Meni kichik Olim deyishadi
Ertaklarni, sarguzasht-fantastik asarlarni oʻqishni yaxshi koʻradigan bolalar, eshitmadim demanglar, yozuvchi Otabek QUVVATOVning yaqinda nashrdan chiqqan “Olimjonning sarguzashtlari yoxud zamon va makon oraligʻida” nomli kitobi sizga yaxshi sovgʻa boʻldi. Kitob voqealarini oʻqir ekansiz asar qahramoni Olimjon bilan ajabtovur voqealarni boshingizdan kechirasiz
Quyida ana shu asardan bir parcha eʼlon qilamiz.
Assalomu alaykum, doʻstim! Ahvollaringiz qalay? Yaxshi yuribsizmi? Keling, tanishib olaylik. Ismim – Olimjon, 6-sinfda oʻqiyman. Men olamga mashhur boʻlgan, buyuklar yurti Buxoro tomondanman. Biz tomonlarni Qiziltepa deyishadi. Bu yerdan qadimda Buyuk ipak yoʻli va koʻplab karvonlar oʻtgan. Ha, biz tomondan-chi Zarafshon daryosi oqib oʻtadi. Aytishlaricha, ana shu daryoning ostida oltin darvoza bor emish. Undan qadimiy afsonaviy shaharga kirilarmish. Lekin bu shahar haqida hech kim hech narsa deya olmaydi. Biznikiga mehmonga kelmoqchi boʻlsangiz, Buyuk Ipak yoʻlidan, katta-katta karvonlar qatnagan yoʻldan oʻtasiz. Jizzax togʻlaridagi dovondan shundoq tushganingizdan soʻng, mashinada bir soat yursangiz, goʻzal Samarqandga yetasiz, yoʻl ikkiga boʻlinadi, bir tomoni Samarqandga kiradi, bir tomoni esa Buxoroga. Esingizdami, haligi, sehrli qalpoqchasi bilan sarguzashtlar koʻrsatgan Hoshimjon bor-ku, shu bolaga juda havasim keladi-da, dunyoga nomi ketgan bola. Ha, nima deyayotgan edim, Buxoro yoʻlidan toʻgʻri yurib kelsangiz, Navoiy shahriga duch kelasiz, undan oʻtib, Qiziltepaga oʻngga burilib, yigirma daqiqa yursangiz, Zarafshon daryosiga yetasiz, koʻprikdan oʻtsangiz bas, bizning qishloq koʻrinadi. Hoshimjon bilan men yaʼni, Olimjon boshqa-boshqa viloyatdanmiz. Shunday boʻlsa ham ismlarimiz bir-biriga yaqin, oʻxshab ketadi. U Hoshimjon, men esa Olimjon. Bobom meni kelajakda katta olim boʻlsin, deb ismimni Olimjon qoʻyganlar...
Nima deyatuvdim? Ha, Buyuk Ipak yoʻlidan yurganingizda, Jizzaxning baland-baland dovonlaridan mashinada togʻning choʻqqisiga yetsangiz, shundoqqina boshingiz tepasida oppoq bulutlarni koʻrasiz. Hozir bu joylar obod boʻlib, kengayib ketgan, bobomning aytishlaricha, bir vaqtlar bu dovondan bittagina karvon zoʻrgʻa oʻta olgan. Hatto buyuk bobokalonlarimiz imom Buxoriy, imom Termiziy ham ilm izlab shu yoʻllardan oʻtgan ekanlar. Dadamning aytishlaricha, keyinroq bu joylardan mashinalar bir-biriga yoʻl berib, asta-sekin harakatlanar ekan. Buni qayerdan bilasan, deysizmi?! Chunki dadam mana shu yoʻldan katta yuk mashinasini bir necha bor minib oʻtganlar. Endi esa bu yerlardan mashina tugul, vagonlar ham bemalol oʻtadi.
Ha, aytgancha, biz tomonlarda poytaxtdan poyezd yoʻli qurildi. Qanaqa poyezd deysizmi, “Afrosiyob”. Koʻz ochib yumguncha yetib kelasiz. Bir minib koʻring, soʻzimning rostligiga ishonasiz. Endi Toshkentga shu tezyurar poyezdda boramiz. Mashinalar baland togʻlarni chumolidek aylanib oʻtguncha, poyezd ana shu qoyalarning ostidan shuvillab oʻtadi-yu, bizni poytaxtga eltadi. Qanday mazza...
