqib kelgan amakimning toʻngʻich oʻgʻli Bahodir aka kulib:

– Arslon, boʻldi, uyinga bor! – degan zahoti kuchukcha indamay nari ketdi. Kechki payt mendan bir yosh kichik Baxtiyor ikkovimiz Arslonga ovqat berdik. Ertasigayoq qoʻrqmay peshonasini silashga oʻrgandim. U juda aqlli edi. Qayerga borsak ketimizdan qolmas, dumini likillatib oʻz tilida quvonchini ifodalar edi. Gohida tepgan toʻpimiz uzoqqa ketib qolsa, uni ketidan yugurar, tumshugʻi bilan surishga harakat qilardi. Yangiqoʻrgʻonda ikki hafta turgan boʻlsam, unga oʻrtoqday oʻrganib qoldim. Uyga qaytish uchun yangi kiyimlarni kiyganimda ketayotganimni sezdi shekilli, hovlidan chiqqunimcha mendan koʻz uzmay qarab qoldi. Gapira olganida balki xayrlashgan boʻlarmidi?

Keyingi yil yozda yana amakimnikiga bordim. Ostonadan oʻtdim-u zanjirlangan bahaybat itga koʻzim tushib, toʻxtab qoldim. Qoʻrqa-pisa bir-ikki qadam bosdim. U negadir begonasirab vovullamadi, ammo bezovta boʻlganday u yoq-bu yoqqa yurdi. Bogʻlangan boʻlmaganida yugurib kelishi ham mumkin edi.

– Boshqa it oldilaringmi? – soʻradim Baxtiyordan.

– Yoʻgʻ-ye, bu oʻsha Arslon-ku, – dedi u kulib. – Seni tanidi. Begonani ostonadan oʻtkazmaydi.

– Demak, meni esidan chiqarmabdi, – deb sevindim. Yoniga bordim, it koʻzlarida iliq nigoh bilan gʻalati ovoz chiqardi. Oʻz tilida “Qalaysan? Kelganingdan xursandman”, deganday tuyuldi.

– Yaqinda hovliga oʻgʻri tushdi. U Arslonga zaharlangan goʻsht yedirib ketibdi. Oʻshandan beri bechora kasal, – dedi Baxtiyor xafa boʻlib. Bu gapni eshitib men ham achindim.

Ertasiga Baxtiyor bilan koʻchada tursak tengdosh qoʻshnilar kelib soʻrashishdi. Bir oz gaplashgandan soʻng:

– Kun rosa isiyapti. Bachqir ariqqa borib choʻmilib kelmaymizmi? – dedi ulardan biri koʻzlarini oʻynatib. Bu taklif hammaga yoqdi. Doʻmboqqina, qorachadan kelgan Gʻulom quvonchimizga qoʻshilmay: – Hoshim, tunov kuni kaltak yeganing esingdan chiqdimi? – dedi. Ularni bachqirlik bolalar quvib solgan ekan.

Har safargiday yana Hoshimdan aqlli fikr chiqdi.

– Oʻzimiz bilan Arslonni olib boramiz. Bachqirliklar itimizni koʻrib, qoʻrqib qolishadi.

Uning gapi boshqalarga maʼqul boʻldi. Arslonni boʻynidagi zanjirni yechayotsak, Oftobxon kennoyim sezib qoldilar.

– Choʻmilishga bormay shu yerda oʻynayveringlar.

– Nega aya? – hayron boʻldi Baxtiyor.

– Xavotir boʻlaman. Tinchroq oʻtiray. Ikki kun burun taʼziringizni yeb keldingiz. Endi Javohirni ham kaltaklatmoqchimisan?

Baxtiyor uf tortib menga qaradi. Meni deb boshqa oʻrtoqlarim ham choʻmilishdan qolishlarini istamadim.

– Oʻzingiz boravering, – dedim xafa boʻlib. Buni Baxtiyor sezib yalinishga tushdi.

– Aya, mehmonni xafa qilmaslik kerak. U axir Bachqirni koʻrmagan. Rosa borgisi kelyapti-da. Xoʻp deng. Choʻmilib kelsak, hamma ishlaringizni qilib beramiz. Bu gaplardan soʻng kelinoyim sal yumshadi:

– Mayli, faqat bolalar bilan urushmanglar, – deb tayinladi. Toʻrt oʻrtoq Arslonni yetaklab yoʻlga chiqdik. Bachqir koʻprigida har safargidek yoʻltoʻsarlarga duch keldik. Qadamimizni sekinlatgan edik, Hoshim pastroq ovozda dalda berdi:

– Biz bilan urishgan bolalar shular. Toʻxtamay, yuraveringlar. Qoʻrqmanglar!

Bizning ishonganimiz Arslon edi. U koʻzidan gʻazab sochib, dahshatli irillaganida yoʻltoʻsarlar orqaga tisarildilar. Bolalardan kattarogʻi bizga qarab:

– Itingni qoʻyib yuborma! – dedi.

Bamaylixotir koʻprikdan oʻtib, keksa tol soyasida yechindik. Qiy-chuvlashib soyga shoʻngʻidik. Suv muzdakkina edi. Biz choʻmilib chiqqunimizgacha Arslon kiyimlarimizni poylab turdi. Qaytishda ovloq bir joyda taxminan yetti-sakkiztacha bola yoʻlimizni toʻsdi. Ular tayoq va toshlar bilan qurollangan, itlari ham bor. Itlaridan biri biz tomonga yugurdi, quloqlari dikkaygancha goʻyo “menikilarga tegib koʻr-chi”, deganday oldinga irgʻib chiqdi. Arslon orqa oyoqlarini yerga mahkam tirab, qarshisidan kelgan itga tashlandi. Raqibining naq kekirdagiga ogʻiz soldi. Yoʻltoʻsarlarning iti boʻshashdi. Bachqirliklar boshqa itlarini ham hujum qilishga undadilar. Itlar Arslonning boʻyni, qulogʻi va boshqa duch kelgan joyidan tishlardi. Arslon ogʻriqni sezmay, jon-jahdi bilan urishardi. Shunda bachqirliklar nomardlikka oʻtdi. Avval itga tosh yogʻdirishdi. Ketidan tayoqlarni ishga solishdi. Arslon boshi va oyogʻiga urilgan qattiq zarbalardan yerga yiqildi. Avval Hoshim, orqasidan Baxtiyor, keyin hammamiz tayoq olib, bachqirlik bolalarga tashlandik. Buni kutmagan yoʻltoʻsarlar urra qochishdi. Biz uyga Arslonni koʻtarib qaytdik. Togʻam vetvrachni chaqirgani ketdi.

Kamolxon BOBOXONOV,

Namangan viloyati Chust shahri

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.