Oʻzim haqimda soʻrasangiz, oʻqishga rosa qiziqaman. Kitob oʻqish, misol-masala yechish, ayniqsa kompyuterda ishlash, kichik dasturlar yaratish jon-u dilim. Men kelajakda dasturchi boʻlmoqchiman. Maqtanyapti demang-u, hammadan aʼlo oʻqiyman. Bir kuni ustozimiz murakkab matematik amalni oʻrtaga tashladilar. Boshqa aʼlochilar har qancha urinishmasin, yechimini topa olishmadi. Boshidan menga ham masala juda murakkab tuyuldi. Ammo astoydil uringan edim, masalaning aniq yechimini topdim va ustozimga koʻrsatdim. Ustozimiz hayron qoldilar, chunki masalaning javobini yangi usul bilan yechgandim.
Shundan soʻng ustozimiz qarsak chalib, meni tabrikladilar va:
Bu sinfdosh doʻstingiz kelajakda katta olim boʻladi, – dedilar.
– Ustoz, hozircha bu kichik olim-a?! – dedi partadoshim Turgʻun.
Sinfdoshlarim, hatto ustoz ham bu hazildan kulib yuborishdi. Shu-shu maktabda meni kichik olim deb ataydigan boʻlishdi.
Men esa bundan xafa boʻlmadim. Chunki amakim, olim boʻlsang, olam seniki, deydilar.
Bir kuni tushimda oʻzimga begona oʻlkalarda yuribman. Ustimga qadimgi jangchilarning sovut-u dubulgʻalarini kiyib olibmanmi-yey, jang qilyapmanmi-yey, aniq eslolmayman. Alahsirab uygʻonib ketdim. Onam tepamda turgan ekanlar.
– Shu koʻp oʻqishing sen bolaning miyangni aynitadi, – deb dadamning hayhaylashiga ham qaramay, psixiatrga, haligi asab doʻxtrlari bor-ku, oʻshalarning oldiga olib bordilar. Doktorlar har xil kompyuterlariga solib, boshimni tekshirishdi. Psixiatr esa meni savolga tutdi. Natijasi nima boʻlarkin, deb men ham qiziqib qoldim.
Doktorlar keyin meni chiqarib yuborishdi va oyim bilan alohida suhbatlashishdi. Men esa eshikning yoniga kelib, suhbatga quloq tutdim. Toʻgʻri, birovlarning suhbatiga quloq tutish beodoblik, ammo gap mening sogʻligʻim haqida ketarkan, bu qoidani chetlab oʻtsa boʻladi.
Doktor oyimga:
– Oʻgʻlingizning miyasi, ruhiy holati yoshiga nisbatan ilgarilab ketgan. Ammo bu uning ham ruhiy, ham fiziologik holatiga zarracha salbiy taʼsir koʻrsatmayapti. Oʻgʻlingizning miyasi goʻyoki oʻzini oʻzi boshqarayotgan, hali kashf etilmagan super kompyuterlarning ishlash tizimiga oʻxshaydi. Maʼlumot, axborot almashinuvi juda tez, ammo bundan toliqishni sezmaydi. Goʻyoki bu harakatlar bilan u oʻzini oʻzi yangilayotganga oʻxshaydi.
Yana bir doktor uning gapini toʻldirdi:
– Opa, oʻgʻlingizdagi bunday xususiyat tarixda yashab oʻtgan ulugʻ olimlarda boʻlgan. Tak chto, – dedi doktor ruscha aralashtirib, – xavotir boʻlmang, oʻgʻlingiz geniy boʻladi.
– Oʻqishi-chi, tinmay oʻqiydi bu bola. Axir, miyasi charchab qoladi-ku!
– Opa, bunday iqtidorli bolalarda oʻqish, bilim olishning oʻzi dam olish oʻrnini bosadi. Masalan, oʻgʻlingiz badiiy kitoblar ham oʻqiydimi?
– Ha-da, baʼzan tinmay misol masala yechadi, baʼzida esa badiiy kitob oʻqiyotgan boʻladi.
– Ana koʻrdingizmi, shunda u dam olayotgan, miyasiga badiiy asar orqali tanaffus berayotgan boʻladi. Nima boʻlganda ham, unga cheklovlar qoʻyib, bilim olishdan qaytarmang. Oʻgʻlingizda buyuk kelajak alomatlari bor...
Bu javobdan koʻnglim yorishdi. Demak, hali hammasi oldinda. Onamdan bilmagandek soʻrab qoʻydim.
– Oyi, nima deyishdi doktorlar?!
– Kamroq oʻqisin, deyishdi, – javobni qisqa qildilar onam...
Qalay, hikoya yoqdimi? Agar doʻxtirlarning gaplari qanchalik toʻgʻriligini bilmoqchi boʻlsangiz, ushbu kitobni olib oʻqing. Ham savolingizga javob topasiz, ham tariximiz toʻgʻrisida koʻp narsalarni bilib olasiz.